Uzbekistan Airways bosh ofisida havo kemalari uchuvchilariga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Aviakompaniyaning uchuvchilar maktabini muvaffaqiyatli tamomlagan yosh bitiruvchilarga ularning malakasi va Airbus A320 samolyotini amaliy o‘zlashtirishga tayyorligini tasdiqlovchi hujjatlar topshirildi.

Tadbir ishtirokchilariga "Uzbekistan Airways" AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Shavkatovich Xudaykulov tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. U o‘z murojaatida yangi avlodning yutuqlari ortida O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining boshida turgan, yangi turdagi havo kemalarini o‘zlashtirgan va soha rivojiga katta hissa qo‘shgan faxriylar va amaldagi uchuvchilarning boy merosi borligini alohida qayd qildi.

"Aviakompaniyamiz uchuvchilari – o‘tmishda ham, bugungi kunda ham – butun dunyoda hurmatga sazovor. Bu yuksak marra saqlanib qolmoqda va siz uning munosib davomchisisiz. Va men bugungi kunda ham o‘zining bebaho tajribasini yosh avlodga o‘rgatayotgan mutaxassislarimiz bilan faxrlanaman," – deb ta’kidladi AJ Boshqaruv raisi.

Boshqaruv raisining parvoz ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Shaxzod Ilyasovich Ikramov o‘z nutqida uchuvchilar maktabi faol rivojlanishda davom etayotganini, bugungi kunga qadar 15 nafar kursant o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, uchuvchi sertifikatini olgani, yana 37 nafari tayyorgarlikdan o‘tayotganini aytib oʻtdi. Kelgusida har yili kamida 50 nafar kursantni qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. U yangi avlod yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun O‘MM o‘qituvchilari va murabbiylariga minnatdorchilik bildirdi.

Parvoz tayyorgarligi bo‘yicha O‘MM direktori o‘rinbosari Erkin G‘ulomov ham nutq so‘zlab, parvoz tayyorgarligi sifatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan katta sa’y-harakatlar haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, 2017-yilgacha O‘zbekistonda uchuvchilarni mamlakat ichida o‘qitish tizimi mavjud bo‘lmagan va faqat O‘MM bazasida uchuvchilar maktabi ochilishi bilan yosh uchuvchilarni milliy darajada o‘qitish va sertifikatlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

"Bu ishlar davom ettiriladi. Kelajakda biz nafaqat aviakompaniyamiz, balki O‘zbekistonning boshqa aviatashuvchilari uchun ham uchuvchilarni tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz. Bu kuchli milliy aviatsiya maktabini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam," – dedi u.

Ayniqsa, Boshqaruv raisi tomonidan sertifikat topshirilgan bitiruvchilardan birining nutqi ta’sirli bo‘ldi. U o‘qituvchilarga, aviakompaniya va mamlakat rahbariyatiga O‘zbekistonda ilgari mavjud bo‘lmagan imkoniyat uchun minnatdorchilik bildirdi.

Uchuvchilar maktabini tashkil etish mamlakat rahbariyatining keng qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori tufayli amalga oshirildi va bu qadam mahalliy fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Bugungi marosim aviatsiyada kadrlar salohiyatini rivojlantirish kursi real va ta’sirchan natijalar berayotganining tasdig‘idir.