“Uzbekistan airways” AJ

Kompaniya yangiliklari

28 Jun 2019

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi mamlakatning turoperatorlari bilan turizmni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

MAK Direktsiyasida "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi va O‘zR Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi rahbarlarining mamlakatimizning yetakchi sayyohlik kompaniyalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirning maqsadi respublika sayyohlik yo‘nalishini rivojlanishining dolzarb jihatlarini muhokama qilishdan iborat edi. Tadbir ishtirokchilari kirish va ichki turizmni rivojlantirish, sayyohlik mavsumi davomida kurort shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni oshirish hamda parvozlar muntazamligini ko‘paytirish, respublika fuqarolari va mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi masalalarni muhokama qildilar. Sayohat kompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan sayyohlik xizmatlarining sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator takliflar bildirildi, bu esa xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish va ichki turizmni rivojlantirishga yordam beradi. Uchrashuvda mamlakatimiz milliy sayyohlik salohiyatini ichki va tashqi bozorda yanada samarali rag‘batlantirish maqsadida "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni, xorij mamlakatlarida o‘zbek turizm yo‘nalishini ommalashtirish va ko‘plab chet el sayyohlarini mamlakatga jalb etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda davom etishi ta’kidlandi.  Tadbirda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari U.Husanov va O‘zbekiston Respublikasi turizmini rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari U.Kasimxodjayev ishtirok etdi.
20 Jun 2019

