Uzbekistan Airways va Air India aviakompaniyalari yo‘lovchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kod-sher bitimini tuzdilar. 2026-yil 12-martdan boshlab kod-sher kelishuvi doirasida Toshkent – Dehli, Toshkent – Mumbay va Toshkent – Goa (mavsumiy yo‘nalish) yo‘nalishlari bo‘yicha aviachiptalarni rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
Ushbu hamkorlik aviakompaniyalarning yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va O‘zbekiston hamda Hindiston o‘rtasidagi havo qatnovini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur bitim Hindistonning asosiy aviatsiya tugunlari (xablari) orqali sayohat qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi va yo‘lovchilarga Uzbekistan Airways’ning O‘zbekiston bo‘ylab parvozlaridan qulay foydalanishni ta’minlaydi.
Kod-sher kelishuvi tufayli yo‘lovchilar ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha sayohatlarini yagona chipta asosida rejalashtirishlari mumkin. Bu esa safarlarni yanada qulay tashkil etishga xizmat qiladi va har ikki aviakompaniyaning parvozlar tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini oshiradi.
«Uzbekistan Airways» AJ Boshqaruvi raisi shunday ta’kidladi:
«Uzbekistan Airways va Air India o‘rtasida kod-shering bitimining imzolanishi mamlakatlarimiz aviatsiya sohasidagi hamkorlik rivojida yangi sahifa ochmoqda. Bu biz uchun xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir. Uzbekistan Airways nomidan Air India’dagi hamkorlarimizga bildirilgan ishonch va konstruktiv hamkorlik uchun minnatdorlik bildiraman. Umid qilamizki, ushbu kelishuv o‘zaro aloqalarimizni yanada rivojlantirish hamda aviatsiya sohasida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi».
Nipun Aggarval (Nipun Aggarwal), Air India tijorat direktori shunday dedi:
«Biz Air India’ning butun dunyo bo‘ylab parvozlar geografiyasini kengaytirishni davom ettirgan holda, Uzbekistan Airways bilan hamkorlikni katta mamnuniyat bilan boshlamoqdamiz. Toshkent turizm, ishbilarmonlik safarlari va madaniy almashinuv uchun tobora muhim yo‘nalishga aylanib bormoqda. Mazkur hamkorlik yo‘lovchilarga kengroq tanlov va qulayliklarni taklif etish bilan birga, Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini mustahkamlashga imkon beradi».
Aviachiptalar hamkormiz – Air India aviakompaniyasining rasmiy saytida va savdo ofislarida band qilish uchun allaqachon mavjud.
Barcha yangiliklar