Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Uzbekistan Airways: 30 yil xavfsiz va ishonchli parvozlar

2022 10 Sentabr
416
Ulashing

Oʻzbekiston Mustaqillikka erishganidan soʻng barcha sohalarda katta oʻzgarishlar boʻlishi tasdigʻini topib ulgurgan edi. Mamlakatimizni qoʻshni davtlatlar bilan, shuningdek, Yevropa, Osiyo va dunyoning boshqa davlatlari bilan yanada mustahkamlashga va doʻstona aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladigan transport sohasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratdi.

1992-yilning 28-yanvar kuni mamlakatimiz tarixida oʻziga xos ahamiyatga ega. Yaʼni ushbu sanada  “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy  aviakompaniyasi tashkil etildi. Aytish joizki, aviakompaniyamiz  oʻtgan oʻttiz yil davomida minglab parvozlarni amalgi oshirib, millionlab yoʻlovchilarni oʻz manziliga yetkazib qoʻydi. Bunda kompaniyada amalga oshirilgan loyiha va modernizatsiyalash tadbirlarining ahamiyati katta boʻldi, albatta. Soʻnggi uch yilda sohada katta oʻzgarishlar roʻy berdiki, bu yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilab, parvozlar geografiyasini kengaytirishda, infratuzilmalarni zamonaviylashtirishda qoʻl keldi. Aytaylik, 2019-yilning oktabr oyida “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil boʻlgan ikkita – “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ kompaniyalariga ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi nishonlanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi 5100-sonli Qaroriga muvofiq, «Uzbekistan Airways» aviatashuvlarning gibrid modeliga o‘tdi. “Uzbekistan Express” deb nomlangan yangi formatdagi loukost aviatashuvlar mana bir yildirki respublikamizning deyarli barcha hududlaridan muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda. Buning uchun hozircha 5 ta Airbus 320 havo kemasi to‘liq ekonom, yani biznes-klass toifasisiz parvozlarni amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida yaqin fursatlarda yana 4 ta, jami 9 ta “to‘liq ekonom” havo kemalari aviqatnovlari yo‘lqa qo‘yiladi.

2021-yilning noyabr oyidan boshlab Uzbekistan Airways va Amadeus axborot texnologiyalari sohasida strategik hamkorlikni boshladi va aviakompaniya Amadeus Altea platformasiga oʻtishni muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Bugungi kunga kelib aviakompaniya besh yillik strategiya asosida har yili kamida ikki-uchta yangi yo‘nalish ochish rejalashtirilgan. Misol uchun, parvozlarni osonlashtirish maqsadida joriy yilning 30-yanvaridan boshlab Namangandan Rossiya Federatsiyasining qator shaharlariga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha “Sharqiy xab” deb nomlandi. Endilikda Farg‘ona vodiysi aholisi Namangan xalqaro aeroportidan Moskva, Samara, Perm, Omsk, Irkutsk, Yekaterinburg va Ufaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarda yetib borish imkoniga ega bo‘ldi. Binobarin, loyihadan koʻzlangan maqsad aholiga yetarli shart-sharoit yaratish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishdir. 

Bugungi kunda “Uzbekistan Airways” AJning ish yuritish va biznes jarayonlari takomillashtirilmoqda. Aviakompaniya tomonidan bugun mahalliy va xalqaro yoʻnalishlardagi parvozlar sonini hududiy aeroportlardan foydalangan holda koʻpaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Birgina 2021-yilning oʻzida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Qozogʻiston Respublikasiga Samarqand – Olmaota, Urganch – Oqtov, Nukus – Oqtov, Nukus – Oqtoʻba yoʻnalishlarida, Turkiya davlatiga esa Urganch – Istanbul, Fargʻona – Istanbul yoʻnalishlarida muntazam aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Shu yilning oʻzida Buxoro – Istanbul, Toshkent – Batumi, Toshkent – Sharm el-Sheyx yoʻnalishlari boʻylab qatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 19-avgustidan boshlab Urganch – Milan – Toshkent yoʻnalishida yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, aviakompaniya yoʻlovchilar uzoq kutayotgan Malayziya, Tailand, Bangkok kabi shaharlarga parvozlarni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib bormoqda.

Shuningdek, oʻtgan yilning may oyida navbatdagi — oltinchi “Boeing 787 Dreamliner” havo kemasi qabul qilib olingan boʻlsa, keyingi oyda “Uzbekistan Helicopters” MJCH bilan hamkorlikda “AIRBUS H-125” va “MI-8MTV” vertolyotlari taqdimoti oʻtkazildi.

Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Oʻzbekistonda biznes aviatsiyasiga qadam qoʻyilganini maʼlum qildi.  Aviakompaniya shaxsiy “Pilatus PC-24” havo kemasidan foydalanishni boshladi. Bular avikompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi, xolos. Binobarin, tizimida koʻrilayotgan choralar koʻlami juda keng. Shunga yarasha kompaniyaning imkoniyatlari ham oshib bormoqda. Muhimi, soha mutasaddiyu, mutaxassislari bu bilan cheklanib qolayotganlari yoʻq. Yangi-yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surishmoqda.  Shulardan eng asosiylaridan biri – bu pandemiya sharoitida kelib chiqqan masalalarni hal etishga qaratilgani aniq. Negaki, global pandemiya boshqa sohalar qatorida transport sohasiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Katta-katta shaharlar, aeroportlar yopib qoʻyildi. Bu, tabiiyki, samolyotlar parvoziga, demakki ish jarayoniga xalaqit qildi. Shu bois ayni paytda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi jamoasi pandemiya oqibatlarini yumshatishga harakat qilmoqda.

