“Uzbekistan airways” AJ

O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi SITIF 2019 da o‘z xizmatlarini taqdim etdi

11 Jun 2019

6-9 iyun kunlari Seulda Seoul International Tourism Industry Fair (SITIF) 34-Xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, "Meridian travel", "Zuxro travel" va “Orient Mice” turistik kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston milly stendida mamlakatning sayyohlik salohiyatini va aviatashuvi sohasidagi o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Mamlakatimizning yagona stendini tashkil etishda MAK hamda yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar va kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ham faol ishtirok etdi.

Yarmarka doirasida mahalliy va xorijiy ishtirokchilar uchun O‘zbekistonning turistik va investitsion salohiyatining rang-barang taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, O’zbekiston delegatsiyasining Seulga tashrifi davomida Koreya Respublikasida yashovchi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shuni ta‘kidlash joizki, SITIF - Osiyo mintaqasidagi eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri bo‘lib, har yili 55 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod ishtirokchi kompaniyani jamlaydi, jumladan, xalqaro aviayo‘nalishi vakillari, milliy va mintaqaviy turizm kengashlari, mintaqaviy sayyohlik ma’muriyatlari, turagentliklar, eng yirik mehmonxonalar, kurortlar va h.k.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi va respublikamizning sayyohlik tashkilotlari mazkur ko‘rgazmada ishtirok etishi aviakompaniya va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini ushbu mintaqada va umuman xalqaro sayyohlik bozorida xizmat ko‘rsatishning ajoyib imkoniyati bo‘ldi.