Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Uzbekistan Airways beshinchi Airbus 321neo LR havo kemasini kutib oldi

2022 23 Dekabr
303
Ulashing

23-dekabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi beshinchi Airbus 321neo havo kemasini Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining mahalliy aviayoʻnalishlar terminalida kutib oldi. Yangi havo kemasi an’anaga binoan suv arkasi bilan kutib olindi.

Yangi havo kemasini Transport vazirligi vakillari, aviakompaniya xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, aviaspotterchilar qarshi olishdi.

UK32104 roʻyxatga olish raqamini olgan, Airbus zavodlaridan biri joylashgan Gamburg (Germaniya) shahridan parvoz qilgan havo kemasi Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminaliga kelib qo‘ndi. Airbus 321neo havo kemasi Uzbekistan Airways ekipaji Rustam Turdiboyev va Denis Solodovnikov boshqaruvida olib kelindi.

Yangi havo transporti ilk marotaba 20-dekabr kuni Gamburg shahrida sinov parvozini amalga oshirdi. 22-dekabr kuni esa havo kemasini Toshkentga parvoz uchun tayyorlash ishlari boshlangan edi.

Uzbekistan Airways A321neo havo kemasidan Seul, Riga, Kuala-Lumpur, London, Frankfurt kabi uzoq masofali yo‘nalishlarda foydalanadi. Samolyot 188 yoʻlovchiga moslashtirilgan bo‘lib shulardan 12 tasi biznes 176 tasi ekonom klass uchun mo‘ljallangan.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2022-yilni yana bir yutuq – o‘z parkini yangi samolyotlar bilan to‘ldirish bilan yakunlamoqda. Joriy yilda aviakompaniya “Xavfsizlik. Barqarorlik. Qulaylik” shioriga asosan beshinchi Airbus havo kemasini qabul qilib oldi. Parvozlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga ko‘proq aviaqatnovlarni amalga oshirish, boshqa davlatlar bilan havo aloqalarini tiklash va yangi yo‘nalishlarni ochish imkonini taqdim etadi. Bundan tashqari, yangi havo kemasi Uzbekistan Airways’ning xalqaro maydondagi «eng ishonchli aviatashuvchilardan biri» maqomini mustahkamlashga yordam beradi, – Ilhom Mahkamov, “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi.

Yangi havo kemalarini xarid qilish yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va yo‘lovchilarni tashish hajmini oshirishga yordam beradi. Aviakompaniya havo kemalari parkini unifikatsiyalash “Uzbekistan Airways” AJ da transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilab berilgan. Uzbekistan Airways A321neo havo kemalari yordamida Yevropa va Osiyo mamlakatlariga avvalgi mashhur boʻlgan yoʻnalishlarni qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Bunda Uzbekistan Airways aviaparkini yangi A321neo samolyotlari bilan to‘ldirilish yordam beradi.

“Biz uzoq yillik hamkorimiz Uzbekistan Airways’ni yana bir A321LR havo kemasi yetkazib berilgani va Airbus samolyotlar parkining yanada kengaygani bilan tabriklaymiz. Ishonchimiz komilki, ushbu zamonaviy, samarali va qulay havo kemalari Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga o‘zining maksimal afzalliklarini taqdim etadi, A321LR parvoz yo‘nalishining ortishi esa aviakompaniyaga o‘z yo‘nalishlar tarmog‘ini faol rivojlantirish imkonini yaratadi. Kelajakda ham Uzbekistan Airways bilan hamkorlikni davom ettirish va mustahkamlash niyatidamiz”- Kimon Sotiropulos, Airbusning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti

Tadbir ishtirokchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari yangi havo transporti va uning texnik xususiyatlari, tuzilishi bilan yaqindan tanishdilar.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14-fevral, 7 va 25-mart, 17-dekabr kunlari Uzbekistan Airways A321neo havo kemalarini qabul qilib olgan edi. Bugun esa Uzbekistan Airways va Airbus kompaniyalari o‘rtasidagi tuzilgan shartnomaga muvofiq bu yil uchun so‘nggi, ya’ni, beshinchi Airbus 321neo havo kemasi tantanali tarzda qabul qilib olindi. Qolaversa aviakompaniya 2022-yilda 4 million yo‘lovchini o’z manziliga yetkazib yana bir yutuqqa erishdi. Yangi Airbus 321neo havo kemalari bilan esa aviakompaniya bu ko‘rsatkichlarni oshirishga umid qiladi.

PDF-ni yuklab oling