Ko'rsatilayotgan xizmatlarni yaxshilash maqsadida biz saytda cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytda qolishingiz, maxfiylik siyosati va shaxsiy ma'lumotlardan foydalanish shartlarini qabul qilganingizni anglatadi.

Shrift o'lchami

Ovoz berishni yoqish

Uzbekistan Airways 31 yoshda

2023 28 Yanvar
159
Ulashing

Oʻzbеkiston solnomasida uning bugungi kuni va kеlajagini bеlgilab bеrgan muhim voqеalar anchagina.

31 yil avval «Oʻzbеkiston havo yoʻllari» Milliy aviakompaniyasining tashkil etilishi davlatimiz fuqaro aviatsiyasining rivojlanishida yangi davrni boshlab bеrdi. Ana shu yillar mobaynida Uzbekistan Аirways brеndi butun dunyo boʻylab barqaror, xavfsiz va ishonchli aviatashuvchi sifatida dunyoga tanildi.

Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta’minlash, aeroportlar infratuzilmasini, havodagi harakatni boshqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha izchil choralar koʻrildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018-yilning 28-noyabr kuni imzolagan farmoni doirasida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari va standartlariga muvofiq tarkibiy oʻzgartirish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish va tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

Soʻnggi yillarda sohada katta oʻzgarishlar roʻy berdiki, bu yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilab, parvozlar geografiyasini kengaytirishda, infratuzilmalarni zamonaviylashtirishda qoʻl keldi.

Jahon bozorida keskin raqobat boʻlgan bir paytda aviatsiya texnologiyalarining yangiligi parvozlar xavfsizligi va muntazamligini ta’minlovchi asosiy omil hisoblanadi. Xorijda  ishlab chiqarilgan eng zamonaviy avialaynerlarni sotib olish esa aviakompaniya parkini yangilash uchun strategik vazifaga aylandi. Bugungi kunda Uzbekistan Airways aviaparkida 30 dan ortiq havo kemalari mavjud hamda O‘rta Osiyodagi eng yosh aviaparklardan biri hisoblanadi. 

“Orzu layneri” deb ataluvchi Boeing 787 samolyotlari hamda Airbus oilasiga mansub havo kemalaridan foydalanish milliy aviakompaniyaning taraqqiyot tomon doimiy ravishda intilishiga va rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi.

2023-yilda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Airbus kompaniyasi bilan A320neo oilasiga tegishli 12 ta havo kemasini (sakkizta A320neo va to‘rtta A321neo) xarid qilish uchun shartnoma imzoladi. Yangi avialaynerlar aviakompaniyaning bugungi kunda 17 ta Airbus A320 oilasiga tegishli havo kemalaridan iborat aviaparkiga kelib qo‘shiladi.

Airbus kompaniyasi bilan imzolangan yangi shartnoma aviakompaniya parkini modernizatsiya qilish strategiyasining yangi bosqichi bo‘lib, yo‘lovchilarga eng zamonaviy va qulay havo kemalarini taklif qilishni davom ettirishga, Markaziy Osiyo mintaqasidagi Uzbekistan Airways mavqesini yanada yaxshilashga va mintaqa ichida ham, undan tashqarida ham parvozlar xaritasini sezilarli darajada kengaytirishga yordam beradi.

Havo kemalarini texnik koʻrikdan oʻtkazmay turib ekspluatatsiya qilish ilojsizdir. Samolyotlarning parvozga yaroqliligini tekshirish aviakompaniyaning tarkibiy boʻlinmalaridan biri – Uzbekistan Airways Technics aviata’mirlash korxonasining asosiy vazifasiga aylandi. Korxona nafaqat Uzbekistan Airways, balki, xorijiy aviakompaniyalarning havo kemalariga ham – boʻyashdan tortib to‘liq ta’mirlashgacha boʻlgan har qanday murakkablikdagi texnik xizmatlarni koʻrsatadi. Bugungi kunda korxona oʻzining shaxsiy ta’mirlash bazasiga ega boʻlib, kompozit materiallardan tayyorlangan qismlarni ta’mirlash boʻyicha zamonaviy markaz faoliyat yuritadi.

