Aviakompaniyaning bosh ofisida Zarxo‘ja Saydazimovning 70-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Rahbariyat va Faxriylar kengashi O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli mutaxassisga minnatdorchilik bildirdi.
Z.Saydazimov mehnat faoliyatini 1976-yilda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Sergeli birlashgan aviaotryadining An-2 samolyotida ikkinchi uchuvchi lavozimida boshlagan. Yillar davomida u ikkinchi uchuvchidan Tu-134 va Tu-154 samolyotlari komandiri, 2-uchuvchilar otryadi eskadrilyasi komandiri, shuningdek, Airbus A310 va Boeing samolyotlarining ikkinchi uchuvchisi va komandirigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bundan tashqari, u o‘ta muhim parvozlar guruhi rahbari va boshqa bir qator mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Zarxo‘ja Murotovich nafaqaga chiqishi munosabati bilan o‘z faoliyatini "Uzbekistan Airways" AJ Parvoz xizmati departamenti 2-uchuvchilar otryadining 1-klass Boeing 757/767 havo kemasi uchuvchisi – komandiri lavozimida yakunladi. O‘zbekiston aviatsiyasiga bag‘ishlangan 40-yildan ortiq mehnat faoliyati professionallik, jasorat va o‘z ishiga sadoqatning yorqin namunasiga aylandi.
Yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va yosh mutaxassislarni tayyorlashga sarflangan yillar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayni paytda Z.Saydazimovning o‘nlab shogirdlari Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasida O‘zbekiston bayrog‘i ostida parvozlarni amalga oshirmoqda.

Z. Saydazimov o‘z faoliyati davomida o‘zini faqat ijobiy tomondan ko‘rsatdi. U mas’uliyat, ishchanlik, mehnatsevarlik va mehribonlik bilan berilgan vazifalarni vijdonan bajarib, hamkasblarining chuqur hurmatiga sazovor bo‘ldi. Aviakompaniya rahbariyati uni bir necha bor tashakkurnoma bilan taqdirlagan.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ulkan xizmatlari uchun u yuksak davlat mukofotlari – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Tadbir yakunida aviatsiya faxriysiga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.