“Uzbekistan airways” AJ

Kompaniya yangiliklari

26 Oct 2019

Urumchi aeroportida yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va bortga chiqarish vaqtlariga o‘zgartirishlar kiritildi

Hurmatli yo‘lovchilar! "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi sizga 2019- yil 1-noyabrdan Urumchi aeroportida qatnovlar uchun yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish reysning jo‘nash vaqtidan 50 daqiqa oldin, yo‘lovchilarni samolyotga chiqarish esa parvoz vaqtidan 20 daqiqa oldin tugatilishini ma‘lum qiladi.  Eslatib o‘tamiz, "Uzbekistan Airways" Urumchiga haftasiga ikki marta seshanba va juma kunlari muntazam yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshiradi.
21 Oct 2019

Ona tili - milliy qadriyatlarimizning asosidir

O‘zbek tili mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ma‘naviy-ma‘rifiy rivojlanishida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dunyoning eng qadimiy va eng boy tillaridan biri hisoblanib, xalqimizning milliy o‘ziga xosligi va mustaqil davlatchiligining ramzi, uning bebaho ma‘naviy boyligi va buyuk qadriyatidir. Milliy merosimizning asoslaridan biri  hisoblangan ona tiliga bo‘lgan katta e‘tibor tufayli 1989-yil 21-oktyabrda "O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi, uning asosida so‘nggi yillarda o‘zbek tili mustahkam huquqiy baza va yuqori maqomga ega bo‘ldi. Mamlakatimizning  barcha joylarida bo‘lgani kabi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasida ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi keng nishonlanadi. Davlatimiz rahbarining “Davlat tili to‘g‘risida” gi qonun qabul qilinganligining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ”gi qaroriga binoan Kadrlar boshqarmasining Ijtimoiy siyosat boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar dasturiga muvofiq, aviakompaniya Direktsiyasida mahalliy va xorijiy yozuvchilarning asarlari, bolalar adabiyotlari taqdim etilgan kitob ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ushbu yubiley sanasini nishonlash doirasida bo‘linmalar tomonidan ona tilimizning o‘rni va nufuzini oshirish va uning boy imkoniyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan badiiy va ma‘rifiy kechalar ham tashkil etiladi. Shuningdek, aviakompaniya xodimlari va yoshlari poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy bog'ida o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etadilar.
21 Oct 2019

21- oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun

Til - millat boyligi, yurt taraqqiyoti kafolatidir. U insonga berilgan benihoya muqaddas ne’mat, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan sehrli bir jilodir. Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan o‘zining ona tiliga muhabbat bilan qaragan, uni e’zozlab ardoqlagan, mukammalligi va betakror ohanglaridan faxrlangan. Barchaga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatori qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas ramz hisoblanadi. Bu yil o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. O‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilganligi munosabati bilan aviakompaniya tarkibiy bo‘linmalarida ham har yili turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad til – insonlarning o‘zaro aloqa vositasi, har bir xalqning bebaho boyligi va millatni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri hisoblanishini hamda ona tilimizni asrash xalq va millatning kelajagini asrash ekanligini o‘sib kelayotgan yosh avlodga tushintirishdan iborat. Albatta, shu kuni ona tilimizni madh etuvchi g‘azallar, she’rlar o‘qiladi, qo‘shiqlar kuylanadi. Uning jozibasi va sehrini ko‘rsatuvchi sahna asarlari namoyish etiladi. Hurmatli yurtdoshlar! Davlat tilimizning 30 yillik to‘yi barchaga muborak bo‘lsin!   Dildora Xasanova, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikl komissiyasi katta o‘qituvchisi: Bundan 30 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Ona tili – millatning ruhidir. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. 1989-yil 21-oktyabrda “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. O‘quv-mashq markazimizda ham davlat tilida ish yuritish, xodimlar malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Tinglovchilarni va aviaxodimlarni o‘qitish bo‘yicha boshlang‘ich tayyorlov va malaka oshirish kurslari, bundan tashqari yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan va muloqotda bo‘ladigan uchuvchi va bortkuzatuvchilar uchun yangi “axborot o‘qitish” dasturlari ishlab chiqildi. Mazkur dastur bo‘yicha barcha uchuvchi va bortkuzatuvchilarimiz davlat tilidagi axborotni to‘g‘ri o‘qish va to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi. Davlat tilida ish yuritishning qonuniy me’yorlarini bajarish maqsadida markazimizda tarjimonlar guruhi ham faoliyat yuritadi. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganish istagi bo‘lgan markazimizda ishlaydigan xodimlarimiz uchun alohida o‘quv kurslari ham tashkil etilgan. Jamoamizdagi malakali o‘qituvchilar dars jarayonlarida tinglovchilarga imkon qadar tilimizning nozik jihatlarini va fandagi yangi-yangi ma’lumotlarni taqdim etishga harakat qilishadi. Imkoniyatdan foydalanib, tilimizning 30 yillik bayrami bilan aziz vatandoshlarimizni chin qalbdan tabriklayman. Ona tilim, sen borsan, shaksiz, Bulbul kuyin she’rga solaman. Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz, Men ham to‘ti bo‘lib qolaman! Karimova Umida, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikli o‘zbek tili o‘qituvchisi: Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi va millatning ma’naviy boyligidir. Til, nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. O‘zbek tili Mavlono Lutfiy, Xazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Boburlardan to shu kunlargacha mashaqqatli va olis yo‘lni bosib o‘tdi. Ajdodlarimiz, olimlarimiz asrlar davomida o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishini orzu qilishdi, yaratganga behisob shukrki, bunday ne’mat bilan Alloh bizni siylab qo‘ydi. Holbuki, hamma tilni hurmatlash odobi va nutq madaniyatini o‘rganish har birimiz uchun zarur omil hisoblanadi. Zero, og‘zaki nutq madaniyatini bilish, o‘rganish ham yuksak fazilat hisoblanadi. Hazrat Navoiy aytganlaridek, Tilga e’tibor – elga e’tibor. Bizning jamoadagi pedagog xodimlar ham o‘quv markazimizdagi dars jarayonlarida tinglovchilarni tilimizga qiziqtirish, tarixi borasida ma’lumot berish va bilimlarini oshirish maqsadida doimo o‘z ustilarida ishlaydilar, o‘qib-o‘rganadilar. O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha qanday yangilik va innovatsion texnologiyalar bo‘lsa, ulardan samarali foydalanadilar. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni 21- oktyabr - O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilingan kun bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Tilimizni dunyoga tanitayotgan ilm-fan vakillariga ulkan zafarlar tilayman.     Shoira Rasulova, MAK O‘quv-mashq markazi Davlat tili sikli o‘zbek tili o‘qituvchisi va arxiv ishlari bo‘yicha mutaxassisi: Ona tili bu millat uchun ayni o‘zlikdir. Ona tili inson ongu shuuri, qalbi va ruhiga ona allasi, keyinchalik ertagu rivoyatlar, maqolu topishmoqlar, ajdodlarining hayoti tikilgan, millatning orzu o‘ylari, insoniylikning tarixidan so‘zlovchi adabiy yodgorliklar bilan kirib boradi. Ona tilimiz o‘z jozibasi hamda qiyosi yo‘q betakrorlikka ega. Dunyoda tillar ko‘p, biroq ular orasida o‘zbek tilidek so‘zga, ibora va ibratlarga boy til bo‘lmasa, kerak. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar, ayniqsa, shu millatni, jamiyatni harakatga keltiruvchi qonunlar ham, avvalo, biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. O‘zbekiston Respublikasining ham o‘z davlat tili bor. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari va o‘quv yurtlarida o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Davlat tilida ish yuritish hujjatlari qayta nazoratga olindi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Azizlar, tilimizdagi barcha ezgu so‘zlar hamrohingiz bo‘lsin, dilingizda esa, o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr aslo so‘nmasin. Zero, til millat va Vatan timsolidir!
24 Sep 2019