Ketring xizmati mahalliy va xalqaro, hamda yoʻlovchilar, ekipaj a’zolari va havo kemalarining texnik xodimlari uchun Islomiy qonunlarga muvofiq oziq-ovqat yetkazib berishni tasdiqlaydigan GSO 2055-1:2016, HAS 23000 &23021, MS 1500:2009 standartlari sertifikatlariga ega.  

Bugungi kunda Uzbekistan Airways dunyoning 30 dan ortiq shaharlariga parvozlarni amalga oshirmoqda, xorijda 20 dan ziyod vakolatxonalarga ega va aviakompaniyaning havo kemalari yiliga 25 000 dan ortiq reyslarni amalga oshiradi.

2021-yilning noyabr oyidan boshlab Uzbekistan Airways va Amadeus axborot texnologiyalari sohasida strategik hamkorlikni boshladi va aviakompaniya Amadeus Altea platformasiga oʻtishni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu aviakompaniya operatsion samaradorligini oshirishiga hamda mijozlarga yuqori xizmat ko‘rsatishga turtki bo‘ladi.

Bundan tashqari, ushbu hamkorlik aviakompaniyaning o‘z strategik maqsadiga erishishiga, ya’ni Yevropa va Osiyo oʻrtasida qulay avia tutashuvini ta’minlashga yordam beradi.

Yo‘lovchilarni o‘z hududlaridan sayohat qilishlarida yangi imkoniyatlarni yaratish maqsadida 2022-yilning 30-yanvaridan boshlab Namangandan Rossiya Federatsiyasining qator shaharlariga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyiha “Sharqiy xab” deb nom oldi. Endilikda Farg‘ona vodiysi aholisi Namangan xalqaro aeroportidan Moskva, Samara, Perm, Omsk, Irkutsk, Yekaterinburg, Sochi, Qozon, Mineralniye Vodi, Irkutsk va Ufaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarda yetib borish imkoniga ega bo‘ldi.

Uzbekistan Airways yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirishda davom etmoqda. Aviachiptani onlayn xarid qilish uchun aviakompaniya rasmiy veb-sayti ko‘rinishi yorqin ranglarda va foydalanish uchun qulayroq bo‘ldi, yangi mobil ilova ishlab chiqildi. Endilikda maxsus taom buyurtma berish, chipta sanasini o‘zgartirish, joy tanlash hamda qo‘shimcha yuk xarid qilish xizmatlarini uydan chiqmasdan turib, sayt yoki mobil ilova orqali xarid qilish imkoniyati mavjud.

2021-yilda Uzbekistan Airways aviatashuvlarning gibrid modeliga oʻtdi. Uzbekistan Express deb nomlangan yangi formatdagi loukost aviatashuvlar mana bir yarim yildirki respublikamizning deyarli barcha hududlaridan muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda. Buning uchun Airbus 320 havo kemalari toʻliq ekonom, ya’ni biznes-klass toifasisiz parvozlarni amalga oshirmoqda. Uzbekistan Airways Express aviaqatnovlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar soni qisqartirilganligi sabab aviachiptalar narxi 20% gacha arzonlashdi. Bu ham yo‘lovchilarga yaratilgan yana bir imkoniyatlardan biridir. 

Uzbekistan Airways 2022-yilda nafaqat bir qator yangi yo‘nalishlarni ochdi, balki dunyoning eng ko‘p tashrif buyuradigan shaharlari: Baku, Parij, Tokio, Milan, Rim, Kuala-Lumpurga parvozlarni tikladi. Joriy yilda yangi reyslar Pekin shahridan boshlandi, keyinchalik esa Jakarta, Bangkok, Berlin, Manchester va dunyoning ko‘plab mashhur shaharlariga yo‘lovchilar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Uzbekistan Airways 2022-yildan boshlab yangi Toshkent – Batumi, Toshkent – Sharm el-Shayx, Buxoro – Istanbul, Farg‘ona – Dubay qatnovlarini amalga oshirib kelmoqda.

Aviakompaniya ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Samarqand, Xorazm viloyatini Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan respublika miqyosidagi mahalliy qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.

Aviakompaniya mahalliy qatnovlarning narxlarini optimallashtirishda davom etmoqda, bu esa fuqarolarimizga mamlakatimiz miqyosida ko‘proq sayohat qilish imkoniyatini yaratadi.

