Bugun Uzbekistan Airways AJ bosh ofisida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Aviakompaniya rahbariyatining yosh mutaxassislar bilan uchrashuvi iliq, samimiy va ilhomlantiruvchi muhitda o‘tdi.
Ochiq muloqotda Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov, O‘zbekiston Qahramoni Zarxo‘ja Saidazimov va O‘zbekiston aviatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Alisher Mullabekov ishtirok etdilar. Uchrashuvning asosiy maqsadi: bugungi kunda yoshlar uchun porloq start va ishonchli martaba o‘sishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligini ta’kidlashdan iborat edi. Rahbariyat tarmoq rivoji uchun har bir dadil g‘oya muhimligi va har bir yosh xodimning fikri eshitilishini alohida ta’kidladi.


“Fuqarolik aviatsiyasiga ulkan e’tibor qaratilmoqda: yangi samolyotlar, zamonaviy aerovokzallar, keng ko‘lamli ta’lim. Har bir daqiqani qadrlang, ustozlardan bilimlarni o‘rganing. Buning uchun sizda hamma narsa bor!” – dedi Shuxrat Xudaykulov yoshlarga o‘zining ezgu tilaklarini bildirib.


Suhbatda korrupsiyaga qarshi kurashish va shaffoflik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korrupsiya jamiyat rivojlanishiga g‘ov ekanligi ta’kidlandi. Aviatorlarning yangi avlodi o‘z kasbiy hayotini faqat halollik tamoyillari asosida qurishi hamda bunday salbiy hodisalarda ishtirok etish fikriga ham yo‘l qo‘ymasligi shart.
Zarxo‘ja Saidazimov o‘zining boy kasbiy tajribasi va hikmati bilan o‘rtoqlashdi:
“Hozir sizlarga havas qilaman. Rostini aytsam, biz o‘qiganimizda hamma narsa bunchalik oson emas edi. Bugungi kunda qarorlar juda tez qabul qilinmoqda. Ilgari uchuvchilar yillar davomida bir samolyotda parvoz qilgan, shundan keyingina ularga boshqa turdagi samolyotga o‘tishga ruxsat berilgan. Bortkuzatuvchilar bilan ham xuddi shunday – havo kemasi bortida ish boshlashdan oldin ular oylab, hatto yillab stajirovka o‘tashgan. Men nima demoqchiman: shunchaki bularning barchasini qadrlang. O‘qing, rivojlaning, mehnatingizni, yaqinlaringiz va hamkasblaringizni hurmat qiling. O‘zbekistonimiz nomini ko‘tarib yurganingizni unutmang. Sog‘-salomat bo‘ling!”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29-iyundagi “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni tilga olingani alohida g‘urur-iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi. “Uzbekistan Airways” xodimi, Parvozlar xizmati departamenti A321 havo kemasi uchuvchisi Firuzjon Safolov yuksak mukofotga sazovor bo‘ldi. U maqsad sari intiluvchan, tashabbuskor va doimiy rivojlanib boruvchi mutaxassisning yorqin namunasidir.
Uchrashuv “O‘zbekiston uchun orzu laynerlari” motivatsion filmining namoyishi bilan boyitildi, tadbirning yoqimli yakuni sifatida esa jamoamizning eng tashabbuskor yosh xodimlari tantanali ravishda taqdirlandilar.



Kompaniya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun quyidagilar rag‘batlantirildi:
• Tamanno Qoriyeva – Bortkuzatuvchilar xizmati bortkuzatuvchisi;
• Abdulaziz Mavlyanov – Strategik menejment va investitsiya loyihalari departamenti investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i;
• Iskandar Mirzaahmedov – “Uzbekistan Airways Technics” MChJ Asosiy ishlab chiqarish boshqarmasi liniyali xizmat ko‘rsatish sexining aviatsiya va radioelektron uskunalar bo‘yicha aviatsiya texnigi.
Siz bilan chin dildan faxrlanamiz! Siz – bizning energiyamiz, harakatlantiruvchi kuchimiz va ertangi kunimizsiz. Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Barcha yangiliklar