“Uzbekistan airways” AJ

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi "Tashkent Travel Mart 2019" ishtirokchisi

15 Apr 2019

15-aprel kuni poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida turli mamlakatlarning sayyohlik tashkilotlari o‘rtasida yangi aloqalar o‘rnatish va biznes shartnomalarini imzolash imkonini yaratuvchi, B2B formatidagi zamonaviy platforma - "Tashkent Travel Mart 2019" sayyohlik ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmaning hamkor va ishtirokchilaridan biri bo‘lgan, dunyoning 40 dan ortiq shaharlariga parvoz qiluvchi O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi mazkur tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasining jadal rivojlanib borayotgan aviakorxonasi sifatida o‘z xizmatlarini taqdim etdi.

Ushbu tadbir doirasida "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Toshkent-Tbilisi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ikkita bepul aviabilet o‘yinini tashkil etdi. Bu o‘z navbatida nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy sayyohlik kompaniyalari vakillari o‘rtasida ushbu yo‘nalishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar  ochilishidan oldingi o‘ziga xos reklama aksiyasi bo‘ldi.

Tadbir birinchi marotaba o‘tkazilayotganiga qaramasdan, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tashkilot vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.  Ko‘rgazmada Ozarbayjon, Gretsiya, Gruziya, Shveytsariya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning sayyohlik tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.

B2B formatidagi ko‘rgazma mahalliy va xorijiy sayyohlik tashkilotlari, moliyaviy institutlar, onlayn xizmatlar, aviakompaniyalar va turoperatorlar uchun o‘z xizmatlarini namoyish etish, yangi sheriklarni topish va ular bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.