We use cookies on the site In order to improve provided services. If you stay on this site, you accept the terms of the privacy policy and the use of personal data.

Font-size
Interface size

Enable a screen reader

  • Aa
  • Aa
  • Aa
Character spacing
  • A
    A
  • A
    A
  • A
    A
Line spacing

Uzbekistan Airways Boeing 787 Dreamliner ekspluatatsiyasining 10-yilligini nishonlamoqda

Share on social media

Yubiley munosabati bilan aviakompaniya Markaziy Osiyodagi birinchi to‘liq funksiyali FFS Boeing 787-9 trenajyorini o‘rnatishini e’lon qiladi.

Bundan roppa-rosa o‘n yil avval, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25-yilligi arafasida milliy aviatashuvchining UK78701 bort raqamiga ega bo‘lgan birinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Toshkentga yetib keldi. 

Mamlakatimizning yubiley yilida yangi avlod havo kemasining yurtimizga olib kelinishi O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixida muhim voqea bo‘ldi. Dreamliner Uzbekistan Airways uchun uzoq masofali tashuvlarni rivojlantirish, xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va ilg‘or aviatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Bugun ushbu sana yana bir bor muhim tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu o‘n yil ichida milliy aviakompaniya mamlakat bilan birga o‘zgardi va rivojlandi, birinchi Dreamliner’ni o‘zlashtirishdan tortib, uni ekspluatatsiya qilishning o‘z professional va texnik bazasini shakllantirish va uzoq masofali flotni rivojlantirishning yangi keng ko‘lamli bosqichigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 

Birinchi Boeing 787-8 Dreamliner 2016-yilda tijoriy foydalanishga topshirilgan. O‘sha yilning noyabr oyida aviakompaniya ushbu turdagi ikkinchi havo kemasini qabul qildi. 2018-yil may oyida park uchinchi Dreamliner, 2019-yilda yana ikkita samolyot bilan to‘ldirildi va 2021-yil may oyida Toshkentga oltinchi Boeing 787-8 olib kelindi.

Boeing 787 havo kemasining yuqori darajada o‘zlashtirilgani foydalanishga topshirilgan ilk yillardanoq xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Uzbekistan Airways ushbu turdagi havo kemasida parvozlar xavfsizligi va muntazamligining yuqori ko‘rsatkichlarini namoyish etdi va Boeing korporatsiyasi tomonidan e’tirof etildi.

Uzbekistan Airways Technics negizida Kompozit materiallarni ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etildi, uning imkoniyatlari zamonaviy samolyotlar, jumladan, Boeing 787 Dreamliner bilan ishlash imkonini beradi. Aviakorxonaning muhandis-texnik tarkibi samolyot, uning tizimlari, tarkibiy qismlari va dvigatellariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha vakolatlarni to‘plab, mustaqil ravishda bajariladigan ishlar ro‘yxatini izchil ravishda kengaytirdi.

So‘nggi muhim yutuqlardan biri 2026-yil 8-may kuni Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari ta’mirlash ishlaridan so‘ng birinchi marta bevosita Boeing 787 qanotida murakkab dvigatel sinovlarini – On-Wing testing’ni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Buning uchun mutaxassislar maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, xalqaro sertifikatsiyaga ega bo‘lishdi, shuningdek, GEnx-1B dvigateli qismlarini biriktirish va ajratish bo‘yicha Engine Split jarayonlarini o‘zlashtirishdi.

Dreamliner’dan foydalanishning o‘n yilligi davomida aviakompaniya o‘z infratuzilmasini yangi turdagi havo kemasini qabul qilishga tayyorlashdan tortib, unga texnik xizmat ko‘rsatishning tobora murakkab turlarini mustaqil ravishda bajarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Shu bilan bir qatorda, Boeing 787 uchuvchilar maktabi ham shakllantirildi. Uzbekistan Airways’da Boeing 787 otryadi tashkil etildi, komandirlar va ikkinchi uchuvchilar tayyorlandi, to‘plangan tajriba esa o‘z parvoz-yo‘riqchi kadrlarini tayyorlash imkonini berdi. Bugun ular o‘z bilim va tajribalarini uchuvchilarning yangi avlodiga o‘rgatib, kasbiy mahorat maktabining davomiyligi hamda rivojlanishini ta’minlamoqda. 

Uzbekistan Airways O‘quv-mashg‘ulot markazida Markaziy Osiyoda ushbu turdagi birinchi Boeing 787-9 FFS (Full Flight Simulator) to‘liq funksiyali trenajyorining o‘rnatilishi uchuvchilar tarkibini tayyorlash tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi bo‘ladi. Uni xarid qilish Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasidagi 22 ta Boeing 787-9 havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma doirasida ko‘zda tutilgan.

Aviatsiya simulyatorlari sohasida jahon yetakchilaridan biri bo‘lgan Kanadaning CAE Inc. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ushbu trenajyor eng yuqori Level D darajadagi sertifikatsiya talablariga javob beradi. U ekipaj kabinasi, havo kemasi tizimlari va uning parvoz xususiyatlarini maksimal darajada aniq takrorlashni ta’minlaydi hamda uchuvchilarni tayyorlashning to‘liq bosqichini o‘tkazish imkonini yaratadi.

