“Uzbekistan airways” AJ

Toshkentda Boeing 787 Dreamlinerda ilk C-chek amalga oshirildi

24 Sep 2019

“Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi mutaxassislari “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining keng fyuzelyajli Boeing 787 Dreamliner samolyotida C-check shaklidagi texnik xizmatni muvaffaqiyatli yakunladilar.

Ushbu shakldagi texnik xizmat samolyotning barcha tizimlari, uskunalari va tuzilishini tekshirishning eng qiyin turlaridan biri hisoblanadi. Shu bois uni amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko‘rishga alohida e‘tibor qaratildi. Tayyorgarlik ishlariga korxona texnik-muhandislik va logistika xizmatlari jalb qilinib, bajariladigan ishlarni baholash, tahlil qilish, rejalashtirish, taqsimlash va barcha zarur ehtiyot qismlarni yetkazib berish masalalri 6 oy davomida o‘rganib chiqildi. Shuningdek, zarur yer usti uskunalari yasaldi, samolyot uchun maxsus turargoh tayyorlandi, nazorat-sinov uskunalari va maxsus asboblar sotib olindi.

Bunday puxta tayyorgarlik natijasida C-chek qisqa vaqt ichida yuqori darajada bajarildi. Barcha tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi, xizmat ko‘rsatish byulletenlari va uchishga yaroqliligi bo‘yicha ko‘rsatmalar takomillashtirildi, dvigatellar, qo‘nish uzatmalari, qanot mexanizatsiyasi, boshqaruv tizimlari, gidro-, elektr, kislorod va yong‘inga qarshi tizimlariga servis xizmat ko‘rsatildi, shuningdek, samolyot tizimlari dasturiy ta‘minoti yangilandi. Bundan tashqari, pol qoplami to‘liq yangilandi, yo‘lovchilar salonida o‘rindiqlar qoplamalari almashtirildi, samolyotning bo‘yoq qatlami qisman tiklandi.

Ta‘kidlash joizki, “Uzbekistan Airways Technics” (“UAT”) aviakorxonasi postsovet hududida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash bo‘yicha yetakchi markazlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Yevropa (EASA) va Bermud orollari (BCAA) aviatsiya hukumatining sertifikatlariga egadir. Boeing 757/767/787, Airbus 300/310/318/319/320/321 va ularning tarkibiy qismlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash (TXvaT) ishlari “UAT” aviakorxonasining zamonaviy majmuasida amalga oshiriladi. Hozirda esa, bu yerda Boeing 737 samolyotlariga TXvaT ishlarini o‘zlashtirish jarayoni yakuniga yetmoqda.