Hurmatli yo‘lovchilar!
Hindiston Respublikasi hukumatining talablariga binoan xalqaro aviaqatnovlar yo‘lovchilari uchun qo‘shimcha sanitariya-epidemiologik nazorat choralari joriy etildi.
Ushbu chora-tadbirlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan Afrikaning ayrim mamlakatlarida, jumladan, Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik avj olgani haqidagi xabarlardan so‘ng profilaktik monitoringni kuchaytirish munosabati bilan qabul qilindi.
Amaldagi talablar doirasida Hindistonga xalqaro aviaqatnovlar bilan kelayotgan yo‘lovchilar sayohat, aloqa va sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Yo‘lovchi deklaratsiyasi shaklini (Self-Declaration Form, SDF) to‘ldirishlari shart.
Yo‘lovchilarga qulay bo‘lishi uchun parvozdan oldin shakl bilan tanishib, kerakli ma’lumotlarni tayyorlab qo‘yishingizni tavsiya qilamiz.
Shuni ma’lum qilamizki, aviakompaniya xodimlari parvoz vaqtida yo‘lovchilarga deklaratsiyani to‘ldirish tartibi va amaldagi talablar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin.
Yo‘lovchilarga o‘z salomatligini diqqat bilan kuzatib borish, bezovtalik alomatlari paydo bo‘lganda esa bu haqda zudlik bilan havo kemasi ekipajiga xabar berish yoki manzilga yetib kelgach, tibbiy yordamga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarni joriy etish profilaktik xususiyatga ega bo‘lib, xalqaro tashuvlarning sanitariya-epidemiologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Safar rejasini tuzishda ushbu talablarni hisobga olishingizni so‘raymiz va bizni to‘g‘ri tushunganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Barcha yangiliklar