O‘zbekistonda umumxalq hasharidek ezgu an’ana azaldan insonlarni ona zaminga g‘amxo‘rlik qilish, shaharlarni obodonlashtirish va kelajak avlodlar uchun tabiatni asrab-avaylash kabi olijanob maqsad atrofida birlashtirib keladi. O‘zaro yordam, mehnatga hurmat va Vatanga muhabbatga asoslangan ushbu muhim ijtimoiy udum bugungi kunda ham mamlakatimiz hayotida alohida rol o‘ynashda davom etmoqda.

Umumxalq hashari doirasida "Uzbekistan Airways" kompaniyasi xodimlari hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatladilar. Ijtimoiy mas’uliyatni chuqur his etuvchi milliy aviakompaniya sifatida, "Uzbekistan Airways" an’anaviy tarzda bunday tadbirlarda ishtirok etib, yanada yashil va qulay muhit yaratishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Shu kuni aksiyaga kompaniyaning barcha tarkibiy bo‘linmalari vakillari qo‘shildilar. Yoshlar alohida faollik ko‘rsatdilar — yosh mutaxassislar va xodimlar obodonlashtirish ishlarida katta ishtiyoq bilan qatnashib, tabiatni asrash va jonajon o‘lkamizni rivojlantirishga chin dildan qiziqishlarini namoyish etdilar. Hashar davomida o‘nlab yosh daraxtlar va nihollar ekildi, ular vaqt o‘tishi bilan hudud ko‘rkiga aylanib, soya va musaffo havo hadya etadi, shuningdek, kelajakka g‘amxo‘rlik ramziga aylanadi. Ekilgan har bir daraxt — bu O‘zbekistonning ekologik farovonligi, barqaror rivojlanishi va ravnaqiga qo‘shilgan hissadir.

Bunday tashabbuslar nafaqat atrof-muhitni yaxshilashga xizmat qiladi, balki korporativ ruhni mustahkamlaydi, jamoani jipsilashtiradi hamda tabiat va jamiyatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantiradi. "Uzbekistan Airways" xodimlarining umumxalq hasharidagi ishtiroki kompaniyaning barqaror rivojlanish qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashi va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda faol ishtirok etishining yana bir isboti bo‘ldi.

Xalqimizning eng yaxshi an’analarini asrab-avaylagan va davom ettirgan holda, "Uzbekistan Airways" jamoasi ona zaminni obodonlashtirishga g‘urur bilan o‘z hissasini qo‘shmoqda, zero tabiatga va jonajon Vatanimizga g‘amxo‘rlik qilish — barchaning umumiy ishi sanaladi.




