Uzbekistan Airways uchuvchilar maktabining navbatdagi kursantlar guruhi Sloveniyada amaliy parvoz tayyorgarligi bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Tayyorgarlik xalqaro standartlar va zamonaviy uslublarni qo‘llagan holda uchuvchilarni tayyorlash dasturi doirasida o‘tkazildi.

Kursantlar nazariy kursni Toshkentdagi O‘quv-mashg‘ulot markazida o‘tdilar, amaliy qism esa Sloveniyada Yevropa standartlari bo‘yicha uchuvchilar tayyorlashga ixtisoslashgan Egmont Aviation kompaniyasi bazasida tashkil etildi. Bo‘lajak uchuvchilar tajribali xorijiy yo‘riqchilar rahbarligida haqiqiy sharoitlarda havo kemasini boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirdilar.

Ikki yarim oylik o‘quv davomida kursantlar 65 soatlik parvozni amalga oshirdilar, bu esa olingan bilimlarni mustahkamlash va qimmatli xalqaro tajriba orttirish imkonini berdi. Dastur yakunida barcha ishtirokchilar xalqaro sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Kursantlar Toshkentga qaytgach, ko‘p a’zoli ekipaj (MCC) uchuvchilarini tayyorlash dasturiga muvofiq tayyorgarlikning uchinchi bosqichiga kirishadilar. Bu bosqichda Airbus A320 havo kemasining trenajyor mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

"Uzbekistan Airways" AJ Boshqaruv raisining uchish faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘rinbosari Shaxzod Ikramov ta’kidlaganidek, xorijiy bosqichning yakunlanishi aviakompaniyaning bo‘lajak uchuvchilari uchun kasbiy shakllanishda muhim bosqich hisoblanadi va ularga ta’limning keyingi bosqichiga ishonch bilan o‘tish imkonini beradi.
Barcha yangiliklar