“Uzbekistan airways” AJ

Qozog‘istonning navbatdagi samolyotiga Toshkentda texnik xizmat ko‘rsatilmoqda

17 Apr 2019

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining "Uzbekistan Airways Technics" (UAT) aviakorxonasi angarida Qozog‘iston Prezidentining respublikamizga rasmiy tashrifi arafasida  poytaxtimizga kelgan “SCAT” aviakompaniyasining samolyotiga texnik xizmat ko‘rsatilmoqda.

Qozog‘iston aviatashuvchisining Boeing-757-200 samolyotida MAK ta’mirlash korxonasining mutahassislari tomonidan samolyotning barcha tizimlari va tarkibiy qismlarini to‘liq tekshirishni o‘z ichiga olagan texnik xizmatning murakkab C-chek turi  bo‘yicha ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

"SCAT" aviakompaniyasi "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasining uzoq muddatli hamkori bo‘lib, ushbu aviatashuvchining havo floti ko‘p yillar davomida Toshkent aviakorxonasining xizmatidan foydalanadi.  2018-yilda “UAT” aviakorxonada chet ellik mijozlarning 6ta samolyotiga texnik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, ulardan 4tasi Qozog‘iston aviakompaniyasiga tegishli.

Uzoq muddatli hamkorlar fikriga ko‘ra, "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasi nufuzi xorijda yuksak e’tirofga ega. Aviakorxona mintaqadagi eng yaqin va shu bilan birga eng qulay ta’mirlash maydonchasi hisoblanib, o‘zini keng miqyosli xizmatlarni taqdim etuvchi ishonchli hamkor sifatida tanilgan.

"O‘zbekiston havo yo'llari" Milliy aviakompaniyasining "Uzbekistan Airways Technics" aviakorxonasi samolyotlar, dvigatellar va komponentlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta‘mirlash borasida 90 yildan ortiq tajribaga ega.

Xizmat ko‘rsatiladigan samolyotda parvozlar xavfsizligi va bajariladigan ishlar sifatini ta’minlash aviakorxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib, Boeing 757/767/787,  Airbus 300/310/318/319/320/321 havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va  ta‘mirlash huquqi Yevropa, xalqaro va milliy tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlar bilan tasdiqlangan. 

Ayni paytda erishilgan natijalarda to‘xtalmasdan, Boeing-737-300/400/500/600/700/800/900 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilgan   keng ko‘lamli ishlarning yakuniy bosqichi tugab bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aviakorxonaga o‘z xizmatlarini yanada samarali taqdim etish va tashqi bozorda talabni oshirish imkonini beradi.