“Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruvi raisi kubogi
“Kelajak uchuvchilari”ni o‘tkazish to‘g‘risida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1.1. «Uzbekistan Airways» AJ Boshqaruvi raisi kubogi «Kelajak uchuvchilari» (keyingi o‘rinlarda — Tanlov) O‘zbekiston Respublikasi yoshlar o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi kasbini ommalashtirish, aviatsiya sohasiga qiziqishni oshirish, iqtidorli va yuqori motivatsiyaga ega yigit-qizlarni aniqlash, aviatsiya sohasi uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek, «Uzbekistan Airways» AJning zamonaviy va ijtimoiy mas’uliyatli aviakompaniya sifatidagi imijini mustahkamlash maqsadida o‘tkaziladi.
1.2. Tanlov «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida o‘tkaziladi.
2. Tanlov tashkilotchisi
Tanlov tashkilotchisi — «Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyati.
3. Tanlovning maqsadi
Tanlovning maqsadlari quyidagilardan iborat:
- yoshlar o‘rtasida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi kasbini ommalashtirish;
- aviatsiyaga bo‘lgan qiziqishni rivojlantirish;
- o‘z kelajagini fuqaro aviatsiyasi bilan bog‘lashni orzu qilayotgan iqtidorli va maqsadli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash.
4. Tanlov ishtirokchilari
4.1. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar ishtirok etishlari mumkin.
4.2. Tanlov ishtirokchilari fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi bo‘lishni orzu qiladigan hamda bugungi kunda quyidagi yo‘nalishlarga qiziqadigan yoshlar bo‘lishi mumkin:
- aviamodelchilik (samolyotlar, planerlar, uchuvchisiz uchish apparatlari);
- aviatsiya kompyuter simulyatorlarida (Microsoft Flight Simulator, X-Plane, DCS World va boshqalar) parvozlarni amalga oshirish.
5. Tanlovda ishtirok etish tartibi
5.1. Tanlovda ishtirok etish uchun quyidagilarni bajarish lozim:
- «Uzbekistan Airways» AJning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga obuna bo‘lish;
- davomiyligi 2 daqiqagacha bo‘lgan ilhomlantiruvchi videorolik tayyorlash va unda quyidagilar haqida so‘zlab berish:
- ishtirokchi nima sababdan fuqaro aviatsiyasi uchuvchisi bo‘lishni orzu qilishi;
- aviatsiyada uni nima ilhomlantirishi;
- nima sababdan aynan u g‘olib bo‘lishga munosib ekanligi;
- videorolikni Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga joylashtirish;
- e’lon qilingan postda «Uzbekistan Airways» AJning rasmiy sahifasini belgilash;
- tanlov yakuniga qadar postni ochiq foydalanish imkoniyatida saqlash.
5.2. Videorolik quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- vertikal formatda tayyorlangan bo‘lishi;
- sifati HD darajasidan past bo‘lmasligi;
Tanlov mavzusiga hamda umumqabul qilingan odob-axloq me’yorlariga mos bo‘lishi.
6. Tanlovni o‘tkazish muddatlari
6.1. Tanlov 20-iyuldan 3-avgustga qadar (shu kun ham qo‘shilgan holda) o‘tkaziladi.
6.2. Tanlov ishlari 3-avgust kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
6.3. Tanlov yakunlari chiqarilishi va g‘oliblar e’lon qilinishi 7-avgust kuni «Uzbekistan Airways» AJning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida amalga oshiriladi.
7. G‘oliblarni aniqlash
7.1. Tanlov g‘oliblari tanlov komissiyasi (hakamlar hay’ati) tomonidan quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
- g‘oyaning o‘ziga xosligi;
- ishtirokchining motivatsiyasi;
- ijodiy yondashuv;
- bajarilish sifati;
- tanlov mavzusiga muvofiqligi.
7.2. Hakamlar hay’ati qarori yakuniy hisoblanadi va qayta ko‘rib chiqilmaydi.
8. Taqdirlash
8.1. Tanlov yakunlariga ko‘ra uch nafar g‘olib aniqlanadi.
8.2. I o‘rinni egallagan ishtirokchi bosh sovrin — «Uzbekistan Airways» AJ O‘quv-mashg‘ulot markazining amaldagi aviakompaniya uchuvchilarini tayyorlash va malakasini oshirishda foydalaniladigan to‘liq funksiyali aviatsiya trenajyorida (Full Flight Simulator) uchuvchi-instruktor bilan parvozni amalga oshirish imkoniyati bilan taqdirlanadi.
8.3. II o‘rinni egallagan ishtirokchi havo kemasini boshqarish uchun mo‘ljallangan joystik bilan taqdirlanadi.
8.4. III o‘rinni egallagan ishtirokchi «Uzbekistan Airways» AJning havo kemasi firma modeli bilan taqdirlanadi.
9. Tanlov hakamlar hay’ati
Hakamlar hay’ati raisi:
- «Uzbekistan Airways» AJ Boshqaruvi raisi Xudaykulov Sh.Sh.
Hakamlar hay’ati a’zolari:
- Boshqaruv raisining Parvoz ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘rinbosari Ikramov Sh.I.;
- Parvoz xizmati departamenti direktori Kim S.E.;
- Parvozlar xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Saidxonov T.Sh.;
- O‘quv-mashg‘ulot markazi direktori Turabov R.X.
10. Yakuniy qoidalar
10.1. Tanlovda ishtirok etish orqali ishtirokchilar tashkilotchiga taqdim etilgan videomateriallardan, shuningdek, Tanlov va taqdirlash marosimi davomida yaratilgan foto hamda videomateriallardan «Uzbekistan Airways» AJning axborot, reklama va boshqa maqsadlarida qo‘shimcha haq to‘lanmagan holda foydalanishga o‘z roziliklarini bildiradilar.
10.2. Ishtirokchi Tanlovga taqdim etilgan videorolik o‘zining ijod mahsuli ekanligini, uchinchi shaxslarning mualliflik va boshqa huquqlarini buzmasligini hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiqligini kafolatlaydi.
10.3. Tashkilotchi quyidagi hollarda tanlov ishlarini Tanlovda ishtirok etishga qo‘ymaslik yoki ishtirokchilar safidan chiqarib tashlash huquqiga ega:
mazkur Nizom talablariga javob bermasa;
noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olsa;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzsa;
axloq va jamoat odobi me’yorlariga zid materiallarni o‘z ichiga olsa.
10.4. Tashkilotchi mazkur Nizomga hamda Tanlovni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bunda tegishli axborot «Uzbekistan Airways» AJning rasmiy axborot resurslarida majburiy ravishda e’lon qilinadi.
10.5. Tanlovda ishtirok etish ishtirokchining mazkur Nizom shartlariga to‘liq roziligini anglatadi.
10.6. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan barcha masalalar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Tashkilotchi tomonidan hal etiladi.