2025-yil 15-may kuni Moskva shahrida Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi ko‘magida, “Markaziy Osiyo – Uzbekistan Airways qanotlarida” nomli Birinchi yillik forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi turizm sohasi vakillarini birlashtirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va turistik oqimlarni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Forum tashabbuskori sifatida Uzbekistan Airways xalqaro aviaparvozlar va turizm sohasidagi o‘z strategik qarashlarini, yo‘nalishlarni kengaytirish rejalarini, yangi yo‘nalishlar, reyslar soni va Toshkentdagi zamonaviy aviahub orqali taklif etilayotgan xizmatlarni taqdim etdi.


Tadbirning rasmiy ochilishida Uzbekistan Airways Boshqaruvi Raisining o‘rinbosari Shuxrat Shavkatovich Yadgarov kompaniya rahbari Shuxrat Shavkatovich Xudayqulov nomidan tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, forumda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Zokirovich Asadov ham so‘zga chiqdi.
Forum dasturi doirasida Uzbekistan Airways aviakompaniyasining rasmiy video roligi namoyish etildi. Unda butun O‘zbekistonning turistik salohiyati yoritildi. Shuningdek, madaniy meros, rivojlanayotgan infratuzilma va Rossiya–O‘zbekiston turizm hamkorligi istiqbollari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Aviakompaniya alohida sessiya doirasida “The Wings of Central Asia” nomli taqdimotni taqdim etdi. Unda yo‘lovchi xizmatlarini rivojlantirish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va Uzbekistan Airways’ning Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasidagi havo aloqasini ta’minlashdagi strategik roli haqida so‘z bordi. Toshkent orqali tranzit imkoniyatlarini mustahkamlash va 2025-yilgi yangi yo‘nalishlar rejalari ham e’lon qilindi.


Forum ishtirokchilari qatorida ikki mamlakatning yirik turoperatorlari, agentliklar va assotsiatsiyalar rahbarlari bo‘ldi. B2B formatdagi uchrashuvlar davomida sayyohlar oqimini oshirish, qo‘shma turistik mahsulotlar ishlab chiqish va avia yechimlarni bozordagi ehtiyojlarga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlarni boy dastur kutdi: taqdimotlar, biznes-muloqot, norasmiy uchrashuvlar, o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rish, musiqiy chiqishlar va esdalik sovg‘alari o‘yinlari. Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasining boy madaniy rang-barangligini aks ettiruvchi maxsus dastur namoyish etildi.
Uzbekistan Airways xalqaro maydonda O‘zbekistonning turistik va aviatsion salohiyatini ilgari surish borasidagi faol harakatlarini davom ettirmoqda. Ushbu forum esa kompaniyaning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyoda turizmni kuchaytirish bo‘yicha strategik yo‘nalishini yana bir bor tasdiqlaydi.