Uzbekistan Airways 15-17-sentyabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tayotgan IFTM Top Resa 2026 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Bu yil O‘zbekiston ko‘rgazmada faxriy mamlakat – Country of Honour maqomida taqdim etilmoqda.

Aviakompaniya ishtirokidagi asosiy mavzulardan biri O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi tashuvlarni rivojlantirish bo‘ldi. Uzbekistan Airways vakillari Yevropa sayyohlik kompaniyalari va agentliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, 2027-yil mavsumi uchun hamkorlik dasturlarini, O‘zbekistonni sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish va O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi sayohat imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Aviakompaniyaning flotni yangilash bo‘yicha rejalariga alohida e’tibor qaratildi. 2026-yilda Uzbekistan Airways yangi Airbus A321LR havo kemalarini yetkazib berishni kutmoqda. Samolyotlar zamonaviy salonlar, jumladan, to‘liq gorizontal holatda ochiladigan Full Flat biznes-klass o‘rindiqlari bilan jihozlanadi.

Yangi havo kemalaridan xalqaro yo‘nalishlarda, jumladan, Yevropa yo‘nalishlarida foydalanish rejalashtirilgan. Xususan, Toshkent va Parij o‘rtasidagi aviaqatnovlarda Airbus A321LR’dan foydalanish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, bu esa yo‘lovchilarning qulaylik darajasini oshirish va aviakompaniyaning Fransiya bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
O‘zbekiston stendiga O‘zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev hamda Fransiyaning kichik va o‘rta korxonalar, savdo, hunarmandchilik, turizm va xarid qobiliyati bo‘yicha vaziri Serj Papen tashrif buyurdi.

Ko‘rgazmaning rasmiy ochilish dasturida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov ham ishtirok etib, “Sayohatning qadri” taqdimoti doirasida mamlakatning sayyohlik salohiyatini namoyish etdi.

“Biz Yevropa sayyohlik biznesining Uzbekistan Airways’ga ham, umuman O‘zbekistonga ham qiziqishi ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Parijdagi muzokaralar hamkorlarning qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga va yevropalik sayyohlarga mamlakatimiz bilan tanishish uchun yangi imkoniyatlar taklif etishga tayyorligini”, – dedi Uzbekistan Airways’ning Fransiyadagi vakili Bohodir Dadamuxamedov.

IFTM Top Resa 2026 ko‘rgazmasida ishtirok etish Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga nafaqat o‘z rejalarini taqdim etish, balki O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiluvchi yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkonini beradi.
Barcha yangiliklar