Farg‘ona shahrida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati va xodimlari ishtirokida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. “Savol-javob” formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimligi vakillari, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda Farg‘ona viloyati shaharlarida o‘tkazilgan sayyor qabullar o‘zining samarasini bermoqda. Rossiya shaharlariga yangi parvozlarni yo‘lga qo‘yish va boshqa bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Rossiya shaharlariga parvozlar, shuningdek, Toshkent-Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar chastotasi oshirildi. Ushbu aviaqatnovlar bugungi kunda kundalik asosda amalga oshirilmoqda. Qo‘qon shahri aholisi uchun mintaqaviy aeroportning ochilishi katta voqea bo‘ldi. Endilikda har kuni Toshkent-Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni “Uzbekistan Airways” AJning bo‘linmasi hsoblangan – "Silk Avia" aviakompaniyasi amalga oshirmoqda.

Navbatdagi “ochiq muloqot”da tadbirkorlar o‘rtasida meva va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga qanday qilib o‘z vaqtida va xavfsiz jo‘natish masalasi o‘rtaga tashlandi. Tadbirkorlar Farg‘ona – Vilnyus aviaqatnovini amalga oshirishni taklif qilishdi. “Uzbekistan Airways” AJ Tijorat va turizm bo‘yicha Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Yadgarov tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini O‘zbekiston poytaxtiga olib kelishlari mumkinligini, bugungi kunda aviakompaniya Toshkent – Riga aviaqatnovini amalga oshirayotganini va ular oziq-ovqat mahsulotlarini bo‘sh yuk idishlarida Latviyaga jo‘natishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi. Rossiya, Dubay va Seulga yuk tashish savoliga quyidagicha javob berildi: tadbirkorlar yuklarini Toshkentdan keng fyuzelyajli samolyotlarda bemalol jo‘natishlari mumkin, chunki Farg‘ona aeroportidan yuk sig‘imi minimal (500 kg gacha) va parvozlr tor fyuzelyajli havo kemalarida amalga oshiriladi.

Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha savolga ham javob berildi: nega Farg‘ona – Urganch, Farg‘ona – Buxoro yo‘nalishlari hamda O‘zbekistonning boshqa turistik jozibador shaharlariga aviaqatnovlar to‘xtatildi? Aviakompaniya raisining o‘rinbosari ushbu aviaqatnovlarga talab kam bo‘lgani sababli zarar keltirgani va shu munosabat ular to‘xtatilganini ta’kidlab o‘tdi. “Shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda aviakompaniyada ichki aviqatnovlarni amalga oshirish uchun samolyotlar sezilarli darajada yetishmayapti. Biz mazkur aviaqatnovlarni qayta tashkil etish bo‘yicha istaklarni inobatga olamiz va havo kemalar mavjud bo‘lsa, O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida parvozlarni tashkil etishga albatta kirishamiz.”

Aholi va turoperatorlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarini tashvishga solayotgan asosiy muammo – parvozdan biroz oldin aviachiptalar narxining ko‘tarilib ketishi haqida so‘z bordi. Shu bilan birga, aviakompaniya vakillari xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, arzon xizmat ko‘rsatish toifalari bo‘yicha tariflar yo‘lovchilar tomonidan har qachongidan ham tez sotib olinayotgani va shunga mos ravishda qimmatroq toifadagi tariflar sotuvda qolayotganini ta’diklab o‘tdilar.

Bundan tashqari, Farg‘ona – Issiqko‘l xalqaro yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Aviakompaniya xalqaro aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun Andijon aeroportidan foydalanadimi, degan savolga ijobiy javob berildi. “Ha, Uzbekistan Airways’ning Andijon aeroportidan Rossiya shaharlariga va boshqa yo‘nalishlarga xalqaro parvozlarni amalga oshirish rejalari bor”.

Aviatashuvlar sotuvi agentlari va sayyohlik tashkilotlar vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Yo‘lovchi va yuk tashish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Yo‘lovchilarni tashvishga soladigan masalalarning aksariyati joyida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar aviakompaniyaning tegishli tarkibiy bo‘linmalariga o‘tkazildi.
Uzbekistan Airways respublikaning barcha hududlarida bunday uchrashuvlarni tashkil etishda, yo‘lovchilarning takliflarini o‘rganish va xizmatlar sifatini oshirish ustida ishlashda davom etadi.