“Uzbekistan Airways” AJda korrupsiyaga qarshi kurash tizimini joriy etish: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar
2025 yil 9 dekabr kuni “Uzbekistan Xumo Airport” MChJ majlislar zalida “Uzbekistan Airways” AJda korrupsiyaga qarshi kurash tizimini joriy etishning xalqaro tajribasi va milliy amaliyotiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir xodimlarning korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablariga rioya etish va bo‘lim rahbarlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion xavflarning oldini olish masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Seminar kompaniyada samimiylik, halollik va “korrupsiyaga nisbatan mutlaq murosasiz munosabat” tamoyilini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro standartlar va milliy qonunchilik talablariga muvofiq korporativ madaniyatni rivojlantirish doirasida o‘tkazildi.
Seminarga ochilish nutqi bilan kompaniya rahbariyati vakillari chiqib, samarali antikorrupsion infratuzilmani shakllantirish “Uzbekistan Airways” AJning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladilar. Qayd etilishicha, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish boshqaruv samaradorligi, xavfsizlik darajasi hamda hamkorlar va yo‘lovchilar ishonchini oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Dastur davomida “Uzbekistan Airways” mutaxassislari OECD tavsiyalari, ISO 37001 talablari va yetakchi aviakompaniyalar tajribasi asosida xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan korrupsiyaga qarshi tizim elementlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdilar. Xususan, korrupsion xavflarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish va komplayens tizimi doirasida bo‘limlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Uzbekistan Airways” AJ Korrupsiyaga qarshi kurash va komplayens xizmati vakillari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining amaldagi talablari, xavflarni hujjatlashtirish tartibi, manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish mexanizmlari hamda rahbar xodimlarning shaffoflikni ta’minlashdagi rolini batafsil tushuntirib berdilar.
Savol-javob sessiyasida ishtirokchilar amaliyotda uchraydigan holatlarga doir aniqlik kirituvchi tushuntirishlar oldilar, fikr va takliflar almashdilar hamda nazorat mexanizmlarini yanada samarali qilish bo‘yicha takliflar bildirdilar. Shuningdek, eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarlik holatlari, ularning oldini olish algoritmlari va javobgarlik choralari bo‘yicha amaliy misollar muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga ichki hujjatlarni takomillashtirish, jarayonlar shaffofligini oshirish va odob-ahloq me’yorlarni mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar kompaniyada zamonaviy komplayens amaliyotini joriy etish va korrupsion xavflarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning muhim bosqichi bo‘ldi.
“Uzbekistan Airways” AJ hamda uning sho‘ba korxonalari ochiqlikni ta’minlash, korporativ etika talablariga rioya etish va faoliyat shaffofligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettiradi.