“O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot anjumani

Bugun, 20-iyun kuni, O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi PF-5584-sonli "O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda aviakompaniya tarkibiy bo‘linmalari va O‘zbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashi rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vakillari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida so‘zga chiqqan MAK Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Umid Xusanov mustaqillik yillari mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga erishilgani, jumladan, havo kemalar parki yangilangani, havo maskanlari qiyofasi sezilarli darajada o‘zgarib, yo‘lovchilar va aviatexnikaga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun shart-sharoitlar yaratilgani, shuningdek, yangi aeronavigatsiya tizimlari joriy etilib, yangi samolyot turlari o‘zlashtirilgani hamda O‘zbekiston aviakompaniyasining havo laynerlari Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha parvozlarni amalga oshirib kelayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK aeroportlaridan 63ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan, 2017-yilda ularning soni 58ta edi. O‘tgan yildan boshlab bugungi kunga qadar to‘rtta yangi yo‘nalish ochildi - Mumbay (haftasiga 3 qatnov), Vladivostok (haftasiga 1 qatnov), Jidda (haftasiga 3 qatnov) va Jakarta (haftasiga 2 qatnov). 2018-yil yakuniga ko‘ra, Milliy avikompaniya o‘z tarixida ilk marotaba uch millionlik bosqichni bosib o‘tib, 3 million 173 ming yo‘lovchini tashidi, bu esa, 2017-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 117 foizni tashkil etdi, bundan 1 million 91 ming yo‘lovchi uzoq xorij mamlakatlariga, 1 million 477 ming - MDH davlatlari yo‘nalishlarida va 606 ming yo‘lovchi ichki yo‘nalishlarda tashildi. Ushbu yo‘lovchilarning 800 mingdan ortig‘i xorijiy fuqarolar, shu jumladan 56 ming nafari Qozog‘iston, 16 ming nafari Tojikiston va 12 ming nafari Qirg‘iziston fuqarolaridir. Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston Respublikasi, Koreya Respublikasi Milliy aviakompaniya uchun asosiy yo‘lovchi tashuvlari bozori hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining bir qator huquqiy-normativ hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida aviakompaniya tomonidan 2018-yilda chegirmalar taqdim etildi - vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasiga safarga chiqqan shaxslarga iqtisodiy klass minimal tarifidan 20% miqdorida (48,9 mlrd. so‘mlik 33 450 dona chipta sotilgan bo‘lib, ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga berilgan chegara 9,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisiga - 50% miqdorida. Shuningdek, chet ellik sayyohlar uchun xalqaro qatnovlarda tariflar 30% gacha pasaytirildi. O‘tgan yilda ichki aviayoqilg‘inining narxi oshganiga qaramasdan o‘rtacha tarif xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha 13% ga, mahalliy yo‘nalishlarda esa, 50% gacha pasaytirildi (aviayoqilg‘i uchun xarajatlar ulushi qatnov narxining 40% tashkil etadi). Optimal parvozlar jadvalini joriy etish, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish hamda Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida samolyotlarning joylashishi asosida pereferik parvozlarni bajarish evaziga avialaynerlar parkini ishlatish samaradorligi oshdi va bajariladigan qatnovlar soni ortdi. Natijada, parvozlar soni haftasiga 36taga ortib, 2018-yilda 1ta samolyotning o‘rtacha parvoz vaqti sutkasiga 10,9 soatni tashkil etdi, 2017-yilda ushbu ko‘rsatkich 8,1 soatga teng bo‘lgan, jahon amaliyotida esa, bu ko‘rsatkich sutkasiga 10 soatni tashkil etadi. MAK tomonidan aviaparkni kengaytirish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. MAK aviaparki yangi Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirildi. Umumiy qiymati 132 mln. doll.ni tashkil etgan yangi to‘rtinchi Boeing 787 Dreamliner havo kemasi ekspluatatsiyaga topshirildi (kredit to‘lovi MAKning o‘z mablag‘lari hisobidan o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda). Joriy yilda ushbu rusumdagi yana ikkita samolyotni qabul qilish kutilmoqda. Mazkur yangi havo kemalari qabul qilinishi bilan aviakompaniya yangi "Bortda Internet" xizmat turini taklif etishni boshladi. “Toshkent”, “Urganch” va “Nukus” aeroportlarida rekonstruksiya qilingan yangi terminallar foydalanishga topshirildi, umumiy xarajatlar miqdori 300 milliard so‘mni tashkil etdi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va vaqtini sezilarli darajada kamaytirish imkonini bergan mazkur loyihalarni MAK o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirdi. MAK Trenajyor markazida uchuvchilar tarkibinni parvoz vaqtida yong‘inni o‘chirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun “Flame-Aviation” tomonidan ishlab chiqarilgan yangi noyob “V9000 Commander” trenajyori o‘rnatildi. Qo‘shni mamlakatlar aviatashuvchilari bilan faol hamkorlik o‘rnatildi. "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasida uzoq muddatli hamkorlar - SCAT (Qozog‘iston) va Tajik Air (Tojikiston) aviakompaniyalari havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda. MAK O‘quv-mashq Markazi doimiy ravishda AirAstana (Qozog‘iston), SCAT (Tojikiston) va KamAir (Afg‘oniston) aviatashuvchilariga uchuvchilar tarkibini o‘qitish bo‘yicha xizmatlarini taqdim etmoqda. Shu bilan birga, valyuta bozorini liberallashtirish natijasida O‘zbekiston Respublikasi shaharlariga/dan parvozlarni amalga oshiradigan xorijiy aviakompaniyalar soni 18% o‘sdi, 2016-2017-yillar mobaynida 13ta aviakompaniya bo‘lgan bo‘lsa, 2018-yilda ularning soni 20taga yetdi. O‘tgan yili xorijiy aviakompaniyalar tomonidan 11 957 qatnov amalga oshirdi, 2017-yilga nisbatan 9 foizga ko‘p (10 977 qatnov). Bu esa, O‘zbekiston aviatsiya bozorida raqobatni kuchaytirdi. Tadbirda ishtirokchilarning e’tibori 2018-yil 