Uzbekistan Airways va Incheon – hamkorlikning ilk natijalari

13 Jan 2018

Milliy aviakompaniya direksiyasida Seulning “Inchxon” aeroporti  mutaxassislari bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi samaradorligini oshirish yuzasidan konsalting xizmatlari ko`rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo`yicha yig`ilish bo`lib o`tdi.

Ilgari xabar qilinganidek, “O`zbekiston havo yo`llari” bilan “Inchxon” xalqaro aeroporti  o`rtasida O`zaro anglashuv memorandumi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovevning Koreya Respublikasiga tashrifi cho`gida imzolangan edi.

“Inchxon” xalqaro aeroporti  mutaxassislarini “Toshkent-2” yo`lovchi terminali ishini yaxshilashga jalb etish bo`yicha tadbirlar rejasi hayotga tadbiq etilmoqda. Zarurat bo`lganda, koreyalik mutaxassislar doimiy asosda aeroportda ishlash uchun jalb etiladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada MAK xodimlari uchun aeroport xizmatlari va inshootlarining samarali ishlashini tashkil etish masalalari yuzasidan o`quv seminari tashkil etiladi.

Aeroport faoliyatini tahlil etishning birinchi bosqichida Koreyadan tashrif buyurgan  sakkiz mutaxassis ishtirok etdi. Uchrashuvda konsultantlar terminal ishini optimallshtirish bo`yicha o`zlarining birinchi tavsiya va takliflarini berdilar, shuningdek havo maskani ishini baholadilar. Konsultantlardan biri janob Park Chan-kyu shunday dedi:

– Birinchi navbatda biz aviakompaniya xodimlariga maksimal darajada samarali bo`lgan o`zaro hamkorliklari uchun minnatdorchilik bildirishni hoxlar edik. Bu mening O`zbekistonga uchinchi tashrifim, o`tgan safar men bu yerda oktabr oyida bo`lgan edim. Eng muhimi, bugun, yanvarda men Toshkentga uchib kelib yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish tezligi sezilarli oshganining guvohi bo`ldim. Ilgari havo kemasi yetib kelgach, aeroportdan chiqish o`rtacha ikki soatni tashkil etgan bo`lsa, hozir birinchi yo`lovchi havo kemasi yetib kelgach 21 daqiqa ichida, oxirgisi esa 33 daqiqa ichida aeroportdan chiqib ketmoqda. Bunday o`zgarishlar bizni quvontirdi – shunday qisqa vaqt ichida sizlar katta ishni amalga oshirdinglar. Mutaxassislarning ishga tez va omilkorlik bilan yondoshganligi ko`rinib turibdi, “yashil” va “qizil” yo`laklarning ochilishi esa yo`lovchilar tomonidan barcha zarur  tartib–taomillarni o`tashlarini anchagina tezlashtirdi.

 Koreyalik hamkasblarning “Toshkent” aeroporti hududidan, shu jumladan aeroportning shahar tarafiga birikib ketgan hududdan foydalanish samaradorligini oshirish va optimallashtirish, kutib oluvchi va kuzatuvchilar uchun servis xizmatlari ko`rsatish bo`yicha takliflari muhokama qilindi

“Inchxon” aeroporti  mutaxassislari tomonidan konsalting xizmatlari ko`rsatishning birinchi bosqichi natijalari bo`yicha uchrashuv Koreya xalqaro aeroportining o`zida ikkinchi yo`lovchi terminali ochilishi bilan bir kunga to`g`ri kelganligi ramziy ma’noga ega. Muhokama so`ngida konsultantlar guruhi rahbari Park Kyu–Syon u va uning hamkasblari Toshkent terminali dunyoning eng yaxshi aeroportlaridan biri bo`lgan “Inchxon” aeroporti singari yuqori darajada ishlashi uchun barcha sa’y –harakatlarni qilishlarini ta’kidladi.

Yangiliklar arxivi

Pages