Shu yilning oʻzida bir qator loyihalar tashkil etildi. Ulardan “Ilk parvozim” ijtimoiy loyihasi. Bu loyiha “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarni bir kun davomida hayot tashvishlaridan xoli boʻlgan holda sayohat qilish imkoniyatini yaratish etib belgilangan. Mart oyidan boshlangan loyihada Toshkent, Sirdaryo, Namangan viloyati ayollariga mamlakatimizning mashhur shaharlari, ularning ziyoratgohlari boʻylab sayohatlar tashkil etildi. Xiva, Buxoro, Termiz va Toshkent shaharlarida boʻlib oʻtgan sayohat bilan birga munis ayollar oʻz orzularini – havo kemasida parvoz qilish imkoniyatini amalga oshirishdi.

Transformatsiya jarayonidagi katta o‘zgarishlardan biri bu – kompaniya aviaparkini unifikatsiyalash hisoblanadi. Uzbekistan Airways joriy yilning 14-fevral kuni ilk Airbus A321LR havo kemasini qabul qilib oldi. Keyin esa ketma-ket 2 va 3-chi shu turdagi havo kemalari kelib qo‘shildi. Bu esa aviakompaniya faoliyatini rivojlantirishga boʻlgan navbatdagi qadam boʻldi.

– So‘nggi yillar shuni ko‘rsatdiki, transport tizimining rivojlanishi va transformatsiya jarayoni bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi desam, xato bo‘lmaydi. Aviakompaniya to‘liq transformatsiya jarayonida, buni keyingi ikki yilda katta o‘zgarishlardan ham bilib olish mumkin. Amadeus tizimiga o‘tish hamda yirik Airbus kompaniyasi bilan yangi havo kemalari yetkazib berish bo‘yicha imzolangan kelishuv – bu barchasi yo‘lovchilarga yaratilayotgan qulayliklar deb bilaman, – Ilhom Mahkamov, “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi.

Darhaqiqat, yo‘lovchilarga sifatli va qulay sharoitlar yatarib berish ustida ishlayotgan kompaniya vakillari yana bir qator xizmatlarni ishga tushirdi. Aviachiptalarni rasmiy sayt va mobil ilovadan xarid qilish, aviachiptani qayta rasmiylashtirish xizmati, maxsus taomga buyurtma berish – bularning barchasi yo‘lovchilar onlayn tarzda amalga oshiradigan xizmatlar toifasiga kiradi.

Ilgari Uzbekistan Airways o‘z qadriyatlarini jamoatchilik oldida qo‘llab-quvvatlovchi hamda to‘g‘ri namoyon etuvchi san’atkor bilan hamkorlik olib bormagan. So‘nggi yillarda aviatsiya sohasida ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ldi va mamlakatning asosiy aviatashuvchisi yangi rivojlanish yo‘lini tanladi.

Aviakompaniya faoliyatining barcha jabhalarida o‘zgarishlar kuzatilmoqda, va nihoyat aviakompaniya yuzi tanlandi, endi u – mashhur xonanda Sevara Nazarxon. Aviakompaniya vakillari Sevaraning ijodini yaqindan tanishadi, hurmat qilishadi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Sevara nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham tanilgan.

Aviakompaniya Sevara Nazarxon va uning ijodiy jamoasi ushbu hamkorlik doirasida aviatashuvchi xizmatlari haqida jamoatchilikni xabardor qilishiga, yangi ochiqlik siyosati hamda kutilayotgan o‘zgarishlar borasida yo‘lovchilarga uzluksiz ma’lumot yetkazishiga ishonadi.

Ushbu yilning yana bir yangiligi bu yozgi amaliyot dasturi bo‘ldi. Mamlakatimizning qator oliy o‘quv yurtlarining talabalari ikki oy davomida aviakompaniya hayoti va unda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishishdi. Uzbekistan Airways har doim yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor hamda ularning intilishi va shijoati yurtimiz, hamda kompaniya ish faoliyatida katta yordam berishiga ishonadi.

Har yili asosiy milliy bayram – O‘zbekiston Mustaqilligi kuni arafasida aviatsiya xodimlari, turli sohalarning boshqa vakillari singari, mamlakatimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlanadilar. Rag‘batlantirilganlar orasida har kuni Mustaqil O‘zbekistonning rivojlanishi uchun mehnat qilayotgan uchuvchilar, muhandislar va soha vakillari ham bor.

Uzbekistan Airways jamoasi yurtdoshlarimizga sihat-salomatlik, har bir xonadonga fayzu baraka, tinchlik-totuvlik va farovonlik tilaydi. Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

PDF-ni yuklab oling