15-may, Toshkent, O‘zbekiston — Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi o‘zining xalqaro parvozlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygani va Etihad Airways aviakompaniyasi bilan strategik kod-sher (codeshare) kelishuvi imzolanganini e’lon qiladi. Ushbu hamkorlik Uzbekistan Airways yo‘lovchilari uchun mutlaqo yangi yo‘nalish – Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu-Dabi shahriga parvoz qilish imkoniyatini yaratadi. Toshkent – Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha milliy aviakompaniyaning HY kodi ostidagi qatnovlarga aviachiptalar savdosi 2026-yil 25-maydan boshlanadi, birinchi qo‘shma parvozlarni amalga oshirish esa 2026-yil 9-avgustdan yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yilning 15-mayidan rasman kuchga kiradigan ushbu kelishuv sharofati bilan Uzbekistan Airways Yaqin Sharq bozoridagi o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Endilikda yo‘lovchilar yagona aviachiptani bevosita milliy tashuvchidan xarid qilgan holda, Abu-Dabiga o‘z sayohatlarini rejalashtirishlari mumkin. O‘z navbatida, Etihad Airways mehmonlari Toshkent orqali O‘zbekistonning sakkizta ichki yo‘nalishiga: Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Termiz, Farg‘ona, Namangan va Andijonga qulay ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hamkorlik, shuningdek, UzAirPlus va Etihad Guest sodiqlik dasturlarini integratsiya qilishni ham ko‘zda tutadi. Bu har ikkala aviakompaniyaning tez-tez parvoz qiluvchi yo‘lovchilariga ballarni to‘plash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, parvozlarni yanada manfaatli bo‘lishini ta’minlaydi. Abu-Dabiga qatnovlarning ochilishi Uzbekistan Airways’ning Dubayga amalga oshirilayotgan amaldagi har kungi qatnovlariga muhim qo‘shimcha bo‘lib, yo‘lovchilarga BAAga sayohatlarni rejalashtirishda yanada ko‘proq moslashuvchanlik va qulaylikni taklif etadi.
O‘zbekiston Ipak yo‘lidagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida jadal o‘sishni namoyish etishda davom etmoqda. Yangi hamkorlik mamlakatimiz fuqarolari uchun nafaqat dunyo eshiklarini ochib beradi, balki Samarqand, Xiva va Buxoroning boy madaniy merosini butun dunyo sayyohlari uchun yanada yaqinlashtiradi.
– «Etihad Airways bilan hamkorlik xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘imizni rejali ravishda kengaytirishda yangi sahifani ochib beradi. Ushbu kod-sher kelishuvi tufayli Uzbekistan Airways yo‘lovchilari biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan Toshkent – Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishiga aviachiptalarni bevosita milliy aviakompaniyadan xarid qilishlari mumkin. Yangi yo‘nalish Toshkentdan Dubayga amalga oshirilayotgan muntazam har kungi qatnovlarimizga muhim qo‘shimcha bo‘ladi. Ushbu hamkorlik ikkita kuchli aviatashuvchining yuqori xizmat ko‘rsatish standartlari, ishonchliligi va samimiy mehmondo‘stligini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Biz ushbu kelishuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sayyohlik, madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga kuchli turtki beradigan mustahkam havo ko‘prigi yaratilishini ko‘rmoqdamiz», — deya ta’kidladi Shuxrat Yadgarov, Uzbekistan Airways AJ Boshqaruv raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari.
Etihad Airways’ning tijorat bo‘yicha direktori Arik De (Arik De) ham hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi: «O‘zbekiston — bugungi kunda bizning yo‘nalishlar tarmog‘imizdagi eng qiziqarli bozorlardan biri. Ushbu kelishuv mehmonlarimizga ular so‘ragan narsani: bizning go‘zal uyimiz — Abu-Dabiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar bilan birgalikda yagona chipta orqali O‘zbekistonning sakkizta shahriga qulay ulanish imkoniyatini beradi. Uzbekistan Airways timsolida biz kuchli hamkorga ega bo‘ldik va aloqalarimiz rivojlanishini intiqlik bilan kutmoqdamiz».
2026-yil 25-maydan boshlab yangi qatnovlar uchun aviachiptalarni www.uzairways.com rasmiy saytida, mobil ilovada, shuningdek, Uzbekistan Airways Sales filialida va aviakompaniya agentlaridan band qilish mumkin bo‘ladi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi haqida
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Markaziy Osiyoning eng yirik aviatashuvchisi hisoblanadi. Toshkent shahrida joylashgan aviakompaniya Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadagi 100 dan ortiq yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshiradi. Uzbekistan Airways zamonaviy Airbus va Boeing samolyotlari, jumladan, innovatsion Boeing 787 Dreamliner havo kemalari parkidan foydalangan holda, safaringizning har bir bosqichida yuksak xavfsizlik standartlari va afsonaviy o‘zbek mehmondo‘stligini ta’minlaydi.
Etihad Airways aviakompaniyasi haqida
2003-yilda tashkil etilgan BAAning Etihad Airways milliy aviakompaniyasi jahonning yetakchi aviakompaniyalaridan biri hisoblanadi. Etihad Abu-Dabidan butun dunyo bo‘ylab yuzlab manzillarga parvozlarni amalga oshiradi. So‘nggi yillarda kompaniya xizmat ko‘rsatish darajasi, innovatsion mahsulotlari va sodiqlik dasturi uchun ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Batafsil ma’lumot www.etihad.com saytida mavjud.
Barcha yangiliklar