Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Pasportsiz aviachipta xarid qilish mumkinmi?

2023 3 Oktabr
1486
Ulashing

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati majlisida ayrim kassalarda aviachiptalarni rasmiylashtirishda yo‘lovchi pasportining asl nusxasini taqdim etish talablari yuzasidan aholi tomonidan shikoyat qilingan holatlar e’lon qilindi.

“Uzbekistan Airways” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi: aviakompaniya reyslariga yo‘lovchi aviatashuvlarini sotishni tartibga soluvchi amaldagi normativ hujjatlarda (qoidalar va yo‘riqnomalar) aviakassirlardan yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar mavjud emas. “Uzbekistan Airways Sales” filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalarning asl nusxalari asosida ham, ularning fotonusxalari asosida ham amalga oshiriladi. Bundan tashqari, aviakompaniya rasmiy internet-sayti va mobil ilovasi orqali aviachiptalarni sotishni faol rivojlantirmoqda, bunda yo‘lovchilarning ma’lumotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviachipta rasmiylashtirayotgan shaxs tomonidan tizimga kiritiladigan. Shuni ta’kidlash kerakki, barcha belgilangan ma’lumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatga qat’iy muvofiq ravishda bron qilish tizimiga xatosiz kiritilishi kerak. Kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun tashuvga to‘lovni amalga oshirayotgan shaxs javobgar bo‘ladi, chunki ushbu shartga rioya qilmasdan aviachipta sotib olish imkonsiz bo‘ladi.

“Uzbekistan Airways” AJ BMT Xavfsizlik Kengashining 2178-sonli (2014-yildan) Rezolutsiyasining 9-bandi talablariga muvofiq, API tizimi orqali belgilangan manzillarga boradigan yo‘lovchilarning asosiy ma’lumotlarini uzatish bo‘yicha BMTning maxsus tuzilmalari qaroriga amal qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hamda aviakompaniyaning qatnovlari bajariladigan mamlakatlarning huquqiy maydoniga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Ushbu xalqaro reglamentga asoslanib, yo‘lovchilarning belgilangan ma’lumotlari aviachiptalarni sotishda bron qilish tizimiga kiritilishi kerak. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilgan uzoq xorij mamlakatlariga aviachiptalarni sotishda yo‘lovchiga hamda aviakompaniyaga jarima sanksiyalari qo‘llanmasligi uchun “Uzbekistan Airways Sales” filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi.

Ta’kidlash joizki, aviakompaniya yo‘lovchilarimiz jo‘nab ketish va yetib kelish aeroportlarida muammolarga duch kelmasliklari uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Chipta va pasport ma’lumotlaridagi har qanday noaniqliklar va nomuvofiqliklar jarimalarga yoki kirish uchun asos yo‘qligi sababli yo‘lovchini jo‘nash mamlakatiga qaytarib yuborishga olib kelishi mumkin. Shu sababli, aviachiptalarni kassir tomonidan rasmiylashtirishda yoki onlayn rasmiylashtirishda mijoz tomonidan yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari va borish mamlakatining amaldagi vizalari to‘g‘ri kiritilishi juda muhimdir.

Shuningdek, yo‘lovchini qatnovga ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi aeroportlari yer usti xizmat ko‘rsatish xizmatlarining ro‘yxatga olish agentlari tomonidan bevosita pasportning asl nusxasidan tizimga qayta kiritiladi.

Yuzaga kelgan savollar va tushunmovchiliklarni inobatga olgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasida va undan tashqarida aviachiptalarni sotish bo‘yicha barcha agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo‘lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qligi to‘g‘risida navbatdagi eslatma yuborildi.

“Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchilarga qulay aviatashuvlarni ta’minlash, shu jumladan, yo‘lovchilargning  tanlovi bo‘yicha aviachiptalarni turli tarmoqlar (o‘z aviakassalari, agent aviakassalari, internet va mobil ilova) orqali sotib olish imkoniyatini taqdim etish yuzasidan muntazam ish olib boradi. “Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati yo‘lovchilar va  yaqinlarining aviachiptalar sotishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqidagi fikr-mulohazalariga e’tibor qaratgani va umuman O‘zbekistonda yo‘lovchi havo transportini rivojlantirishdagi ko‘magi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga chuqur hurmat va minnatdorchilik bildiradi.

PDF-ni yuklab oling