Toshkentda Boeing 787 Dreamlinerda ilk C-chek amalga oshirildi

“Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi mutaxassislari “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining keng fyuzelyajli Boeing 787 Dreamliner samolyotida C-check shaklidagi texnik xizmatni muvaffaqiyatli yakunladilar. Ushbu shakldagi texnik xizmat samolyotning barcha tizimlari, uskunalari va tuzilishini tekshirishning eng qiyin turlaridan biri hisoblanadi. Shu bois uni amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘rishga alohida e‘tibor qaratildi. Tayyorgarlik ishlariga korxona texnik-muhandislik va logistika xizmatlari jalb qilinib, bajariladigan ishlarni baholash, tahlil qilish, rejalashtirish, taqsimlash va barcha zarur ehtiyot qismlarni yetkazib berish masalalri 6 oy davomida o‘rganib chiqildi. Shuningdek, zarur yer usti uskunalari yasaldi, samolyot uchun maxsus turargoh tayyorlandi, nazorat-sinov uskunalari va maxsus asboblar sotib olindi. Bunday puxta tayyorgarlik natijasida C-chek qisqa vaqt ichida yuqori darajada bajarildi. Barcha tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi, xizmat ko‘rsatish byulletenlari va uchishga yaroqliligi bo‘yicha ko‘rsatmalar takomillashtirildi, dvigatellar, qo‘nish uzatmalari, qanot mexanizatsiyasi, boshqaruv tizimlari, gidro-, elektr, kislorod va yong‘inga qarshi tizimlariga servis xizmat ko‘rsatildi, shuningdek, samolyot tizimlari dasturiy ta‘minoti yangilandi. Bundan tashqari, pol qoplami to‘liq yangilandi, yo‘lovchilar salonida o‘rindiqlar qoplamalari almashtirildi, samolyotning bo‘yoq qatlami qisman tiklandi. Ta‘kidlash joizki, “Uzbekistan Airways Technics” (“UAT”) aviakorxonasi postsovet hududida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash bo‘yicha yetakchi markazlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Yevropa (EASA) va Bermud orollari (BCAA) aviatsiya hukumatining sertifikatlariga egadir. Boeing 757/767/787, Airbus 300/310/318/319/320/321 va ularning tarkibiy qismlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash (TXvaT) ishlari “UAT” aviakorxonasining zamonaviy majmuasida amalga oshiriladi. Hozirda esa, bu yerda Boeing 737 samolyotlariga TXvaT ishlarini o‘zlashtirish jarayoni yakuniga yetmoqda.
20 Sep 2019

Sankt-Peterburgdagi taqdimot

2019-yil 18-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining shimoliy poytaxtida O‘zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyati va “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining xizmatlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi vakolatxonasi aviakompaniyaning aviatashuvlarini sotish bo‘yicha bosh agenti “AeroTur” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda yirik mahalliy va Shimoli-g‘arbiy federal okrugi turistik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Respublikamizning boy sayyohlik salohiyati va Milliy aviakompaniyaning tashuvlar borasida keng imkoniyatlari taqdimoti davomida 2019-yil bahor-yoz mavsumida Rossiyadan O‘zbekistonga sayyohlik oqimi 30 foizga oshgani va bu rossiyalik mehmonlarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan, shuningdek, milliy aviatashuvchining barqaror ishlashidan dalolat ekani ta’kidlandi. Tadbir qatnashchilariga “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniya qishki parvozlar jadvalidagi yangiliklar,  xalqaro hamda tranzit yo‘nalishlarida parvozlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar borasida ma’lumot taqdim etildi. Shubhasiz, bunday tadbirlar nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va turizmni rivojlantirishga, balki ushbu mintaqada O‘zbekiston sayyohlik yo‘nalishi va Milliy aviakompaniyamiz xizmatlarini ommalashtirishga xizmat qiladi.
23 Aug 2019

“Uzbekistan Airways Technics” texnik xizmat ko‘rsatishning yangi turini o‘zlashtirdi

