Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Uzbekistan Airways 32 yoshga to‘ldi

2024 28 Yanvar
1699
Ulashing

Mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi mamlakat hayotining barcha sohalarini isloh qilish va takomillashtirish bo‘yicha ishonch bilan qat’iy yo‘nalishdan ketdi. Boshqa tarmoqlar bilan bir qatorda havo transportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shunday qilib, 1992-yil 28-yanvar kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tashkil etildi, bu respublikamizning fuqaro aviatsiyasini rivojlantirishda yangi davrning boshlanishi bo‘lib xizmat qildi. O‘z faoliyatining dastlabki yillarida kompaniya MDH, Yevropa, Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining yirik shaharlari bilan aloqa o‘rnatdi, havo kemalari parkini G‘arbda ishlab chiqarilgan zamonaviy avialaynerlari bilan yangiladi, dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida vakolatxonalarini ochdi. Parvozlar xavfsizligining yuqori darajasi, havo harakatini malakali tashkil etish va kadrlar tayyorlash tizimi tufayli aviakompaniya xalqaro aviatashuvlar bozorida o‘z o‘rnini mustahkam egalladi.  

2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish, aviatsiya texnologiyalari sohasida raqobatni rivojlantirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini jahon standartlariga muvofiq yaxshilash maqsadida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qayta tashkil etilib, “Uzbekistan Airways” AJ deb nomlandi, bu esa respublikaning butun aviatsiya sanoatida ulkan o‘zgarishlar va yaxshilanishlarga hissa qo‘shdi. Bugungi kunda Uzbekistan Airways – yo‘nalish tarmog‘ini jadal rivojlantirish va havo kemalari parkini kengaytirish, xizmatlar va mahsulotlar sifatini yaxshilash bo‘yicha doimiy ish olib borayotgan Markaziy Osiyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biridir. Uzbekistan Airways yildan-yilga yo‘lovchilarning ishonchini qozonishda davom etmoqda, bu esa yo‘lovchi tashish hajmining tobora ortib borayotganidan dalolat beradi: 2020 – 2021-yillarda, pandemiyaning og‘ir davriga qaramay, aviakompaniya aviatashuvi 3 milliondan oshdi, 2022-yilda 4,2 million, 2023-yil yakunlariga ko‘ra kompaniya rekord darajada – 5 million yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazib qo‘ydi.

Uzbekistan Airways aviaparki 30 dan ortiq havo kemalariga ega, ular orasida dunyodagi eng yirik aviatsiya ishlab chiqaruvchilari – Boeing va Airbus tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy laynerlari mavjud. 2023-yil davomida aviakompaniya aviaparkini beshta Airbus A320neo va ikkita Let L-410 havo kemalari bilan to‘ldirdi. Kelgusi 3-5 yil ichida havo flotiga yangi 20 dan ortiq havo kemalari bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda aviatashuvchi butun dunyo bo‘ylab 75 dan ortiq yo‘nalishlarga parvozlarni amalga oshirmoqda, 28 ta xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalariga ega, jahon aviakompaniyalari bilan Interline va Code-share kelishuvlari sohasida hamkorlik qilmoqda. 2023-yilda amalga oshirilgan aviaqatnovlar soni 32 mingdan oshdi. Uzbekistan Airways o‘z xodimlarining ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygani va aviatashuvlar bozorini chuqur tahlil qilish orqali parvozlar geografiyasini faol ravishda kengaytirmoqda va har yili yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Masalan, 2023-yilda Uzbekistan Airways Toshkentdan Pekin, Jakarta, Urumchi, Bangkok va Pxuketga aviaqatnovlarni tikladi. Shuningdek, Toshkentdan Myunxen, Anqara, Omsk, Nijniy Novgorod, Grozniy, Blagoveshchensk, Xabarovskka yangi muntazam aviaparvozlar yo‘lga qo‘yildi. Kelajakda aviakompaniya har yili dunyoning turli mamlakatlariga yangi muntazam aviaqatnovlarni ochishni maqsad qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq, “Uzbekistan Airways” AJ tarkibiga kiruvchi “Uzbekistan Helicopters” MChJga havo floti 3 ta ATR-72 havo kemasiga ega Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasi topshirildi. Kelajakda respublika ichidagi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlar sonini ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish va ATR-72 havo kemalari parkini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

“Uzbekistan Airways yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi aholisiga qulay xizmatlar va mahsulotlar taqdim etish bilan bir qatorda parvoz uchun eng xavfsiz va qulay sharoitlarni yaratish – aviakompaniyamizning kelgusi yillardagi asosiy vazifasidir. Oldimizda juda ko‘p ishlar bor, lekin biz barcha rejalarimizni amalga oshirishimiz va yaqin kelajakda mintaqadagi yetakchilikni tasdiqlashimiz mumkinligiga aminmiz. Bugun biz 32 yoshga to‘ldik va bu uzoq muddatli va o‘rta muddatli rejalarimizni amalga oshirishni boshlash hamda ularni amalga oshirishda jamoamizning barcha sa’y-harakatlarini qo‘llash uchun ajoyib sana”, – dedi “Uzbekistan Airways” AJ Boshqaruv raisi Shuxrat Xudaykulov.

Aviakompaniyaning 32 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlari yuqorida keltirilgan faktlar bilan cheklanmaydi. “Uzbekistan Airways Technics” MCHJ, “Catering” MCHJ, “Uzbekistan Helicopters” MCHJ va “O‘quv-mashq markazi” MCHJ kabi tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislarining mehnatini inobatga olgan holda, ishonch bilan aytish mumkinki, Uzbekistan Airways fuqaro aviatsiyasi rivojiga har kuni beqiyos hissa qo‘shmoqda.

 

PDF-ni yuklab oling