2026-yil 11-fevral kuni Samarqand shahrida Yoshlar markazi binosida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. “Savol-javob” formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi, turizm, Yoshlar ishlar agentligi hududiy boshqarmalari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida "Uzbekistan Airways" AJ matbuot kotibi Qizlarxon Begmatova aviakompaniyada amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritib, bahor-yoz mavsumida yangi reyslar ochilayotgani, kompaniya kadrlar masalasi va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borayotganini ta’kidladi.


Auditoriyadan savol berildi: O‘zbekistonda uchuvchilikni qayerda o‘rganish mumkin?
Shuxrattillo Yadgarov, Boshqaruv raisining tijorat va turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v.b.:
– Ayni paytda talabalar Toshkent davlat transport universiteti va Turin politexnika universitetining 2+2 dasturi bo‘yicha tahsil olmoqda. O‘zbekistonda uchuvchilarni tayyorlash tizimi mavjud, milliy kadrlarni o‘qitish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


– Uzbekistan Airways Rigaga parvoz qilayotganini bilamiz, Vilnyusga parvozlar yo‘lga qo‘yish rejangizda bormi?
Shuhrat Mirsaidov, Marketing va tijoratni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:
– Bugungi kunda aviakompaniya bir nechta shaharlarning variantlarini ko‘rib chiqmoqda, hozircha aynan qaysilarini ayta olmaymiz, bu tijorat siri. Ha, Namangan-Dehli, Toshkent-Varshava aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Yana yangi parvozlar bo‘ladi, bu haqda rasmiy ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali bilib olishingiz mumkin.
– Men aviatsiyani yaxshi ko‘raman va aviaspotterman. Aviakompaniya aviaspotterlarga qanday munosabatda va siz bilan hamkorlik qilish mumkinmi?
Shuxrattillo Yadgarov: Biz aviaspotterlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va hamkorlikka tayyormiz.

Uchrashuv davomida guruhli bron qilish va boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Ko‘plab masalalar darhol joyida hal qilindi, qolgan murojaatlar batafsil ko‘rib chiqish uchun tegishli bo‘linmalarga yuborildi.
Aviatashuvlar sotuvi agentlari va sayyohlik tashkilotlar vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Yo‘lovchi va yuk tashish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Yo‘lovchilarni tashvishga soladigan masalalarning aksariyati joyida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar aviakompaniyaning tegishli tarkibiy bo‘linmalariga o‘tkazildi.

Uzbekistan Airways respublikaning barcha hududlarida bunday uchrashuvlarni tashkil etishda, yo‘lovchilar muammolariga yechim topishda, ularning taklif va fikrlarini o‘rganishda hamda xizmatlar sifatini yaxshilash ustida ishlashda davom etadi.