Uzbekistan Airways Boshqaruvi raisi Chexiya Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek bilan uchrashdi. Uchrashuv Chexiya-O‘zbekiston sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik va O‘zbekiston Respublikasida kichik aviatsiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ko‘p yillik hamkorlik barqaror rivojlanayotgani, Chexiyada sotib olingan samolyotlar Silk Avia tomonidan muvaffaqiyatli ekspluatatsiya qilinayotgani ta’kidlandi.


Chexiya tomoni kelgusidagi hamkorlikka tayyorligini ta’kidlab, O‘zbekiston aviatsiya sanoatining ochiqligi, shuningdek, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni qayd etdi. O‘z navbatida, Boshqaruv raisi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, tashrifning tig‘iz jadvaliga qaramay, uchrashuvga e’tibor qaratilganini alohida ta’kidladi.


Tashrif davomida Chexiya Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichek Parvozlarni boshqarish markaziga tashrif buyurib, Boshqaruv raisi hamrohligida uning faoliyati, zamonaviy boshqaruv tizimlari va ish tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdi.