27-noyabrda mamlakatimiz Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tarixida, shubhasiz muhim va ahamiyatli voqea bo‘lganiga karatildi. OAV vakillariga mazkur hujjat ijrosi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ushbu farmonga muvofiq, qayta tashkil etish yo‘li bilan MAK negizida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi. Kompaniyaning tarkibiga kiruvchi davlat unitar korxonalari ma’suliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilmoqda (MChJ). “Maxsus aviatsiya ishlari (MAI)” DUK negizida “Uzbekistan Helicopters” MChJ tashkil etilib, “O‘zaeronavigatsiya” Markazi O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi ta’kidlandi. Farmonda, shuningdek, bir martalik qatnovlarga va aerodromlar yaqinida ob’ektlar qurilishiga ruxsat berish vakolatini Davavianazorat inspeksiyasi (endilikda O‘zbekiston Respublikasi Tansport Vazirligi qoshidagi Fuqaro aviatsiyasi Agentligi)ga o‘tkazish yo‘li bilan davlat boshqaruvi va raqobat muhitini yanada kuchaytirish nazarda tutilgani, avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo, metro transporti, shuningdek, yo‘l transporti sohasidagi yagona davlat boshqaruvi organi sifatida Transport vazirligining tashkil etilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ijobiy va juda muhim qadam ekanligi hamda Prezidentimizning "Transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra yagona davlat siyosatini amalga oshirish va transport sohasini tartibga solish mazkur vazirlikning asosiy vazifasi hisoblanishi aytib o‘tildi. Fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish borasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Milliy aviakompaniyada rahbar tarkib va mas’ul mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Aviakompaniya va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarni qayta tashkil etish bo‘yicha Tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va amalga oshirish mexanizmlari belgilgilab qo‘yildi. Hozirda MAK tomonidan Jahon banki guruhining ko‘magida aviakompaniya Markaziy Osiyo mintaqasi havo transporti bozorida yetakchilikka erishishini maqsad qilgan holda biznes-reja ishlab chiqilmoqda. Shu maqsadda Milliy aviakompaniyada xalqaro tajribalar joriy etilib, aviatashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Aviakompaniya asosiy e’tiborini o‘z byudjetining daromad qismini oshirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratmoqda. Milliy aviakompaniya Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi va Jahon banki maslahatchilari bilan birgalikda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining asosiy vazifalari belgilangan ustavlar loyihasini ishlab chiqdi. “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Direksiyasi negizida “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” moddiy-texnik ta’minot majmuasi” davlat unitar korxonalarini jalb etgan holda tashkil etilmoqda. Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ “O‘quv-mashq markazi”, “Uzbekistan Airways Technics” AK, “Ketring” va “Uzbekistan Helicopters” ma’suliyati cheklangan jamiyatlarning muassisi sifatida ham faoliyat yuritadi. “Uzbekistan Airports” AJ tarkibiga respublikaning barcha faoliyat yuritayotgan aeroportlari kiradi. Havo kemalari parkini samarali ishlatish, yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish, taqdim etilayotgan servis xizmatlarning sifatini oshirish, moslashuvchan tarif siyosatini amalga oshirish, parvozlar xavfsizligi va samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish sifatining yuqori darajasini ta‘minlash, shuningdek, Milliy aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar uyushmalariga integratsiyalashtirish va aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchisi darajasiga erishish “Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari hisoblanadi. Aeroportlar uchun uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularning infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish, parvozlar muntazamligi va xavfsizligini ta’minlash, aeroportlarda yo‘lovchilar va aviatashuvchilarga yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash, ularning xizmat ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish, ularga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berish, shu jumladan, zamonaviy savdo, ovqatlanish, bank ob’ektlarini kengaytirish va boshqa yo‘lovchi tashish xizmatlari, shuningdek, infratuzilmani takomillashtirish va logistika sohasida yuqori sifatli xizmatlarni taqdim etish uchun qulay sharoitlar yaratish “Uzbekistan Airports” AJ faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi. Matbuot anjumanida MAK rahbar tarkibi tomonidan mazkur islohotlar iqtisodiy o‘sish, aviakompaniya faoliyatining samaradorligi hamda raqobatbardoshligini oshirish va parvozlar xavfsizligini yuqori darajada ta’minlash borasida katta foyda keltirishiga ishonch bildirildi va "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi jamoasi milliy aviatashuvchini xalqaro aviatsiya bozorida munosib o‘rin egallashi va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarix zarvaraqlarini yangi yutuqlar bilan to‘ldirish imkonini beruvchi ijobiy o‘zgarishlarga shayligi ta’kidlandi. Muloqot davomida MAK mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga tuliq javob berishdi. Milliy aviakompaniya tarif siyosati, samolyot parki va yer usti infratuzilmasi modernizatsiyasi bo‘yicha loyihalar, xizmatlar sifatini oshirish, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, aeroportlar faoliyati va h.k. mavzular muhokama qilindi. Tadbirda respublika va xorijiy OAV vakillarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. MAK rahbariyati aviakompaniya hayotidagi voqealarni uzoq yillar davomida faol va xolisona yoritib kelayotgan jurnalistlarga minnatdorchilik izhor etib, ularga tashakkurnomalar va esdallik sovg‘alarini topshirdi.
21 Jun 2019

