"Uzbekistan Airways" AJ havo kemalari parkini rejali ravishda yangilash va kengaytirishni davom ettirmoqda. 2026-yilda O‘zbekistonning milliy aviatashuvchisi CALC (China Aircraft Leasing Group Holdings Limited) lizing kompaniyasi-hamkoridan ikkita yangi tor fyuzelyajli Airbus A321neo havo kemasini qabul qiladi.
Yangi havo kemalari allaqachon muvaffaqiyatli foydalanilayotgan Airbus A320neo rusumidagi havo kemalari parkining bir qismiga aylanadi. Bu esa aviakompaniyaning yo‘lovchi tashishda samarali, tejamkor va qulay yechimlar yo‘nalishini davom ettirishini tasdiqlaydi.
Olib kelinadigan laynerlarning o‘ziga xos xususiyati salonning yangicha tuzilishi bo‘ladi: uzoq masofali parvozlar uchun maksimal qulaylikni ta’minlaydigan Full Flat konfiguratsiyaga ega 16 ta biznes-klass o‘rindig‘i va 156 ta ekonom-klass o‘rindig‘i.
Ta’kidlanishicha, havo kemalari Airbus kompaniyasining eng so‘nggi Airspace Premium kabina saloni bilan jihozlanadi, bu esa yaxshilangan shovqindan izolyatsiya, keng bagaj bo‘limi, o‘rindiqlar ustidagi joyning kengaytirilishini va zamonaviy LED yoritishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, bortda internet aloqasi mavjud bo‘ladi, bu esa yo‘lovchilarga sayohat davomida aloqada qolish imkonini beradi. Shuningdek, individual ekranlardan foydalanish mumkin bo‘lgan zamonaviy ko‘ngilochar tizim, jumladan filmlar, musiqa, o‘yinlar va parvoz xaritasi ham mavjud boʻladi.
Airbus A321neo modeli o‘z klassidagi eng zamonaviy samolyotlardan biri hisoblanadi: yuqori yoqilg‘i samaradorligi, uzoq parvoz masofasi va shovqin darajasining pastligi bu samolyotlarni o‘rta va uzoq masofali yo‘nalishlar uchun maqbul qiladi. Salonni jihozlashdagi innovatsion yechimlar tufayli yo‘lovchilar parvozdagi qulaylikning yangi darajasini his qila oladilar.
"Uzbekistan Airways" AJ Boshqaruv raisi Shuhrat Xudayqulov quyidagilarni ta’kidladi:
"Uzbekistan Airways barqaror o‘sish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish strategiyasiga amal qilishni davom ettirmoqda. Yangi A321neo havo kemalarini olish shunchaki parkni kengaytirish emas, balki zamonaviy, raqobatbardosh va qulay aviatsiya tizimini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Biz CALC bilan hamkorligimizni davom ettirishdan mamnunmiz va ishonamizki, yangi samolyotlar bizning yo‘nalishlar tarmog‘imizni mustahkamlaydi va yo‘lovchilar uchun parvozlarni yanada qulayroq qiladi."
"Biz Uzbekistan Airways bilan hamkorligimizni mustahkamlashdan mamnunmiz, - dedi CALC prezidenti va tijorat direktori Vinni Liu. - Ushbu qo‘shimcha kelishuv CALC’ning aviakompaniyalarning havo kemalari parki va ularning o‘sishiga bo‘lgan o‘zgaruvchan talablariga mos keladigan individual yechimlarni taqdim etishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi. Biz Uzbekistan Airways’ni uning flotini yanada kengaytirish va modernizatsiya qilish jarayonida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdamiz."
CALC kompaniyasi, shuningdek, ikkala samolyot ham 2026-yilda yetkazib berilishini va CALC’ning Airbus’dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtmasi hisobidan olinishini ta’kidladi. Ushbu yangi kelishuv 2023-yilda boshlangan CALC va Uzbekistan Airways o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Yangi Airbus A321neo samolyotlarining keltirilishi Uzbekistan Airways’ning qulaylik, xavfsizlik va yuqori xizmat ko‘rsatish standartlariga yo‘naltirilgan zamonaviy va intiluvchi aviatashuvchi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Uzbekistan Airways haqida
Uzbekistan Airways - Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaga 90 dan ortiq yo‘nalishlarda muntazam yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi O‘zbekistonning milliy aviakompaniyasidir. Aviakompaniya tranzit imkoniyatlarini faol rivojlantirmoqda va yetakchi xalqaro tashuvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish orqali yo‘lovchilarga butun dunyo bo‘ylab qulay va xavfsiz parvozlarni taqdim etmoqda. Uzbekistan Airways aviaparki Airbus va Boeing kabi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining zamonaviy havo kemalaridan iborat. Aviakompaniyada parkni yangilash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va bortda xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
China Aircraft Leasing Group Holdings Limited kompaniyasi haqida
CALC butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar uchun havo transporti sohasida keng qamrovli yechimlarning universal ta’minotchisi hisoblanadi. Guruh va uning sho‘ba kompaniyalari ikkita asosiy yo‘nalishda faoliyat yuritadi: yangi samolyotlar lizingi va havo kemalariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish. CALC faoliyati doirasiga an’anaviy lizing yechimlari, shu jumladan operatsion lizing, keyinchalik ijaraga berish bilan sotib olish sxemalari (purchase and leaseback), shuningdek, tarkibiy moliyalashtirish kiradi. Bundan tashqari, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar - flotni rejalashtirish va yangilash, samolyotlarni qismlarga ajratish va butlovchi qismlarni sotish xizmati ham taqdim etiladi. CALC 2014-yil iyul oyida Gonkong fond birjasining asosiy platformasiga (SEHK: 01848.HK) kirgan Osiyodagi birinchi lizing kompaniyasi bo‘ldi.
Batafsil ma’lumot: www.uzairways.com saytida
Uzbekistan Airways bilan aloqa:
Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi
pr@uzairways.com