Uzbekistan Airways’ning Farg‘ona vodiysi bo‘ylab roud-shousining navbatdagi bekati Namangan bo‘ldi. Farg‘onadan so‘ng aviakompaniya vakillari Namangan – Dehli – Namangan yangi xalqaro yo‘nalishini taqdimotini o‘tkazish, shuningdek, turoperatorlar va aviachiptalar sotuvi agentlari bilan ochiq muloqot o‘tkazish uchun shaharga yetib kelishdi.
Tadbir an’anaviy ravishda aviakompaniya faoliyati taqdimoti bilan boshlandi. Uchrashuvda turoperator va agentlardan tashqari Namangan aeroporti direktori Muhammad Ahmedov, Namangan viloyati Turizm boshqarmasi vakillari hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi viloyat filiali muxbirlari ishtirok etdi.

Taqdimotdan so‘ng uchrashuv ochiq muloqot tarzida davom etdi. Ishtirokchilarning savollariga marketing va tijoratni rivojlantirish boshqarmasi, agentlik tarmog‘ini rivojlantirish va daromadlarni optimallashtirish bo‘limlari vakillari javob berishdi.
Turoperatorlar o‘z kuzatuvlari va takliflari bilan faol o‘rtoqlashdilar. Xususan, Namangan yo‘nalishi Qirg‘iziston va Tojikiston aholisi orasida mashhur ekanligi ta’kidlandi, shu munosabat bilan ishtirokchilar mavsumiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildilar.
Aviakompaniya vakillari, o‘z navbatida, Namangan – Dehli aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar: Hindistonga davolanish uchun ketayotgan yo‘lovchilarning talabi, tadbirkorlarning qiziqishi, shuningdek, Farg‘ona vodiysida ikki mingga yaqin hindistonlik talabalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish zarurati bilan bog‘liqligini aytishdi.

Ichki yo‘nalishlarga bo‘lgan talab alohida muhokama qilindi. Turoperatorlar va agentlar Samarqand, Buxoro va Urganchdan Namanganga parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini, ayniqsa, har yili o‘tkaziladigan gullar festivali davrida ko‘rib chiqishni taklif qilishdi.
Namangan viloyati Turizm boshqarmasi vakillari aviakompaniyaning viloyatda sayyohlar oqimini saqlab qolishga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etib, Namangandan yangi yo‘nalishlarni birgalikda targ‘ib qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Uchrashuv davomida guruhli bronlashda tarif sinflarini taqsimlash tamoyillaridan tortib, havo kemasining turiga qarab kvotalarni shakllantirishgacha bo‘lgan amaliy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, agentlar hozirda modernizatsiya qilinayotgan Namangan aeroportida aviakompaniya ustunlari sonini ko‘paytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilishdi. Yangilanish doirasida yangi yo‘lovchi va yuk terminallari qurilmoqda, bu esa kelajakda yo‘lovchilar oqimini 2,5 barobarga oshirish imkonini beradi.
"Bugungi tadbir juda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bunday uchrashuvlar, jumladan, aviakompaniya tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar yo‘lovchilar va agentlarning Uzbekistan Airways’ga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi," – dedi uchrashuv ishtirokchisi Muslima To‘xtaboyeva.
Tadbir yutuqli o‘yin bilan yakunlandi. Ikki nafar g‘olibga aviakompaniyaning esdalik sovg‘alari va bosh sovrin – Namangan – Dehli – Namangan yo‘nalishi bo‘yicha parvoz sertifikati topshirildi.

Uchrashuv muborak Ramazon oyida bo‘lib o‘tgani uchun mehmonlarga iftorlik dasturxoni yozildi.
Uzbekistan Airways’ning Farg‘ona vodiysidagi roud-shousi davom etmoqda va hamkorlar bilan keyingi muloqot va mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylanadi.