Delegatsiya tarkibidan LPRI Task Force raisi Inna Abdullayeva, “Uzbekistan Airways”ning operatsion reyterlari va uchuvchilari Ramit Is’hoqov hamda Roman Demidenko, shuningdek, 1-kichik guruh (Subgroup 1) a’zosi bo‘lgan lingvist-reyter Shahnoza Saidova o‘rin oldi.
Ushbu uchrashuv til malakasini baholash, standartlarni takomillashtirish va aviatsiya xodimlarini tayyorlash borasidagi zamonaviy muammolarni muhokama qilish maqsadida tajriba almashish uchun butun mintaqadagi aviatsiya mutaxassislari, til tayyorgarligi bo‘yicha ekspertlar va xalqaro aviatsiya tashkilotlari vakillarini bir joyga to‘pladi.

Ish haftasi doirasida bir qator strategik muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Asosiy mavzulardan biri reyterlar va interlokutorlar uchun yangi kompetensiyalar tizimini joriy etish (EUR Doc 046) bo‘ldi. Ishtirokchilar baholashning yanada kompleks modeliga o‘tish masalasini batafsil ko‘rib chiqmoqda. Muhim yangiliklardan biri “Kasbiy etika va halollik”ning alohida mustaqil kompetensiya sifatida ajratilgani bo‘ldi. Bu esa test sinovlari jarayonining shaffofligini oshirish, xolislikka putur yetkazuvchi holatlarni kamaytirish va tilni baholash tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash imkonini beradi.

Yer usti operatsiyalari xavfsizligi (Ground Safety) masalalariga alohida urg‘u berildi. 1-kichik guruh muhim meteorologik jihatlar va inson omilini hisobga olgan holda aerodrom transport vositalari haydovchilari uchun radiotelefon aloqasi bo‘yicha qo‘llanma ustida faol ish olib bormoqda. Yer usti xodimlarining standartlashtirilgan va aniq muloqoti uchish-qo‘nish yo‘lagiga ruxsatsiz chiqishlarning oldini olishda hamda aerodrom hududidagi xavflarni kamaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yig‘ilishning muhim jihatlaridan biri yirik xalqaro professional tashkilotlar – IFALPA va IFATCAning ishtiroki bo‘ldi. Jahon uchuvchilar va dispetcherlar hamjamiyati vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot “Uzbekistan Airways”ning ichki tayyorgarlik dasturlarini ilg‘or xalqaro amaliyotlar va real operatsion tajriba bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, EUROCONTROL tashkiloti EVAIR dasturi orqali aviatsiya hodisalari va baxtsiz hodisalarning eng keng tarqalgan sabablariga bag‘ishlangan tadqiqot (survey) natijalarini taqdim etdi. Taqdimot davomida belgilangan eshelondan chiqib ketish (level byust), uchuvchilar kabinasida ekipajning ish bilan haddan tashqari yuklangani, standart frazeologiyadan noto‘g‘ri foydalanish, inson omili kabi parvozlar xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi operatsion xatarlar va boshqa omillar ko‘rib chiqildi. Taqdim etilgan ma’lumotlar yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, aviatsiya xodimlarining samarali muloqot yuritishi va til tayyorgarligini doimiy takomillashtirib borish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.
Barcha yangiliklar