Har qanday muvaffaqiyatli biznes negizida har doim insonlar turadi va biz uchun "Uzbekistan Airways"da korporativ ijtimoiy mas'uliyat — bu shunchaki so‘zlar emas, balki bunga eng ko‘p muhtoj bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy harakatlardir.

O‘tgan dam olish kunlari, 5–6-sentyabr sanasida so‘lim "Edelveys" dam olish maskanida maxsus sayyor sog‘lomlashtirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. U imkoniyati cheklangan farzandlarni tarbiyalayotgan aviakompaniyamiz xodimlari, shuningdek, oilasida yagona boquvchi bo‘lgan hamkasblarimiz uchun maxsus tashkil etildi. "O‘zbekiston – 2030" milliy strategiyasi bilan hamohang tarzda amalga oshirilgan ushbu tashabbus salomatlikni mustahkamlash, korporativ jipslikni rivojlantirish va katta jamoamizda samimiy, ishonchli muhitni yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Ikki kun davomida 53 nafar ishtirokchi — xodimlarimiz va ularning farzandlari — beqiyos quvonch muhitiga sho‘ng‘ish, kundalik tashvishlardan chalg‘ish va shunchaki birga bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Dastur eng kichik detallarigacha o‘ylangan edi: kattalar va bolalar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘q qilib, ularni ahil jamoalarga birlashtirgan qiziqarli qaroqchilar kvestidan tortib, go‘zal tabiat qo‘ynidagi yozgi va qishki hovuzlarda maroqli dam olishgacha.

Kechki musiqiy va ko‘ngilochar dastur bu kunlarni samimiy tabassumlar, qiziqarli tanlovlar va jonli muloqotga to‘ldirdi. Biz eng asosiysini ko‘rdik — insonlarga hordiq chiqarish, hamkasbining yelkadoshligini his qilish va o‘zini yagona, g‘amxo‘r korporativ oilaning bir qismi sifatida anglash imkoniyatini berish qanchalik muhimligini.

Ushbu bayram uchun tadbirni to‘liq moliyalashtirgan "Uzbekistan Airways" AJ Kasaba uyushmasi qo‘mitasiga, shuningdek, benuqson tashkilotchilik va har bir mehmonga alohida e'tibor qaratgani uchun aviakompaniyaning Ijtimoiy bo‘limiga o‘zimizning samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Bunday loyihalar shuni isbotlaydiki, aviakompaniyaning haqiqiy yuksalishi faqat amalga oshirilgan qatnovlar soni bilan emas, balki uning o‘z insonlariga qanday g‘amxo‘rlik qilishi bilan ham o‘lchanadi. Biz o‘zaro yordam, hamdardlik va samimiy insoniy munosabatlar hukm suradigan muhitni barpo etayotganimizdan faxrlanamiz.
Ushbu yorqin his-tuyg‘ular hamkasblarimiz uchun yangi kuch-quvvat manbai bo‘lsin, biz esa har bir xodim o‘zining qadr-qimmatini his qilishi uchun xizmat qiladigan tashabbuslarni rivojlantirishda davom etamiz. Axir baxtli oilalar — bizning umumiy muvaffaqiyatimiz poydevoridir!
Barcha yangiliklar