Ishonch telefoni faoliyati doirasida murojaat etuvchining va tashkilotning huquq hamda majburiyatlari
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, davlat organlari, tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari
Murojaatlar davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
- murojaatni ko‘rib chiqish jarayoni haqida axborot olish;
- o‘z vajlarini shaxsan bayon etish va tushuntirishlar berish;
- murojaatni tekshirish materiallari va uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish;
- qo‘shimcha materiallarni taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan talab qilib olish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish;
- advokat yordamidan foydalanish;
- murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish yoxud murojaatga berilgan javobni tushuntirish va (yoki) uni tuzatish to‘g‘risida iltimosnoma kiritish;
- murojaat bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar, uni ko‘rib chiqishdan oldin yoki ko‘rib chiqish jarayonida yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali o‘z murojaatini qaytarib olish;
- murojaatni qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish.
Jismoniy va yuridik shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagi huquqlarga ega:
- murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
- murojaatni murojaat etuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoni bo‘lmaganda yoki uni eshitish zarur bo‘lganda murojaat etuvchini yoki boshqa shaxsni chaqirish;
- bila turib yolg‘on ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan murojaatni tekshirish bilan bog‘liq xarajatlarni undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilish.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari quyidagilarga majbur:
- murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish;
- murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlash, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bo‘lmasa, shuningdek ular jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa;
- murojaat ko‘rib chiqilgandan so‘ng uning natijalari va qabul qilingan qaror haqida murojaat etuvchiga yozma yoki elektron shaklda zudlik bilan xabar berish, ommaviy qabullar vaqtida kelib tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlar bundan mustasno;
- jismoniy yoki yuridik shaxs qabul qilingan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, murojaat bo‘yicha qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilish tartibini tushuntirish;
- murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilish;
- noqonuniy harakatlar (harakatsizlik)ni bartaraf etish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab bo‘luvchi omillar va shart-sharoitlarni aniqlash;
- jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini hamda yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini murojaat qilganligi munosabati bilan ta’qib qilishga belgilangan tartibda chek qo‘yish;
- jismoniy yoki yuridik shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida yetkazilgan moddiy zararni qonunda belgilangan tartibda qoplash yoki ma’naviy zararni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rish.
Davlat organlari murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarini o‘qitadi va kamida uch yilda bir marta ularning malakasini oshiradi.
Murojaatlar bilan ishlovchi davlat organlari xodimlariga qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularni o‘qitish va malakasini oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.