Toshkent, 2026-yil 23-iyul. – Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi va Xitoyning yetakchi aviatashuvchisi China Southern Airlines o‘rtasida kod-shering shartnomasi imzolandi. Aviakompaniyalar bir qator yo‘nalishlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlarga aylanmoqda: yo‘lovchilar ikkala tashuvchining aviaqatnovlariga chiptalarni odatiy bron qilish xizmatlari orqali sotib olishlari mumkin bo‘ladi, bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi sayohatni rejalashtirishni ancha osonlashtiradi.


Endi yo‘lovchilar aviaqatnovlarning yanada kengroq tanlovidan foydalanishlari mumkin. Kelishuv Uzbekistan Airways’ning Toshkentdan Pekin (Dasin aeroporti), Guanchjou, Urumchi va Xanchjou shaharlariga amalga oshiriladigan aviaqatnovlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bundan tashqari, yo‘lovchilar China Southern Airlines aviakompaniyasining Pekin (Dasin), Guanchjou va Urumchidan Toshkentga parvozlari uchun chiptalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston milliy aviatashuvchisidan xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.

Uzbekistan Airways Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umid Xusanov quyidagilarni ta’kidladi:
“Xitoy – bizning asosiy bozorlarimizdan biridir. Joriy yilning may oyida Toshkent – Guanchjou yo‘nalishi bo‘yicha yangi parvozlarni yo‘lga qo‘ydik va bugun biz yuqori talab hamda yo‘lovchilar soni doimiy tarzda ortib borayotganiga guvoh bo‘lmqodamiz. Bunday dinamika Toshkent – Pekin, Toshkent – Urumchi, Toshkent – Xanchjou kabi boshqa yo‘nalishlarimizda ham kuzatilmoqda. China Southern Airlines bilan hamkorlik Osiyo bozoridagi mavqeyimizni mustahkamlab, yo‘lovchilarga o‘z sayohatlarini rejalashtirishda yanada ko‘proq erkinlik va qulaylik taqdim etadi”.

China Southern Airlines tijorat muvofiqlashtirish qo‘mitasi bosh direktori o‘rinbosari Chjan Dunshen ta’kidladi:
"China Southern aviakompaniyasi O‘zbekiston bozoriga doimo katta e’tibor qaratib kelgan. Uzbekistan Airways bilan hamkorlik bizga mintaqaviy yo‘nalishlar tarmog‘ini mustahkamlash, taklif etilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish hamda Ipak yo‘li iqtisodiy makoni rivojiga yangi sur’at bag‘ishlash imkonini beradi”.

Uzbekistan Airways Osiyodagi ishtirokini kengaytirib, Toshkent xalqaro aeroportidagi xabni faol rivojlantirishda davom etmoqda. Aviakompaniya qulay tutashuv parvozlarini va havo kemasi bortida yuqori darajadagi xizmatni taklif etadi. Xitoyning yirik shaharlariga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirar ekan, aviakompaniya Markaziy Osiyo orqali Yevropa va Sharqni bog‘lab, parvozlarning imkoniyatlarini kengaytiradi va ularning qulay bo‘lishini ta’minlaydi. O‘z mamlakatlarining ikki yetakchi aviatashuvchisi yo‘nalishlar tarmog‘ining birlashtirilishi turizmni rivojlantirishga, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamkorlik aviaqatnovlarga chiptalar tez orada uzairways.com rasmiy saytida, aviakompaniyaning mobil ilovasida, shuningdek, Uzbekistan Airways Sales filialida va aviakompaniya agentlarida sotuvga chiqariladi.
Barcha yangiliklar