“Uzbekistan Airways Technics” (“UAT”) aviakorxonasining texnik xizmat ko‘rsatish markazi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Airbus A320 samolyotining shassi tirgagichlarini almashtirish bo‘yicha texnik xizmat ko‘rsatishning yangi turi ilk marotaba amalga oshirildi. Ta‘mirlash ishlari o‘z vaqtida va yuqori sifat bilan bajarildi. Mazkur turdagi samolyotlarda bunday murakkab texnik operatsiya o‘n yilda bir marta amalga oshiriladi. O‘zlashtirilgan texnik jarayon samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish vaqtini sezilarli darajada kamaytiradi va  aviatashuvchiga ularni qisqa muddatda ekspluatatsiyaga qaytarishga yordam beradi. Joriy yil oxirigacha “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” ning yana bir necha Airbus A320 va Boeing 757 havo laynerlaridagi shassi tirgagichlarini almashtirishni rejalashtirmoqda. Texnik xizmat va ta’mirlashning ushbu murakkab shakli ilk marta Boeing 757 samolyotida 2009-yil yanvar oyida o‘zlashtirilgan. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Davavianazorat va xalqaro aviatsiya hukumatlarining sertifikatlari, aviakorxona mutaxassislariga texnik xizmatning mazkur turini boshqa aviakompaniyalar samolyotlarida ham bajarishga imkon beradi.
26 Aug 2019

«Uzbekistan Airways Technics» navbatdagi «Tadjik Air» samolyotini qabul qildi

26-avgust kuni I.Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga “O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining “Uzbekistan Airways Technics” (UAT) aviakorxonasida texnik ko‘rik va ta‘mirdan o‘tish (TXvaT)  uchun kelgan “Tadjik Air”ning navbatdagi samolyoti qo‘ndi. Bu “Tajik Air” aviakompaniyasining “UAT” aviakorxonasida TXvaTdan o‘tayotgan birinchi avialayner emas. Tojikiston aviakompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik 2016-yildan beri yo‘lga qo‘yilgan. Kelgan samolyotda texnik xizmat ko‘rsatishning C-shek murakkab shaklini o‘tkazish rejalashtirilgan. - Bizning aviakompaniyamiz G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlashning barcha turlarini amalga oshirish uchun zarur texnik vositalarga va malakali xodimlarga ega. Uning quvvati texnik xizmat ko‘rsatishning bo‘yashdan tortib, to mukammal ta‘mirlashgacha bo‘lgan deyarli barcha murakkab shakllarini nafaqat o‘z samolyotlariga, balki ushbu xizmatlarni xorijiy tashuvchilarga ham taqdim etishga imkon beradi. Aviakompaniyamiz mutaxassislari mijozlarning talablarini qondirish, xususan, o‘z vaqtida va samolyotga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdalar, - dedi «UAT» aviakorxonasining G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi bosh menedjeri Oleg Volokitin. Har yili SCAT (Qozog‘iston) aviakompaniyasining samolyotlari, Tadjik Air va boshqa xorijiy aviakompaniyalarning samolyotlariga Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish korxonasida texnik xizmat ko‘rsatilmoqda.    Joriy yilning oxiriga qadar yana bir tojik aviakompaniyasi va Qozog'istonning SCAT aviakompaniyasining bitta samolyoti MROga kelishi kutilmoqda.  Ta‘kidlash joizki, bugungi kunda "Uzbekistan Airways Technics" aviakompaniyasining samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash bo‘yicha buyurtmalar to‘plami juda tig‘iz bo‘lib, bu o‘z navbatida uning xorijdagi imidji ijobiy ekanligidan dalolat beradi.
19 Sep 2019

Toshkent-Myunxen-Toshkent yangi yo‘nalishi ochilmoqda

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi yangi muntazam Toshkent—Myunxen—Toshkent yo‘nalishi ochilishi munosabati bilan joriy yilning 19-sentyabridan chiptalar sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Toshkentdan Myunxenga va qaytish yo‘nalishidagi ekonom klass aviabiletlarining narxi 520 yevrodan boshlanadi. O‘zbekiston aviatashuvchisining Toshkent-Myunxen-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlari 2020-yilning 1-aprelidan boshlab, har shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, hozirgi paytda O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi haftada uch marotaba dushanba, payshanba va shanba kunlari Germaniyaning yirik iqtisodiy markazlaridan biri - Frankfurt shahriga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
10 Sep 2019

Kiyevga charter qatnovlar!