Toshkent-Xabarovsk-Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter qatnovlari qayta yo‘lga qo‘yilmoqda

Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi Platinum Fly Travel bilan hamkorlikda 2019-yil 8-iyuldan boshlab Toshkent-Xabarovsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter qatnovlarini qayta yo‘lga qo‘yadi. Xabarovsk – Rossiyaning Uzoq Sharqdagi yirik shaharlaridan biri bo‘lib,  xalqaro temir va havo yo'llari kesishuvi markazida joylashgan ma'muriy, madaniy va sanoat markazi. Yozgi mavsumda "O'zbekiston havo yo'llari" milliy aviakompaniyasi tomonidan  Toshkent-Xabarovsk-Toshkent yo'nalishidagi parvozlarni shinam va qulay Boeing-767 samolyotlarida amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, qatnovlar ikki haftada bir marta bajariladi.  Ta’kidlash joizki Xabarovsk va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri parvozlar 2018-yil iyul oyidan beri amalga oshirilmayapti.  Toshkentdan HY3537 qatnovi bilan uchish 10:30da, Xabarovskga qo‘nish  22:30da, parvoz  vaqti 7 soat. Xabarovskdan HY-3538 qatnovi bilan uchish  01:00da, Toshkentga qonish 03:30da, parvoz vaqti 7 soat 30 daqiqa. Biletlar hamkorlarimizning quyidagi manzilda joylashgan ofislarida sotilmoqda: 1. Toshkent shahri , Bobur ko‘chasi, 40б-uy. Тel.: + 99893 516-71-71, + 99893 566-75-75; 2. Xabarovsk shahri, Sheronova-3 ko‘chasi, 3-ofis. Тel.: + 7 914 411-00-00, + 7 800 200-97-47.
11 Jun 2019

O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi SITIF 2019 da o‘z xizmatlarini taqdim etdi

6-9 iyun kunlari Seulda Seoul International Tourism Industry Fair (SITIF) 34-Xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, "Meridian travel", "Zuxro travel" va “Orient Mice” turistik kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston milly stendida mamlakatning sayyohlik salohiyatini va aviatashuvi sohasidagi o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Mamlakatimizning yagona stendini tashkil etishda MAK hamda yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar va kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ham faol ishtirok etdi. Yarmarka doirasida mahalliy va xorijiy ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning turistik va investitsion salohiyatining rang-barang taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, O’zbekiston delegatsiyasining Seulga tashrifi davomida Koreya Respublikasida yashovchi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shuni ta‘kidlash joizki, SITIF - Osiyo mintaqasidagi eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, har yili 55 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod ishtirokchi kompaniyani jamlaydi, jumladan, xalqaro aviayo‘nalishi vakillari, milliy va mintaqaviy turizm kengashlari, mintaqaviy sayyohlik ma’muriyatlari, turagentliklar, eng yirik mehmonxonalar, kurortlar va h.k. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi va respublikamizning sayyohlik tashkilotlari mazkur ko‘rgazmada ishtirok etishi aviakompaniya va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ushbu mintaqada va umuman xalqaro sayyohlik bozorida xizmat ko‘rsatishning ajoyib imkoniyati bo‘ldi.
12 Jun 2019

Aviatsiya olamiga sayohat

O‘zbekiston Yoshlar kunini nishonlash doirasida 30-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tarkibiy bo‘linmalariga ekskursiya tashkil etildi. Samoning yosh shaydolari o‘zlarining qiziqarli sayohatlarini "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasi tarixi muzeyidan boshladilar. Bu yerda "UAT" AKning G‘arbda ishlab chiqarilgan komponentlarni ta‘mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sexi mutaxassislari bolajonlarga aviakorxonaning tashkil etilishi tarixi va rivojlanish yillari haqida so‘zlab berishdi. So‘ng bolalar ta‘mirlash angariga taklif qilindilar. U yerda ular samolyot sahniga ko‘tarilib, avialaynerning tuzilishi va texnik imkoniyatlari bilan tanishib chiqdilar. Sayohat poytaxt aeroportining jo‘shqin hayotini kuzatish bilan davom etdi. Bolalar mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar termenallariga tashrif buyurishdi. Ular yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tishini, yuk topshirishini, ko‘rik zonalaridan o‘tishlarini kuzatib, bir so‘z bilan aytganda  aeroportning  doimiy ravishda faoliyat yuritadigan barcha jarayonlariga guvoh bo‘ldilar. Keyingi bosqich  sahn taomlarini tayyorlovchi “Ketring” aviakorxonasi bo‘ldi. Bu yerda ularni “Ketring” mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan bayramona dasturxon kutar edi. Bolajonlar parvoz paytida yo‘lovchilarga taqdim etiladigan taomlarni tatib ko‘rishdi va ularni aytishicha, hammasi juda mazali bo‘ldi! Butun sayohat davomida kichik shaydolarga Yoshlar ittifoqi, MAK Axborot xizmati, rejim xizmati va АП "UAT" aviatsion xafvsizligi, poytaxt havo maskanining maxsustrans xizmati vakillari hamroh bo‘lishdi. Ekskursiya sovg‘alar taqdimoti bilan yakunlandi. Milliy aviakompaniya va kasaba uyushmasi qo‘mitasi rahbariyati bolajonlarga samolyot maketlari bilan birga rang-barang kitoblar taqdim etishdi. Shuningdek, “Ketring” mutaxassislari ham kichik mehmonlarga o‘z sovg‘alarini ulashdilar. Qiziqarli sayohat bolajonlarda yorqin va unutilmas taassurot qoldirdi.
10 Jun 2019

