O‘zbekiston sayyohlik salohiyati Turkiyada namoyish etildi

31 Jan 2018

Turkiyaning Istanbul shahrida “EMITT-2018” yigirma ikkinchi xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz dunyoning ko‘plab davlatlarida o‘tkazilayotgan xalqaro sayyohlik yarmarkalarida faol ishtirok etmoqda.

Istanbul xalqaro sayyohlik yarmarkasi dunyo miqyosidagi yirik xalqaro tadbirlardan hisoblanadi. 2018 yilgi yarmarkada saksondan ziyod mamlakatdan 1000 dan ortiq sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va olimlar ishtirok etdi.

“Tuyap Istanbul Fair ” – ko‘rgazma zalida tashkil etilgan “EMITT – 2018” xalqaro sayyohlik yarmarkasida mamlakatimizning O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi, “Zilol Baxt” mehmonxonasi hamda “Dolores Travel”, Orient mice”, “Anur tour”, “Miramax”, “UzinTour”, “Asia Tour”, “Avrud Travel”, “Turon Travel” kabi sayyohlik kompaniya va firmalari ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” stendida milliy aviatashuvchi faoliyati haqidagi axborot materiallari, MAK aviaparki, aviakompaniya qatnovlari jadvali va O‘zbekistonga tur-paketlarning ko‘rgazma vaqtida sotilishi mumkinligi unga tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb qildi va 4 kun davomida, nafaqat turizm sohasi vakillari, balki bevosita ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarda ham qiziqish uyg‘otdi.

Xalqaro sayyohlik yarmarkasi ishtirokchilari tarixiy obidalarimiz va milliy qadriyatlarimiz aks etgan “O‘zbekiston” stendi tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi stend” deb topildi. Mamlakatimizning ko‘hna va navqiron shaharlariga sayohatlarni uyushtirayotgan o‘zbek sayyohlik kompaniya va firmalari taqdim etgan tur-paketlar yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va ko‘plab shartnomalar imzolandi.

Yangiliklar arxivi

Pages