Joriy yilning 5 oktyabridan boshlab “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy avaikompaniyasi “Charter Flights Group” MCHJ bilan hamkorlikda Toshkent-Kiyev-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter qatnovlari yo‘lga qo‘ymoqda. Qatnovlar haftasiga bir marta quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi (mahalliy vaqt): Toshkentdan uchib ketish - 23:55 (shanba), Kiyevga uchib kelish -  02:45 (yakshanba) Kiyevdan uchib ketish - 04:15 (yakshanba), Toshkentga uchib kelish - 10:45 (yakshanba) Aviaqatnovlar Boeing 757 va Airbus A320 samolyotlarida bajariladi. Chiptalarni sotib olish uchun “Charter Flights Group” MChJga murojaat qiling: Toshkent shahar Chilonzor tumani, 11-daha, 46-uy. Tel: (998) 93 516 7171, (998) 93 566 7575, Kiev shahri  Saksaganskiy ko‘chasi, 5-uy, 3-ofis. Tel: (380) 66 697 9999, (380) 68 011 5555
16 Aug 2019

Avgust oyining uchinchi yakshanbasi - O‘zbekiston Respublikasi Havo Floti kuni

O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi: yangi tarix ko‘zgusida  "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi 1992-yil 28-yanvarda tashkil etilgan. Shu yillar mobaynida aviakompaniya sharafli yo‘lni bosib o‘tdi va bugungi kunda xalqaro aviabozorda o‘z o‘rniga egadir. Mamlakatimiz o‘sha vaqtning o‘zidayoq o‘zbek fuqaro aviatsiyasi oldiga aniq vazifalarni belgilab qo‘ydi va mana 27 yildan ziyod vaqt mobaynida sohani modernizatsiyalash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu vazifalar aviatorlarimiz tomonidan amalga oshirilib kelmoqda. Milliy aviatashuvchi faoliyati davomida fuqaro aviatsiyasiningqo‘llanish ko‘lami kengaytirildi hamda dunyoning barcha qit’alariga parvozlar amalga oshirilishi boshlandi. Bugun aviakompaniya laynerlari Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga 60dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz qilmoqda hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda. O‘tgan yilning oxirgi uch oyida uchta yangi yo‘nalish - Mumbay, Vladivostok va Jidda shaharlariga, joriy yilda esa, Jakarta va Tbilisiga muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Myunxenga parvozlarni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Xalqaro parvozlar soni sezilarli darajada oshdi. Masalan, talab katta bo‘lgan yo‘nalishlardan biri Toshkent-Moskva qatnovi soni haftasiga 27 tagacha oshirildi, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Namangan va Farg‘onadan qatnovlarni hisobga olgan holda Rossiya poytaxtiga umumiy parvozlar soni 49 taga yetdi. Toshkentdan Seul, Nyu-York, Istanbul, Dubay, Dehli, Bangkok, Nur-Sulton, Almati, Dushanbe, Bishkek, Minsk, Sankt-Peterburg, Rostov-Don va Novosibirskka ham parvozlar soni ortdi. Eng ommabop yo‘nalishlardan biri - Istambulga - haftada poytaxtdan o‘n to‘rt va Samarqanddan uchta reys amalga oshiriladi. Tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulaylik yaratish va yuk jo‘natuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aviakompaniya “Milliy logistika portalini joriy etish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. "Logistika.uz" portali barcha transport kompaniyalari va tadbirkorlarga yuklar mavjudligi va ularni tashish imkoniyati haqida yagona ma’lumotlar bazasini taqdim etadi. Ushbu portal yordamida yuk egalari bo‘sh yoki muqobil transportni oson topish va tanlashi hamda tez buziladigan mahsulotlarni (oziq-ovqat yoki meva va sabzavotlar) tashish bilan bog‘liq masalalarni tezkor xal etishlari mumkin.  