Uzbekistan Airways “Workshop Tashkent 2019 - Welcome to Georgia” forumi ishtirokchisi

2019-yil 10-iyunda Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK ko‘magida Leisure Business Travel xalqaro sayyohlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Workshop Toshkent 2019 - Welcome to Georgia forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘lami turizm xizmatlarini taqdim etuvchi kompaniyalarga qaratilgan ushbu tadbirda yangi aloqalar o‘rnatish va hamkorlarlik munosabatlarini mustahkamlashdan manfaatdor bo‘lgan  turistik tashkilotlar, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari, shuningdek, Gurjistonning turli kurortlaridagi eng yaxshi mehmonxonalari ishtirok etdi. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi forumda transport sohasidagi imkoniyatlari, jumladan, parvozlar jadvallari, yo‘nalishlar, aviapark modernizatsiyasi, yer usti infratuzilmasi, shuningdek, aviakompaniya Markaziy Osiyo mintaqasining jadal rivojlanib borayotgan aviatashuvchisi sifatida  hozirda yo‘lovchilariga taqdim etayotgan texnologik yangiliklari borasida to‘liq ma’lumot berdi. Workshop Tashkent 2019 -Welcome to Georgia loyihasi doirasida O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi Toshkent-Tiflis-Toshkent yo‘nalishida bepul aviabiletlar o‘yini tashkil etdi. Bu mazkur yo‘nalish bo‘yicha MAK muntazam qatnovlarining ochilishi arafasida sayyohlik sohasi vakillari o‘rtasida o‘ziga xos reklama vazifasini bajardi.
01 Jun 2019

“Buxoro” xalqaro aeroporti MDH aeroportlari orasida eng yaxshi deb topildi

Fuqaro aviatsiyasi xalqaro “Aeroport” assotsiatsiyasi 2018-yil yakunlari bo‘yicha MDHga a’zo mamlakatl araeroportlari o‘rtasida eng yaxshi aeroportni aniqlash bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Mazkur tanlovda “Buxoro” xalqaro aeroporti yana bir bor birinchi o‘ringa munosib deb topildi. Assotsiatsiyaning maxsus kubogi va Faxriy yorlig‘i aeroport jamoasining 2018-yildagi faoliyatiga munosib mukofot bo‘ldi. “Buxoro” xalqaro aeroporti ushbu nufuzli tanlovda 2012-yildan buyon ishtirok etib keladi va besh marta “MDH mamlakatlari o‘rtasidagi eng yaxshi aeroport”, uch bora - “MDH mamlakatlarining jadal rivojlanayotgan aeroporti” hamda ikki marta “MDH mamlakatlarining istiqbolli aeroporti” nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Havo maskani 100 mingdan 500 ming nafargacha yo‘lovchini tashish quvvatiga ega aviakorxonalar orasida oltinchi marta“ MDH mamlakatlaridagi yilning eng yaxshi aeroporti” deb e’tirof etildi. “Buxoro” aeroporti xalqaro maqomini 1999-yilda qo‘lga kiritgan bo‘lib, 2011-yilda aeroportda soatiga 400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi aerovokzal majmuasi ishga tushirilgan edi. Aeroport xizmatlaridan yiliga 120 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalanadi, shulardan 15 mingdan ortig‘I xorijlik sayyohlardir.
02 Jun 2019

