Uzbekistan Airways yo‘lovchilari uchun rejalashtirilgan sayohatni soddalashtiradigan bir qator onlayn xizmatlar mavjud.
- Aviachipta xarid qilish.
“Uzbekistan Airways” AJ tomonidan amalga oshiriladigan har qanday qatnovi uchun aviachiptalarni www.uzairways.com sayti orqali xarid qilishingiz mumkin. Sizni qiziqtirgan yo‘nalishni bron qilishingiz va aviachiptalarni Uzcard/Humo milliy to‘lov tizimlari, shuningdek, Visa/MasterCard/Mir xalqaro tizimlari orqali xarid qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, yuridik shaxslar uchun Uzcard korporativ kartalaridan foydalangan holda onlayn aviachiptalarni sotib olish, keyinchalik buxgalteriya hisobi uchun zarur hisob-fakturalarni olish mumkin. Eslatib o‘tamiz, aviakompaniya rasmiy saytida chiptalarni 3% chegirma bilan xarid qilish imkoniyati taqdim etiladi.
- Joy tanlash.
Yo‘lovchi havo kemasi salonidagi joyni oldindan tanlashi mumkin. Buning uchun aviachipta raqami va yo‘lovchining familiyasini kiritish, so‘ngra havo kemasi sahnidagi xaritasida joyni tanlash kerak bo‘ladi. Ushbu xizmat pullik va bepul asosda taqdim etiladi. Xizmat parvozgacha 45 kundan ko‘p bo‘lmagan va parvozdan 1 kundan ko‘p bo‘lmagan holatda ko‘rsatiladi.
- Onlayn ro‘yxatdan o‘tish.
Yo‘lovchi parvozdan 24 soat oldin aviakompaniyaning rasmiy sayti orqali reysga onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Muhim! Hozirda “Uzbekistan Airwayas” AJ qatnovlari uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish xizmati faqat mahalliy reyslarda mavjud.
Amaldagi COVID-19 cheklovlari sababli xorijiy davlatlarning vakolatli davlat organlari qarori bilan xalqaro yo‘nalishlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish xizmati vaqtincha taqdim etilmayapti.
- UzAirPlus sadoqatlik dasturida ro‘yxatdan o‘tish va shaxsiy kabinetga ega bo‘lish.
UzAirPlus sadoqatlik dasturi yangi ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish aviakompaniya veb-saytida mavjud bo‘lib, buning uchun “Sadoqatlik dasturi” menyusida “Ishtirokchiga aylanish” bo‘limini tanlash va yo‘lovchining shaxsiy ma’lumotlarini kiritish kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, yangi ishtirokchi ball to‘plash uchun oxirgi 3 oydagi parvozlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
- Mukofotli chiptalarni yozdirish.
UzAirPlus sadoqatlik dasturi istirokchilari uchun to‘plangan ballari evaziga aviachipta yozdirish imkoniyati mavjud. Buning uchun saytning bosh sahifasida “Sovrinli avichipta” bandini tanlash, UzAirPlus dasturining hisob ma’lumotlarini (login va parol) kiritish va sovrinli aviachiptani ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Faqat aeroport va boshqa xarajatlar to‘lanadi, yo‘lovchi to‘plagan ballari hisobiga tarif unga bepulga aylanadi.
- Mukofot bagaji.
UzAirPlus sadoqatlik dasturi a’zolari uchun ishtirokchinig maqomiga qarab mukofot bagajini yozdirish imkoniyati mavjud. Buning uchun “Mukofot bagaji” bo‘limida yo‘lovchi ma’lumotlarini, shuningdek, UzAirPlus raqamini kiritish, so‘ngra “Sovrinli bagaj” xizmatini tanlashi lozim. Mukofot bagajini ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati bepul.
- Maxsus taomlar.
Uzbekistan Airways yo‘lovchilari maxsus taomlarga oldindan buyurtma berish xizmatidan foydalanishlari mumkin. Buni amalga oshirish uchun “Maxsus taomlar” bo‘limida yo‘lovchining ma’lumotlarini kiritish, so‘ngra qiziqtirgan taomnomani tanlash kerak bo‘ladi. Maxsus taomlarga buyurtma berish uchun qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.
Diqqat! Maxsus taom buyurtmalari parvozdan kamida 48 soat oldin amalga oshirilishi lozim.
- Me’yordan ortiq yuk uchun to‘lov.
Agar sizning bagajingiz boradigan yo‘nalishingiz uchun bepul bagaj miqdoridan oshib ketgan bo‘lsa, siz aviakompaniya saytidagi “Me’yordan ortiq yuk” xizmatidan oldindan foydalanishingiz mumkin.
“Me’yordan ortiq yuk” xizmatiga ariza berish uchun saytning asosiy sahifasida qo‘shimcha xizmatlar bo‘limida chipta raqami va yo‘lovchining familiyasini kiritish, so‘ng ochilgan oynada “Me’yordan ortiq yuk” xizmatini tanlash kerak bo‘ladi.
- Onlayn tablo.
Yo‘lovchilar parvoz holati haqida ma’lumot olishlari uchun “Aeroportda” nomli bo‘limda interaktiv “Onlayn tablo” xizmati mavjud.
- Flight tracking.
Aviakompaniyaning asosiy sahifasida mavjud “Flight tracking” xizmatidan foydalanib, Uzbekistan Airways reysining ayni vaqtda parvozni amalga oshirayotgan joyini kuzatish imkoniyati mavjud.
- Cargo tracing.
“Cargo tracing” xizmati orqali aviakompaniya saytida yukingiz holatini kuzatishingiz mumkin. Rasmiy saytdan “Muhim ma’lumot” bo‘limidan “Yuk tashish”ni tanlab, “Yukning onlayn holati” belgilanadi. Buni tekshirish uchun hisob-fakturaning trek raqamini kiritish kerak (masalan: 250…)
Ushbu onlayn xizmatlarning barchasidan www.uzairways.com saytida foydalanishingiz mumkin.