2023-yilning 29-dekabr kuni Uzbekistan Airways joriy yildagi beshinchi Airbus A320neo havo kemasini kutib oldi.
Yangi avialaynerni qabul qilish uchun Fransiyaga kelgan aviakompaniyaning parvoz va texnik xodimlari Airbus konsernining Tuluzadagi zavod aerodromida barcha zarur tekshirish sinovlarini o‘tkazdi. Aviakompaniya o‘zining livreyasi bilan bo‘yalgan UK32027 raqami ostida ro‘yxatdan o‘tgan avialayner mahalliy vaqt bilan soat 08:00da Toshkent tomon parvoz qildi hamda 6 soatu 40 daqiqadan so‘ng O‘zbekiston poytaxtiga kelib qo‘ndi.
Havo kemasi BOC Aviation Limited kompaniyasidan uzoq muddatli ijara asosida sotib olingan. Shunday qilib, joriy yilda beshta Airbus havo kemasini yetkazib berish rejasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
E’tiborlisi, avialaynerni Uzbekistan Airways havo flotiga Yangi 2024-yil arafasida yetib keldi. Toshkent aeroportida havo kemasini nafaqat aviakompaniya rahbariyati, xodimlari va ularning farzandlari tantanali kutib olishdi, balki ulug‘vor Yangi yil an’analariga ko‘ra, barchani kutib olish uchun Qorbobo va Qorqiz ham kelishdi.