Boeing 787-9 FFS’ning ishga tushirilishi Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga uchuvchilar tarkibini o‘z o‘quv bazasida tayyorlash, mashg‘ulotlar jarayonining mustaqilligini oshirish hamda uchuvchilarni xorijiy o‘quv markazlariga yuborish zaruratini kamaytirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, Dreamliner parkining kelgusida kengayishi hamda yangi havo kemalarini ekspluatatsiya qilish uchun uchuvchi kadrlarni oldindan tayyorlash zaruratini hisobga olganda, muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda Uzbekistan Airways aviakompaniyasida Dreamliner havo kemalari negizida texnik baza, muhandislik salohiyati, uchuvchilar otryadi, yo‘riqchi kadrlar va xodimlarni tayyorlashning zamonaviy tizimidan iborat to‘laqonli professional ekotizim shakllantirilgan.

Boeing 787’ning yuqori darajadagi o‘zlashtirilishi ekspluatatsiyaning dastlabki yillaridayoq xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Ushbu turdagi samolyotlardan tijoriy foydalanishning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra – 2016-yil dekabridan 2017-yil mayigacha – Uzbekistan Airways Boeing korporatsiyasi tomonidan parvozlar xavfsizligi va muntazamligi bo‘yicha 100% ko‘rsatkichlarni namoyish etib, Boeing 787’ning dunyodagi eng yaxshi ekspluatanti deb topildi.

Dreamliner parkining birinchi o‘n yilligidagi eng muhim sahifalardan biri 2017-yilning 27-iyuli bo‘ldi – aviakompaniya tarixida birinchi marta Toshkentdan Nyu-Yorkka parvoz oraliq qo‘nishsiz amalga oshirildi. Bugungi kunda Amerikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar haftasiga besh marta amalga oshirilib, yo‘lovchilarga uzoq masofali yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.

O‘tgan o‘n yil ichida Boeing 787 Dreamliner Uzbekistan Airways parkining ajralmas qismi va O‘zbekistonni dunyoning eng yirik shaharlari bilan bog‘lovchi qit’alararo yo‘nalishlardagi asosiy havo kemalaridan biriga aylandi.

Ammo Uzbekistan Airways’dagi Dreamliner tarixi – bu birinchi navbatda odamlar tarixidir.

Har bir samolyot va har bir amalga oshirilgan parvoz ortida uchuvchilar va bortkuzatuvchilar, muhandislar va texniklar, yer usti, ishlab chiqarish va boshqa xizmatlar mutaxassislari turadi. Bu tarixda, o‘n yil muqaddam ilk bor ta’lim olib, yangi havo kemalarini qabul qilish va olib kelishda ishtirok etgan, ularni ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini o‘zlashtirgan hamda aviatsiya texnikasining yangi avlodi bilan ishlash uchun kasbiy poydevor qo‘ygan insonlarning o‘rni beqiyosdir.

Bugun Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Boeing 787 samolyotini o‘zlashtirishning boshida turgan mutaxassislarga hamda o‘n yil davomida uning xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlab kelayotgan barcha xodimlarga alohida minnatdorchiligini bildiradi. 

“Birinchi Boeing 787 Dreamliner O‘zbekistonga mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi arafasida yetib kelgani, uning o‘n yillik ekspluatatsiyasini esa respublika mustaqilligining 35-yilligi bilan birga nishonlayotganimiz ramziy ma’noga ega. Shu yillar davomida biz nafaqat yangi turdagi havo kemasini o‘zlashtirdik, balki o‘z professional maktabimizni tashkil etdik, uchuvchi va muhandis kadrlarni tayyorladik, texnik va o‘quv bazasini rivojlantirib bordik. Ushbu yutuqlarning ortida Uzbekistan Airways’ning katta jamoasining mehnati turibdi. Bugungi kunda to‘plangan tajriba bizga uzoq masofali aviaparkni rivojlantirishning keyingi, ancha keng ko‘lamli bosqichiga ishonch bilan o‘tish imkonini beradi,” – dedi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuhrat Xudaykulov.

 

Dreamliner tarixining yangi bobi

Uzbekistan Airways o‘zining o‘n yillik Boeing 787 ekspluatatsiyasini yangi keng ko‘lamli bosqich ostonasida kutib olmoqda. 2025-yilda aviakompaniya 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzoladi. Dastlabki yetkazib berishlar 2031-yildan boshlanishi kutilmoqda.

Dreamliner parkining kengaytirilishi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda tashish hajmini va jadval barqarorligini oshirish, uzoq masofali parvozlar geografiyasini kengaytirish va Markaziy Osiyoni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bilan bog‘laydigan yangi qit’alararo yo‘nalishlarni ochish imkonini beradi.

Yangi havo kemalari Uzbekistan Airways’ning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish va Toshkentning Markaziy Osiyodagi yetakchi aviatsiya va tranzit markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining muhim qismi aylanadi. Ularning kelishiga tayyorgarlik bugundan – texnik malakalarni rivojlantirish, uchuvchi kadrlarni tayyorlash va zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini yaratishdan boshlanadi.

Birinchi Boeing 787 Dreamliner mahalliy fuqaro aviatsiyasining yangi bosqichi ramziga aylandi. Oradan o‘n yil o‘tgach, to‘plangan tajriba yangi, ancha keng ko‘lamli vazifalar uchun poydevor bo‘lmoqda.

Download PDF
AI Assistant
Need help?