Shu bilan birga MAK dunyoning 40ta aviatashuvchisi bilan yo‘lovchi elektron interlayn kelishuvlarini imzolagan. Ushbu kelishuvlar tufayli Milliy aviatashuvchining aviayo‘nalishlar tarmog‘i sezilarli darajada kengaydi, yo‘lovchilarga hamkorlarning tutashuv qatnovlarini hisobga olgan holda sayohat uchun yo‘nalishlarni tanlash borasida keng imkoniyatlar ochildi.  Aviakompaniya bir qator innovatsion yechimlarni joriy etdi. Samolyot sahnida yo‘lovchilar uchun eng qulay joyni deraza yonidagi, sahnning oldi qismi yoki o‘tish joyiga yaqin o‘rindiqni oldindan bron qilish imkoniyatini beradigan yangi "joy tanlash" interfaol xizmati taklif etilmoqda. «Uzbekistan Airways» aviabiletlarini bron qilish va sotib olish uchun rasmiy mobil ilova ham joriy etdi. Shuningdek, aviakompaniyaning Tashuvlarni sotish boshqarmasi call-center faoliyatini avtomatlashtirish va optimallashtirish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishga tushirildi. Bundan tashqari, ilgari xizmatlar uchun onlayn to‘lovlar faqat "Viza" va "UzCard" bank kartalari yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, endi ular qatoriga “MasterCard” qo‘shildi, bu esa sotuv tizimini nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun ham qulayroq qildi. Joriy yilning fevral oyida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar evaziga to‘plangan ballar hisobiga aviakompaniya qatnovlarida bepul uchish imkonini beruvchi "NAK-NBU" yangi kobrend bank kartasi muomalaga kiritildi.  2018-yilda aviakompaniya 21 mingdan ortiq qatnovni amalga oshirib,yo‘lovchi tashuvida uch millionlik marrani bosib o‘tdi. Uch millioninchi yo‘lovchi 2018-yil 17-dekabr kuni ro‘yxatdan o‘tdi. Xalqaro tajribani o‘rganmasdan va qabul qilmasdan, global havo transport tizimiga qo‘shilmasdan turib, dunyo bo‘ylab parvozlarni amalga oshirish mumkin emas. "Uzbekistan Airways"ning 2008-yilda IOSA operatorlarining rasmiy reyestriga kiritilishi ushbu yo‘nalishda mantiqiy qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, aviakompaniya IATA, ICAOning alohida dasturlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Aviakompaniyaning mukofotlar ro‘yxati kengayib bormoqda. Milliy aviatashuvchi bir necha bor "Domodedovo", "Sochi", "Krasnodar", “Qozon”, “Kolsovo” xalqaro aeroportlari tomonidan eng punktual aviakompaniya hamda “Vnukovo” va “Pulkovo” aeroportlari tomonidan MDH davlatlari orasida “Eng jadal rivojlanayotgan xorijiy aviatashuvchi” deb e’tirof etildi. Aviakompaniya Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “NETWORK 2018” forumida aviamarketing sohasidagi yutuqlari uchun Yevroosiyo mukofoti, shuningdek, O‘zbekiston aviakompaniyasi 2018-yilda Krasnoyarsk shahri aeroportining xalqaro yo‘lovchilar tashuvini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Yemelyanovo aeroporti”ning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalari sahnida servis va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladigan "Sky Service" Xalqaro Forumida bir necha bor ishtirok etgan "Uzbekistan Airways" qator nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 2018-yilda aviakompaniyaning bortkuzatuvchilar jamoasi nufuzli tanlovda"Yil jamoasi" kubogiga sazovor bo‘lib, bortbuzatuvchi qizlarimizdan biri esa, "Yilning eng yaxshi bortkuzatuvchisi" deb tan olindi. Joriy yilda "Uzbekistan Airways" bortkuzatuvchilari jamoasi "Savdo - xizmat ko‘rsatish san’ati" nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, aviakompaniyaning bortkuzatuvchisi esa, ilk marotaba o‘tkazilgan SkyLady 2019 tanlovida ikkinchi vitse-miss, deb e’tirof etildi. Uchuvchilar, bortkuzatuvchilar, parvozlarning yerusti ta’minotimutaxassislarini o‘qitish va ularning malakasini doimiy ravishda oshirish - aviakompaniya faoliyatida parvozlar xavfsizligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlaridan hisblanadi. Bugungi kunda Boeing 757/767, A320 samolyotlarining zamonaviy aviatsiya trenajyorlariga ega bo‘lgan O‘quv-mashq markazida (O‘MM) aviakompaniya uchuv tarkibi real voqelikka maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitlarda o‘qitilmoqda. Yil davomida “Airbus A320” va “Boeing 767” trenajyorlarining ishlash ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyo aviakompaniyalari bilan hamkorlikning kuchayishi natijasida o‘rtacha 30 foizga oshdi. Shuningdek, o‘tgan yilning sentyabr oyida Gollandiyada ishlab chiqarilgan samolyot sahnidagi yong‘inni o‘chirish ko‘nikmalarini va tutun holatidagi xatti-harakatlarni mashq qilish uchun yangi "V9000 Commander" simulyatori ishga tushirildi. O‘quv-mashq markazining bunday uskunalar bilan jihozlanganligi aviakompaniyaning yuqori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislarni shakllantirishiga imkon beradi. Hozirgi kunda O‘MMda uchuvchilarni boshlang‘ich tayyorlovi bo‘yicha ishlar boshlangan. 27 yil davomida milliy aviatashuvchi havo kemalari parki bosqichma bosqich yangilanib bormoqda. Parvozlar xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchilarimizga yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2004 yildan beri barcha sovet davrida ishlab chiqarilgan Il-86, Il-62, Tu-154, An-24, Yak-40 samolyotlar rejali ravishda zamonaviy Boeing 757 va 767, Airbus A320 havo kemalariga almashtirildi. 2016-yilda birinchi ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyotlari keltirildi, uchinchi "orzu layneri" esa, 2018-yilda qabul qilindi. Joriy yilda Milliy aviakompaniya floti to‘rtinchi va beshinchi Drimlaynerlar bilan to‘ldirildi. 2020-yilga kelib ushbu turdagi oltinchi samolyotning keltirilishi kutilmoqda, mazkur layner olinishi bilan O‘zbekiston aviakompaniyasi MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi. Shuningdek, joriy yilda aviapark ikkita iqtisodiy jihatdan samarador Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirildi. Bugungi kunda aviakompaniyada Wifi orqali Internet tarmog‘iga ulanish uskunalari bilan jihozlangan 4 ta samolyot (ikkita Boeing 787 Dreamliner va ikkita Airbus A320neo) mavjud. Va, albatta, MAK tarixida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni eng asosiy va muhim voqea bo‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi «Uzbekistan Airways» AJ brendi ostida o‘z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, qayta tashkil etish orqali MAK negizida «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati (AJ) tashkil etilyapti hamda MAK tarkibiga kiruvchi Davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga (MChJ) aylantirilyapti. Shubhasiz, olib borilayotgan islohotlar "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi faoliyati samaradorligi va iqtisodiy o‘sishiga, uning raqobatbardoshligi oshishiga hamda parvozlar xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanishiga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlanishning yangi bosqichi kutmoqda. Aviakompaniya jamoasi o‘z faoliyatida aviatashuvchini xalqaro aviatsiya bozorida munosib o‘rin egallash va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining tarix zarvaraqlarini yangi yutuqlar bilan bezashga imkon beruvchi ijobiy o‘zgarishlarni kutmoqda. Soha mutaxassislarining yuksak mahorati va yillar davomidagi dolzarb mehnati mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining jahon miqyosida yanada yuqori maqomga erishishini ta’minlashga qodir.

Pages