Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Uzbekistan Airways Surxondaryo viloyatida sayyor qabul o‘tkazdi

2023 29 Noyabr
210
Ulashing

“Uzbekistan Airways” Aksiyadorlik jamiyati Termiz shahri hokimligi binosida sayyor qabuli tashkil etdi. Tadbirda Surxondaryo viloyati aholisi, sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlar, jismoniy va yuridik shaxslar, faol yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etishdi.  

Tadbir boshida aviakompaniya vakillari yil boshidan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida olib borilayotgan doimiy aksiyalar haqida so‘zlab berishdi. Aviaparkni to‘ldirish, qatnovlarni tiklash va yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish yaqin yillardagi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Sayyor qabul doirasida yoʻlovchilarni qiynayotgan muammolar boʻyicha savol-javob tariqasida ishtirokchilar bilan muloqot qilinib, aholining murojaatlari atroflicha oʻrganib chiqildi. Murojaatlarning aksariyat qismi joyida yechimini topdi, qoʻshimcha oʻrganish hamda vaqt talab qiladigan murojaatlar boʻyicha masʼul rahbar va xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni joyida ko‘rib chiqish etib belgilangan. Bu oxir-oqibat odamlarning adolatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Maqsad esa bitta – har bir insonni tinglash, aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish.

Aviatashuvlar bo‘yicha agentlar, sayyohlik tashkilotlari vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Barcha takliflar diqqat bilan o‘rganilib, keyinchalik ishlab chiqish va amalga oshirish uchun inobatga olindi.

Sayyor qabulda Termiz shahridan Turkiyaning Istanbul shahriga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, Termiz xalqaro aeroportidan dunyoning boshqa mamlakatlariga parvozlar amalga oshirilishi yuzasidan savollar berildi. Tashrif buyuruvchilarni bortkuzatuvchilikka ishga olishda talab qilinadigan mezonlar ham qiziqtirdi. Bundan tashqari, ochiq muloqotning yosh ishtirokchilari Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasiga sayohat uyushtirishni taklif qilishdi. Aviakompaniya matbuot kotibi vazifasini bajaruvchi Dilorom Kaimbayeva ushbu taklif ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.  

Sayyor qabulda yo‘lovchilarning huquq va erkinliklari bilan qonuniy manfaatlarini amalga oshirish, himoya qilish va kafolatlash bo‘yicha olib borilayotgan maqsadli ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi xalq bilan uchrashuvlarni har bir viloyatda tashkil etib, yoʻlovchilarni qiynayotgan savollarga yechim topib, ularni taklif-mulohazalarini oʻrganishda davom etadi.

 

Uzbekistan Airways O‘zbekistondagi eng yirik aviakompaniya hisoblanadi. Aksiyadorlik jamiyati maqomiga ega. Uning aviaparkida Boeing 767/787, Airbus A320ceo/320neo/321neo/A330, L-410, ATR-72 kabi havo kemalar mavjud.

Aviakompaniya 2022-yilda 3,9 milliondan ortiq yo‘lovchini tashidi. Yo‘nalishlar tarmog’i va havo kemalar parkini doimiy ravishda kengaytirmoqda hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasini yaxshilaydi. Parvoz xavfsizligi esa aviakompaniya uchun doimo ustuvor vazifa bo'lib qoladi.

Uzbekistan Airways muntazam, charter va yuk tashuvchi aviqatnovlarni amalga oshiradi hamda Uzbekistan Airways Express loukoster tizimiga ega.

Uzbekistan Airways tarkibiga quyidagi kompaniyalar ham kiradi: “Uzbekistan Helicopters” MChJ, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ, “Catering” MChJ, “O‘quv-mashq markazi” MChJ.

PDF-ni yuklab oling