28-yanvar kuni Uzbekistan Airways bosh ofisida aviakompaniya rahbariyati, uning tarkibiy tuzilmalari vakillari, xodimlar hamda OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
2025-yil Uzbekistan Airways kompaniyalar guruhi uchun yorqin loyihalar, muhim qarorlar va barqaror o‘sish davri bo‘ldi.
Yil davomida kompaniyalar guruhi tomonidan jami 49 258 ta aviaqatnov (RT) amalga oshirildi, bu 2024-yilga nisbatan 8,7 foizga ko‘p (2024-yilda 45 307 ta aviaqatnov amalga oshirilgan). Shu davr mobaynida 6,612 million nafar yo‘lovchi xavfsiz va qulay tarzda manziliga yetkazildi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizlik o‘sishni tashkil etdi (2024-yilda 6,207 million nafar). Yuk tashish hajmi ham izchil o‘sib, jami 52 065 tonna yuk, jumladan, tijorat yuklari, me’yordan ortiq bagaj va pochta jo‘natmalari tashildi.
2025-yilda aviakompaniya parvozlar geografiyasini kengaytirishni davom ettirdi. Toshkentdan Madrid, Islomobod, Tyumen va Krasnodarga, Andijondan Novosibirsk, Istanbul, Moskva va Sankt-Peterburgga, Namangandan esa Krasnodarga yangi yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi.

2025-yil noyabr oyida Vashingtonda imzolangan hamkorlik kelishuvi butun O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi uchun muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Uzbekistan Airways o‘z tarixidagi eng yirik shartnoma, ya’ni 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner havo kemalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Ushbu qaror flotni yangilash bilan birga, aviakompaniyaning kelajakka ishonchi va global miqyosda fikrlashga tayyorligini namoyon etdi.

Flotni yangilash ishlari bu yil ham izchil davom etmoqda. 2026-yilda yangi Airbus A321neo havo kemalari yetkazib berilishi kutilmoqda. Yangi avialaynerlar yo‘lovchilarimizni zamonaviy ko‘ngilochar tizimlar bilan jihozlangan, takomillashtirilgan Airspace Premium saloni bilan quvontiradi. Bundan tashqari, yo‘lovchilarimiz 10 000 metr balandlikda ham aloqada qolishlari uchun sun’iy yo‘ldosh interneti mavjud bo‘ladi.

2025-yil aprel oyida Silk Avia parki to‘rtinchi L-410 havo kemasi bilan to‘ldirildi. May oyida esa Uzbekistan Airways Technics angaridan aviakompaniyaning eng malakali mutaxassislari tomonidan to‘liq modernizatsiya qilingan Boeing 767 havo kemasi parvozga tayyor holda chiqarildi.
Shuningdek, raqamli xizmatlarni rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Aviakompaniya saytida sun’iy intellekt asosida ishlovchi chat-bot joriy etildi. Bundan tashqari, sayt va mobil ilovada to‘lovlarni UnionPay kartalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

O‘quv-mashg‘ulot markazi negizida faoliyat yuritayotgan uchuvchilar maktabi xalqaro standartlarga to‘liq mos holda mutaxassislar tayyorlashni davom ettirmoqda. Kursantlar malakasini oshirish maqsadida bo‘lajak uchuvchilar amaliy mashg‘ulotlarining bir qismini Sloveniyadagi Yevropa havo kengliklarida o‘tamoqdalar.
Uzbekistan Airways o‘z xizmatlarini Tailanddan Italiyagacha bo‘lgan xalqaro ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli namoyish etdi. Moskva shahrida esa ilk bor O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasining yetakchi vakillarini jamlagan “Markaziy Osiyo – Uzbekistan Airways qanotlarida” forumi bo‘lib o‘tdi.

Avgust oyining oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan Airways tomonidan qurib bitkazilgan va foydalanishga topshirilgan yangi “Toshkent–Humo” aeroporti bilan tanishdi. Bugungi kunda ushbu zamonaviy majmua to‘liq ish boshlab, O‘zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarini qabul qilish, oliy darajadagi uchrashuvlarni o‘tkazish va hukumat aviatsiyasi segmentida yangi sifat standartlarini joriy etmoqda.

