Bugun, 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka va ularning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash kunida “Uzbekistan Airways” AJ bosh ofisida aviakompaniya xodimlari uchun ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv qaramlikning oldini olish, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga bag‘ishlandi.

Jamoa oldida taklif etilgan ekspertlar sifatida Toshkent aviatsiya transport prokuraturasi prokurori Sh. Mamadjanov va Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Narkologiya xizmati bo‘yicha Toshkent shahar filiali shifokor-narkologi M. Muminova nutq so‘zlashdi. Mutaxassislar muammoning tibbiy va huquqiy jihatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.


Ta’kidlash joizki, bunday ma’rifiy tashabbuslar nafaqat bosh ofisni, balki “Uzbekistan Airways” AJ tarkibiga kiruvchi barcha korxonalarni ham qamrab oldi. Ularda ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari ishtirokida davra suhbatlari va ma’ruzalar tashkil etildi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida ishtirokchilarga giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishning ayanchli oqibatlarini yaqqol namoyish etuvchi hamda qonunchilikda ushbu sohadagi jinoyatlar uchun ko‘zda tutilgan qat’iy javobgarlikni tushuntirib beruvchi qisqa metrajli ijtimoiy videorolik namoyish etildi.
Barcha yangiliklar