Uzbekistan Airways Andijonda Farg‘ona va Namanganni qamrab olgan Farg‘ona vodiysi shaharlari bo‘ylab roadshow doirasida yakuniy tadbirni o‘tkazdi.
Uchrashuvda turoperatorlar va agentlar, shuningdek, Andijon aeroporti vakillari - direktor Sohibjon Kenjayev va uning o‘rinbosari Qobiljon Abdunazarov, Andijon viloyati Turizm boshqarmasi va Andijon davlat tibbiyot instituti vakillari ishtirok etdi.
Tadbir aviakompaniya faoliyati va yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan boshlandi, so‘ngra ishtirokchilar ochiq muloqotga o‘tdilar.

Namangan – Dehli – Namangan yangi aviaqatnovi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Aeroport vakillarini ushbu yo‘nalishda qanday havo kemalari parvozlarni bajarishiga qiziqish bildirdilar. Marketing va tijoratni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari dastlabki bosqichda parvozlarni Uzbekistan Airways Express aviaqatnovlarida amalga oshirish rejalashtirilganligi, keyinchalik, talab oshishi bilan biznes-klassga ega bo‘lgan havo kemalarini ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkinligini ta’kidladilar.

Harakatlanish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish masalasi ham ko‘tarildi. Aviakompaniya vakillarining ta’kidlashicha, aviakompaniya yoki uning vakolatxonasiga murojaat qilinganda bunday yo‘lovchilarga parvozning barcha bosqichlarida hamrohlik ta’minlanadi.
Ishtirokchilar yangi yo‘nalishdagi tarif siyosatiga alohida e’tibor qaratdilar. Guruhli bronlash masalalari ham muhokama qilindi. Aviakompaniya tomonidan tanlangan sinfning bazaviy tarifidan depozitlarning ishlash mexanizmi va jarima sanksiyalari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shartlar tushuntirildi.

Hindistondan mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan Andijon davlat tibbiyot instituti vakillari interlayn transport imkoniyatlariga qiziqish bildirishdi. Suhbat davomida ular interlayn kelishuvlar doirasida yagona chipta rasmiylashtirilayotgani, shuningdek, yo‘lovchilarning turli istaklarini hisobga olgan holda Uzbekistan Airways aviaqatnovlarida qo‘shimcha xizmatlar, jumladan, taom tanlash imkoniyati mavjudligini bilib oldilar.

Uzbekistan Airways’ning Farg‘ona vodiysidagi roud-shousi o‘zaro fikr almashish va amaliy masalalarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi. Agentlar va turoperatorlardan olingan fikr-mulohazalar aviakompaniyaning yo‘nalishlar tarmog‘i va xizmatlarini yanada rivojlantirishda inobatga olinadi.