O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishining 2025-yil 22-sentyabrdagi 54-son bayonnomasi 5-bandini bajarish maqsadida, 2025-yil 30-sentyabrdan boshlab “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan «Keksalar uchun turizm oyi» doirasida 2025-yil 1–30-noyabr kunlari ichki respublika yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan reyslarga chegirma joriy etiladi.
Chegirma miqdori – ichki respublika yo‘nalishlarida erkin savdoda mavjud bo‘lgan barcha turdagi iqtisodiy sinf tariflaridan 15%. U O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 60 yoshdan oshgan erkaklarga va 55 yoshdan oshgan ayollarga taqdim etiladi.
Chegirmani grafik rejimda qo‘llash uchun ADVANCED PRICING bo‘limida Global Discount – tegishli % chegirma ko‘rsatilishi, katakchaga belgi qo‘yilishi (aks holda chegirma qo‘llanilmaydi!) hamda biletga chegirma aks ettirilishi uchun Ticket Designator maydoni majburiy tarzda CD15 kodi bilan to‘ldirilishi kerak.
Izoh:
1. Chegirmalar 2025-yil 1–30-noyabr kunlari amalga oshiriladigan reyslarga tatbiq etiladi.
2. Chegirma kodi (ticket designator) – CD15.
3. Bir nechta chegirmalarni birlashtirish taqiqlanadi.
4. Sotuv hisobotiga yo‘lovchi yoshi ko‘rsatilgan pasport yoki ID kartaning nusxasi ilova qilinishi shart.
5. Chegirma bilan aviabiletlar sotilishi “Uzbekistan Airways” AJ filiali – “Uzbekistan Airways Sales”da, “Uzbekistan Airways Sales” filiali agentlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek “Uzbekistan Airways” AJ rasmiy saytida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, “Uzbekistan Airways Sales” filiali agentlariga komission to‘lovni amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Aviabiletni qaytarish / qayta bron qilish / qayta rasmiylashtirish holatlarida taqdim etilgan chegirma qaytarish/qayta rasmiylashtirish yig‘imlariga tatbiq etilmaydi. Qisman foydalanilgan aviabiletni qaytarishda qaytariladigan summa chegirma qo‘llanilmagan foydalanilgan uchastka tarifidan kelib chiqib hisoblanadi.
Foydalanilmagan yoki qisman foydalanilgan aviabilet qayta rasmiylashtirilgan taqdirda, agar uchish sanalaridan biri chegirma amal qiladigan davrga to‘g‘ri kelmasa, butun yo‘nalish bo‘yicha to‘liq tarif darajasigacha chegirmalarsiz to‘lov amalga oshirilishi kerak.
Agar yig‘ilgan ballar evaziga xizmat ko‘rsatish sinfi “Z” klassiga oshirilsa, aviabiletni qayta rasmiylashtirish faqat chegirma amal qiladigan davrga to‘g‘ri keladigan reyslarda tarif bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovsiz amalga oshirilishi mumkin.