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK “Ketreng”i eng yaxshi deb topildi

O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi samolyot sahnida taqdim etayotgan o‘zining eng mazali taomlari bilan xorijiy aviakompaniyalarning reytingida birinchi o‘rinni egalladi. “Tutu.ru” xizmati 2018-yilning aprelidan 2019-yilning apreliga qadar 27500 nafar mustaqil yo‘lovchilar orasida  parvoz davomidagi eng mazali taomlarni taqdim etadigan aviakompaniyalar reytingi uchun o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ikki yil avval bo‘lgani kabi reytingning mutloq g‘olibiga aylandi. Yolovchilar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi taomlari judayam totli va to‘yimlidir. Shuningdek, ularga 6 soatdan ko‘p parvoz qiluvchi yo‘lovchilarga asosiy ovqatdan tashqari nonushta berilishi ham yoqadi.      Ta’kidlash joizki, sahn taomlarini MAK “Ketring” DUKning eng malakali oshpazlari tayorlaydi. Uning taomnomasi va tarkibi muntazam ravishda yo‘lovchilar talab va istaklarini hisobga olgan holda yangilanib boriladi. Shuningdek, taomlar tayyorlanganda yo‘nalish hamda yo‘lovchilarning qanday taomlarni afzal ko‘rishlari inobatga olinadi. Parvoz paytida issiq va sovuq taomlar, turli gazak tanlovi, sarxil ichimliklar, shuningdek, taniqli brendlarning spirtli ichimliklari, mevalar, ko‘katlar va sabzavotli garnirlar mo‘lligi, sharqona iforni beruvchi milliy somsalar,  mayiz, o‘rik va yong‘oqlardan ibotar quritilgan mevalar taqdim etiladi. Aviakompaniya yo‘lovchilari odatiy sahn taomlari bilan birga bepul ravishda o‘zlariga mos keladigan, yoshi va diniy e’tiqodlarini hisobga olgan holda maxsus (vegetarian,  kosher, bolalar va boshqa) taomlarga buyurtma berishlari mumkin.  Mazkur taomlarni aviachipta xarid qilganda qayd etish kerak va aeroportda ro‘yxatga olish vaqtida tasdiqlab olish lozim.
09 May 2019

Qadrlaymiz, unutmaymiz, va faxrlanamiz!

Bugun, 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK  poytaxt aeroportidagi Xotira yodgorligi oldida aviakompaniya O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Oʻzbekiston aviaxodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi, rahbariyati, faxriylar va MAK tarkibiy bo‘linmalari mutaxassislari ishtirokida tantanali miting boʻlib oʻtdi. An‘anaga ko‘ra, aviakompaniya yoshlari urush va mehnat fronti ishtirokchilarini hamda soha faxriylarini harbiy orkestr sadolari ostida gullar bilan kutib oldilar. Tabrik so‘zlari bilan "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi bosh direktori Baxtiyor Hakimov hamda  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatori Valeriy Tyan faxriylarga murojaat etdi. Ular, yillar, asrlar o‘tsa ham tinch hayot uchun jonini fido qilgan fidoyi vatandoshlarimizning nomlari abadiy xalqimiz xotirasida qolishini ta’kidlab o‘tdilar. Bu kunda biz qonli urush yillari qiyinchilklarni mardonavor jasorat bilan qarshilab, jangu maydonlarda halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning barchasini yodga olamiz va bugungi kunda oramizadagi faxriylarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatamiz. O‘zbekiston urush paytida ishonchli ortga aylandi. Sanoat korxonalari harbiy ehtiyojlar uchun yo‘naltirilgan bo‘lib, g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanildi. Ishchilar va muhandislar bilan birgalikda ayollar, qariyalar, o‘smirlar respublikamizga evakuatsiya qilingan yuzdan ortiq zavod va fabrikaning faoliyatini tashkil etish uchun astoydil va fidokorona mehnat qildilar. Frontga ikki mingdan ziyod samolyotlar, ko‘plab boshqa harbiy texnika va qurol-yaroq, harbiy-tibbiy poezdlar, yuzlab dala oshxonalari, ko‘p miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa kerakli mahsulotlar yuborildi. Og‘ir sinovlar havo floti xodimlari zimmasiga ham tushdi. Uchuvchilar, texniklar, shturman va boshqa aviamutaxassislar birinchilar qatorida jo‘nab ketdilar. Urushning dastlabki kunlaridayoq O‘zbekistondan 15 nafar samolyotda aviatorlarning birinchi guruhi jang maydoniga uchib ketdi.   A.Taymetov, G.Aripov, I.Pazilov, I.Popelnitskiy, V. Galishev va boshqa aviatorlar birinchilar qatorida harbiy xizmatga chaqirildilar. Bugun biz shiddatli janglarda halok bo‘lganlarning xotirasi oldida bosh egamiz, shuningdek, biz bilan bo‘lgan va tinchlik davrida vafot etgan faxriylarni hurmat bilan tilga olamiz. Ular Vladimir Dronov, Vasiliy Bedrin, Aleksandr Lushnikov, Ivan Grebennikov, Toshxan Xodjaev, Bakir Sultonov, Yuriy Xilkov, Aleksandr Kaloshin, Nina Kuznetsova, Atxam Gazinazarov, Gapur Aripov, Fathulla Nazrullayev, Yakov Melnikov, Konstantin Motigin va boshqalar. Xotiralari obod bo‘lsin. Oramizda yashayotgan hurmatli faxriylarimiz Solih Baxtiyarov va Yunis Gorchakovlardan minnatdormiz. Yorqin kelajagimizga qo‘shgan xissangiz uchun cheksiz hurmat va rahmat aytamiz. Biz mustaqil, jadal rivojlanayotgan mamlakatda yashaymiz va har birimiz xalqimizning ulkan mehnati, fidoyiligi va qat‘iyatligi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va yutuqlari bilan faxrlanamiz.  Aziz faxriylar! Sizlarni Xotira va Qadrlash kuni bilan chin dildan tabriklaymiz, sizlarga mustahkam sog‘liq, farovonlik va uzoq umr tilaymiz!
03 May 2019

