Har bir parvozning xavfsizligi va benuqson ishonchliligi yerda boshlanadi. Joriy yilning oktyabr oyida bizning “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ (UAT) tarkibiy bo‘linmamiz muhim sanoat tadbirlarida – Qozog‘istondagi Aero Engines Central Asia va MRO Central Asia xalqaro konferensiya va ko‘rgazmalarida ishtirok etdi. Taniqli ekspertlar Mark Comm (AQSH) va ATO Comm (Sloveniya) tomonidan tashkil etilgan tadbirlar aviatsiya sanoatining yetakchi mutaxassislarini birlashtirdi.

Nufuzli maydonlar doirasida UAT delegatsiyasi o‘zining ishlab chiqarish quvvatlari va havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash (TXKvaT) sohasidagi ilg‘or yechimlarini keng miqyosda namoyish etdi. Ekspert sessiyalari davomida kompaniyamiz vakili spiker sifatida ishtirok etib, korxonaning salohiyatini atroflicha ochib berdi. Bazaning zamonaviy infratuzilmasi, muhandis-texnik xodimlarning yuqori malakasi, ko‘rsatiladigan xizmatlarning keng doirasi va UATni rivojlantirish bo‘yicha strategik qarashlarga alohida e’tibor qaratildi.

Uzbekistan Airways uchun bunday ixtisoslashgan forumlarda ishtirok etish – bu shunchaki o‘z texnik imkoniyatlarini namoyish etish imkoniyati emas. Bu Qozog‘iston va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi aviatsiya sanoati yetakchilari bilan ilg‘or tajriba almashish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim platformadir.


Uzbekistan Airways Technics’ning bunday darajadagi xalqaro ko‘rgazmalarda ishonchli ishtiroki bizning eng yaxshi sanoat tajribalarini joriy etish, hamkorlik geografiyasini kengaytirish va havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mintaqaviy bozorda ishonchli yetakchi sifatidagi mavqeimizni mustahkamlashga bo‘lgan global intilishimizni aks ettiradi. Biz eng yuqori jahon standartlariga javob berish uchun rivojlanishda davom etamiz.
Barcha yangiliklar