Shuningdek, 2026-yilning 28-yanvarida aviakompaniya bortkuzatuvchilar xizmat liboslarining dizaynini yangilash va ularni tikish ishlari yakunlandi. Yangi liboslarni joriy etish bosqichma bosqich shu yilning birinchi va ikkinchi choragida amalga oshiriladi.

2025-yil Uzbekistan Airways uchun maqsadli o‘sish, muhim qarorlar va yutuqlar yili bo‘ldi va u 2026-yilga yangi maqsadlar, yangi kuch va yangi marralarni zabt etishga tayyor holda qadam qo‘ydi.
Uzbekistan Airways o‘zini Markaziy Osiyo qanotlari sifatida namoyon etar ekan, milliy va mintaqaviy aviatsiya rivojiga hissa qo‘shish, transport aloqalarini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan faoliyatini davom ettiradi.
Uzbekistan Airways bortkuzatuvchilar uchun yangi libos (forma)ni taqdim etadi
Uzbekistan Airways bortkuzatuvchilar uchun yangilangan dizayn, rang uyg‘unligi va kengaytirilgan to‘plamga ega bo‘lgan yangi formani bosqichma-bosqich joriy etishni boshlaydi. Xizmat libosini yangilash to‘g‘risidagi qaror aviakompaniyaning brendni mustahkamlash va zamonaviy xalqaro servis standartlariga moslashishga qaratilgan strategik rivojlanish doirasida qabul qilindi.
Ilk bor ramziy libos to‘plamiga trikotaj matosidan kardigan kiritildi, ustki kiyim sifatida esa palto va issiq plash (puxovik) taqdim etildi. Bu esa kuz-qish mavsumida parvoz vazifalarini bajarish jarayonida qulaylik yarati, funksionallikni oshiradi. Liboslar harakatchan ish talablari, uzoq davom etuvchi parvozlar hamda turli tana tuzilishiga ega xodimlar uchun qulaylik yaratishni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Bortkuzatuvchilar va bortkuzatuvchi-brigadirlarni vizual jihatdan farqlashga alohida e’tibor qaratildi. Formaning asosiy rangi – to‘q ko‘k bo‘lib, brigadirlarning jaket va bosh kiyimlari bordo (to‘q qizil) rangda bo‘ladi. Bu qaror yo‘lovchilarga havo kemasi bortida ekipajning yetakchisini darhol ajratib olish imkonini beradi.
Formaning ranglar palitrasi to‘q ko‘k va to‘q qizil (bordo) tuslariga asoslangan. Dizaynda an’anaviy islimiy naqsh nozik tarzda qo‘llanilib, u taraqqiyot, uyg‘unlik va madaniy qadriyatlar vorisligini ifodalaydi.
Aviakompaniya ko‘lami, uchuvchilar va bortkuzatuvchilar sonining ko‘pligi hamda aviaqatnovlar jadvalining zichligini hisobga olgan holda, yangi forma parvozlarni to‘xtatmasdan, bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Liboslarning dizayni «Narimteks» kompaniyasi (Molto Caldo brendi) tomonidan ishlab chiqilib, tikildi. Ushbu kompaniya avval ham Uzbekistan Airways bilan xizmat liboslarini ishlab chiqarish yo‘nalishida hamkorlik qilgan. Erkak xodimlar uchun kiyimlarni yaratish ishlari esa Fahir tekstil savdo kompaniyasi (Bugaso brendi) tomonidan bajarildi.
Yangi forma Uzbekistan Airways’ning yangilangan qiyofasining ajralmas qismiga aylanib, aviakompaniya maqomini yanada yorqinroq namoyon etadi hamda xalqaro maydonda bortkuzatuvchilarning zamonaviy, nafis va oson taniladigan qiyofasini shakllantiradi.