Faxrlanamiz va unutmaymiz!

Umumxalq bayram - 9 may - Xotira va qadrlash kuni, keksa avlodga asrlar davomida ;bizga namuna bo‘lgan qahramonliklari va erishgan zafarlari uchun chuqur hurmat va minnatdorchilik timsoliga aylandi. Bu kun biz o‘zlarining insoniy burchini bajarib, janglarda halok bo‘lgan va yorqin kunlarimizni ko‘rish nasib etmaganlarning xotirasi oldida boshimizni egamiz. Shu bilan birga, bugungi kunda oramizda bo‘lgan urush va mehnat faxriylariga hurmat ko‘rsatishimiz kerak. Ular sinmas ruhiyat, fidokor, jasorat va qat'iyatlilikning mustahkam namunasidir. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi ushbu muhim kun arafasida o‘z faxriylarini taqdirlamoqda. MAKning barcha tarkibiy bo‘linmalarida ular uchun tantanali uchrashuvlar, konsertlar va esdalik sovg‘alari tashkil etilgan. Bayram arafasida MAK mutaxassislari mehnat fronti faxriylari Leonid Klochko, Valentina Ganshin, Tatyana Chistyakova, Azizaxon Ibodiyevalar xonadonlariga o‘z tashriflari bilan o‘zbek aviatsiyasining rivojlanishiga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorlik izhor etdilar. Faxriylar suhbat davomida o‘zlarining kechirgan mashaqqatli damlarini eslab o‘tib, urushdan keyingi yillarda o‘z ish faoliyatlari haqida g‘ayrat bilan aytib berishdi. Aviakompaniya rahbariyati tomonidan ularga pul mukofotlari va gullar, MAKning barcha jamoasi nomidan esa, salomatlik va uzoq umr tilaklar bildirildi. ;Shuni ta‘kidlash kerakki, uyda o‘tkaziladigan bunday uchrashuvlar doimo ijobiy his-tuyg‘ularga to‘la bo‘lib, faxriylar o‘zlarini esga olinilganligini his qiladilar. Shuningdek, fahriyarimiz yonida o‘tkaziladigan daqiqalar har birimiz uchun o‘zgacha qadrlidir. Ularga hurmat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish - bu nafaqat an‘ana, balki bizning burchimiz va ularning bebaho nasihatlari qimmatli yo‘riqnomalari mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va farovonlikni qadrlashga talab qiladi.

Pages