Kichik aviatsiyaning ichki turizmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi ham e’tirofga loyiq. “Uzbekistan Helicopters” MChJ aviakompaniya rentabelligini oshirish va uni diversifikatsiya qilish hamda vertolyot xizmatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida ikkita Airbus H-130 vertolyotlarini foydalanish uchun qabul qilib oldi. Vertolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun uchuvchilar va texnik xodimlar jamoasi shakllantirildi. Bugungi kunda Uzbekistan Helicopters aviaparkida ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan 2 ta MI-8-MTV, 2 ta airbus H-125 va 2 ta Airbus H-130 vertyolyotlari mavjud.

2022-yilda qator loyihalar ishlab chiqildi. “Ilk parvozim” ijtimoiy loyihasi “Temir daftar”ga kiritilgan ayollarni bir kun davomida hayot tashvishlaridan xoli boʻlgan holda sayohat qilish imkoniyatini yaratishni maqsad qildi. Loyihada Toshkent, Sirdaryo, Namangan viloyati ayollariga mamlakatimizning mashhur shaharlari, ularning ziyoratgohlari boʻylab sayohatlar tashkil etildi. Xiva, Buxoro, Termiz va Toshkent shaharlarida boʻlib oʻtgan sayohat bilan birga munis ayollar oʻz orzularini – havo kemasida parvoz qilish imkoniyatini amalga oshirishdi.

Ilgari Uzbekistan Airways o‘z qadriyatlarini jamoatchilik oldida qo‘llab-quvvatlovchi hamda to‘g‘ri namoyon etuvchi san’atkorlar bilan hamkorlik olib bormagan. So‘nggi yillarda aviatsiya sohasida ko‘p o‘zgarishlar sodir bo‘ldi va mamlakatning asosiy aviatashuvchisi yangi rivojlanish yo‘lini tanladi. Aviakompaniya faoliyatining barcha jabhalarida o‘zgarishlar kuzatilmoqda, va nihoyat aviakompaniya brend targ‘ibortchisi tanlandi, endi u – mashhur xonanda Sevara Nazarxon. 

Aviakompaniya Sevara Nazarxon va uning ijodiy jamoasi ushbu hamkorlik doirasida aviatashuvchi xizmatlari haqida jamoatchilikni xabardor qilishiga, yangi ochiqlik siyosati hamda kutilayotgan o‘zgarishlar borasida yo‘lovchilarga uzluksiz ma’lumot yetkazishiga ishonadi

Aviatsiya – bu katta kompleks jarayondir. Aviatsiya – ko‘p tarmoqli kasblar va uchuvchilar, aviadispetcher va aviatexnik, bortkuzatuvchi va bortmuhandislar degani. Hisobchilardan tortib bort taomlarini tayyorlovchi oshpazlar, havo kemasining elektr tarmoqlari uchun javobgar shaxslardan boshlab iqtisodchi, IT-mutaxassislar, marketologlar, supervayzerlargacha bularning hammasi aviatsiya demakdir. Ularsiz aviakompaniya rivojlana olmagan bo‘lar edi. Mamlakat bo‘ylab har kuni o‘nlab havo kemalarining osmonga ko‘tarilishida, havo kemalarining texnik xizmat ko‘rsatishda ularning barchasining o‘z o‘rni bor. Va bularning hammasi parvozlarni xavfsiz va qulay amalga oshirish yo‘lida bajarilayotgan ishlardir.

31 yil aviakompaniya faoliyatida muhim sana hisoblanadi. O‘tgan yillar mobaynida zamonaviy texnologiyalar va yuqori malakali menejment tufayli aviakompaniya ishonchli aviatashuvchi va hamkor sifatida obro‘ qozondi, yo‘lovchilarga yangi hamda qulay samolyotlarni taqdim etdi, yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ydi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining faxrlanishga arzigulik yutuqlari ko‘p. Yo‘lovchilarimiz bizga ishonch bildirishmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatning ko‘magi bilan aviakompaniya yangi loyihalarni amalga oshirib, fuqaro aviatsiyasini yuqori pog‘onaga ildamlashiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Aviakompaniyani transformatsiya qilish va rivojlantirish yuzasidan belgilab berilgan ishlar esa izchil davom ettirilmoqda.

PDF-ni yuklab oling