Bugun Uzbekistan Airways O‘quv-mashg‘ulot markazida muhim voqea – aviatorlarning yangi avlodiga sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu aviakompaniyamizning tarkibiy bo‘linmasi negizida faoliyat yuritayotgan Uchuvchilar maktabining beshinchi muvaffaqiyatli bitiruvidir.



Kadrlar salohiyatini rivojlantirish – Uzbekistan Airways’ning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Tantanali marosimni Boshqaruv raisining Parvoz ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘rinbosari Shaxzod Ikramov, Parvoz xizmati departamenti direktori Sergey Kim va O‘quv-mashg‘ulot markazi direktori Rustam Turabov ochib berdi. Ular o‘z chiqishlarida O‘zbekiston aviatsiya sanoatining kelajagi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning strategik ahamiyatini ta’kidladilar.


Ushbu keng ko‘lamli ta’lim loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mamlakat rahbariyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va Yevropaning uchuvchilar tarkibini kompleks tayyorlash bo‘yicha yetakchi kompaniyasi bilan samarali hamkorligi natijasidir. Bitiruvchilar Airbus A320 oilasiga mansub havo kemalarini boshqarishga ruxsat oldi. Aynan shu zamonaviy laynerlar bugungi kunda Uzbekistan Airways aviaparkining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.


Murakkab ta’lim yo‘lini muvaffaqiyatli bosib o‘tgan beshinchi guruh bitiruvchilarining nomlarini faxr bilan tilga olamiz: Sherzod Kamalov, Farruxjon Ibraximov, Abdumalik Yo‘ldoshev, Azizbek Olimjonov, Saidamirxon Axmedov va Akbar Koilov.


Uchuvchilik kasbi yuksak intizom, bilim va ulkan mas’uliyatni talab etadi. Markazi direktorining Parvoz tayyorgarligi o‘rinbosari Erkin Gulyamov yosh mutaxassislarga oq yo‘l tilab, shunday dedi: “Buyuk mehnatingiz uchun barchangizga rahmat. Osmoningiz doimo musaffo bo‘lsin. Omad!”. Iliq so‘zlarga kasbiy tajribasi yangi uchuvchilarni tayyorlash uchun poydevor bo‘lgan o‘qituvchi-yo‘riqchilar ham qo‘shildi: “Biz bitiruvchilarimizni samimiy tabriklaymiz! Muvaffaqiyatlaringiz bilan faxrlanamiz va xavfsiz parvozlar tilaymiz!”.


Tadbir uzoq kutilgan sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirilishi bilan yakunlandi. Hamkasblarimizni oldinda minglab parvoz soatlari va yo‘lovchilarning qulayligi hamda xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifa kutmoqda. Katta yo‘lning boshlanishi bilan tabriklaymiz va jamoaga xush kelibsiz!
Barcha yangiliklar