2025-yil 22-oktabr kuni Andijon shahrida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlarining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot shaklida hududda aviatsiyani rivojlantirish, yo‘lovchi va yuk tashishni takomillashtirish, tarif siyosati va sohada bandlikni ta’minlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.


Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi, turizm sohasi vakillari, Andijon aeroporti rahbariyati, aviachiptalar sotuvi bo‘yicha agentlar, ommaviy axborot vositalari va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
“Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisining tijorat va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Shuxrat Yadgarov yig‘ilish ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
“Andijon aholisini muhim voqea – Andijon xalqaro aeroportining rekonstruksiyasi yakunlangani bilan tabriklayman, ikki yillik tanaffusdan so‘ng Uzbekistan Airways shahardan xalqaro aviaqatnovlarni qayta tiklashni boshladi. Biz mamlakat Prezidenti va rahbariyat tomonidan mintaqada fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish ustida faol ishlamoqdamiz. Bugun biz sizning g‘oyalaringiz, fikr-mulohazalaringiz va takliflaringizni eshitish uchun shu yerdamiz.”

Uchrashuv ishtirokchilari orasida Andijon davlat chet tillar instituti ilmiy xodimi Umidjon Mirzaqulov ham bor edi. U Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasidagi yaqinda imzolangan kelishuvning ahamiyatini ta’kidlab, hamkorlikning ikki yo‘nalishini taklif qildi:
“Talabalarimiz bir nechta xorijiy tillarni bilishadi. Ular uchun Andijon aeroporti hududida bortkuzatuvchilik kasbi bo‘yicha seminar o‘tkazilsa, shuningdek, marketing yo‘nalishida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Andijon xalqaro aeroporti direktori Sohibjon Kenjayev tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi:
“Biz hamkorlik uchun ochiqmiz va talabalar uchun aeroport bazasida amaliyot o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyormiz. Masala faqat tashkiliy imkoniyatlar va o‘rinlar sonida.”
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasini o‘tkazish taklifiga Shuxrat Yadgarov quyidagicha javob berdi:
“Bizning aviakompaniyamiz har yili Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Job Fair’da ishtirok etadi, lekin biz bu taklifni albatta tegishli tuzilmalarga yetkazamiz – bunday tadbirlarni hududlarda o‘tkazish katta ahamiyatga ega.”
Andijondan aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasi alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Sayyohlik tashkilotlari vakillari Toshkentga ertalabki va kechki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirishni taklif qildi. “Uzbekistan Helicopters” MCHJ direktori Xakimboy Utamov javob berdi:

“Toshkentdan Andijonga va ortga qaytuvchi yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori talabni ko‘ryapmiz, aviaqatnovlar yuklamasi barqaror. Biroq, hozirda flotning bir qismiga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda va bu ishlar yakunlanmaguncha qo‘shimcha parvozlar qo‘shishning iloji yo‘q. Texnik jarayonlar yakunlangach, parvozlar chastotasini oshirishga harakat qilamiz."

Ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Ishtirokchilardan biri savol bilan murojaat qildi:
“Sayyohlar kunni rejalashtirishlari va mehmonxonalarga o‘z vaqtida joylashishlari uchun Andijondan Samarqand va Urganchga ertalabki aviaqatnovlarni tashkil etishni iloji bormi?”
Shuxrat Yadgarov javob berdi:
“Bu ajoyib taklif. Qish mavsumida bunday aviaqatnovlarni amalga oshirish qiyin, ammo bahor va kuzda biz ularni ishga tushirish imkoniyatini albatta ko‘rib chiqamiz. Maqsadimiz mamlakat bo‘ylab sayohatlarni qulay va arzon qilishdir."
Blogerlar bilan hamkorlik masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi. Mahalliy inflyuyenserlardan biri O‘zbekiston bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishlarini birgalikda targ‘ib qilishni taklif qildi:
“Men mamlakatning sayyohlik joylari haqida kontent yarataman. Aviakompaniya bilan birgalikda postlar va chiptalar uchun maxsus takliflar formatida hamkorlik qilish mumkinmi?”
Boshqaruv raisining o‘rinbosari javob berdi:
“Biz O‘zbekiston va uning diqqatga sazovor joylarini targ‘ib qilayotgan blogerlarni doimo qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Bizga marshrutlar bo‘yicha aniq taklif yuboring – hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini ko‘rib chiqamiz. Bundan tashqari, hozirda Toshkentdan muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilayotgan Andijondan Zominga parvozlarni yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqdamiz. Bu dam olish va ichki turizm uchun istiqbolli yo‘nalishdir.”
Uchrashuv davomida guruhli bronlash, kichik aviatsiyani rivojlantirish, vertolyot turlari, shuningdek, maktab o‘quvchilari va talabalar uchun imtiyozli dasturlar masalalari ham muhokama qilindi.



Ko‘plab masalalar darhol joyida hal qilindi, qolgan murojaatlar batafsil ko‘rib chiqish uchun tegishli bo‘linmalarga yuborildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga Uzbekistan Airways kompaniyalar guruhiga kiruvchi Silk Avia negizida ichki aviatashuvlar bozorini rivojlantirish haqida batafsil ma’lumot berildi. Mamlakat ichidagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va parvozlar qulayligini oshirish aviakompaniyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qolmoqda.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi mamlakatning barcha hududlarida sayyor uchrashuvlar o‘tkazishda davom etishini ta’kidladi. Muloqotning bunday shakli yo‘lovchilarni tinglash, ularning takliflariga tezkor munosabat bildirish va birgalikda O‘zbekistonning zamonaviy aviatsiyasini rivojlantirishga yordam beradi.