Rossiyaning bir qator "sariq" matbuot nashrlarida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ekipaji Samarqand – Moskva (Vnukovo) yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirishda belgilangan balandlikni saqlash qoidalarini buzgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar e’lon qilindi. Ushbu ma’lumotlar O‘zbekistonning ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan tegishli tekshiruvlarsiz qayta chop etilgan, natijada o‘quvchilarda vaziyat haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllangan.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi quyidagilarni rasman ma’lum qiladi:
- Moskva aerouzeli hududida parvozni amalga oshirish chog‘ida Uzbekistan Airways havo kemasi ekipaji havo harakatini boshqarish xizmati dispetcherining ko‘rsatmalariga qat’iy amal qildi.
- Barcha eshelonlar belgilangan qoida va tartib-taomillarga muvofiq ta’minlandi, havo kemalari orasidagi zarur intervallar saqlab qolindi.
- Parvoz ba’zi manbalar noto‘g‘ri ko‘rsatganidek, 2025-yil 29-sentabr kuni emas, 2025-yil 28-sentabrda amalga oshirilgan.
- Havo kemalarining yaqinlashayotgani haqida ogohlantirish tizimi ishga tushmadi.
- Moskva aerouzeli dispetcherlik xizmati tomonidan ekipajga nisbatan hech qanday e’tiroz yoki shikoyat bildirilmagan.
Uzbekistan Airways parvozlar xavfsizligi bizning so‘zsiz ustuvor vazifamiz ekanligini va kompaniya ekipajlari barcha xalqaro aviatsiya me’yorlari va havo harakatini boshqarish organlarining ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishini ta’kidlaydi.