“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” beshinchi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini qabul qildi

02 Jul 2019

Bugun, 2019-yil 2-iyul kuni soat 18:35da I.Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasining beshinchi Boeing 787-8 Dreamlineri qo‘ndi.

Poytaxt aeroportida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK rahbariyati va xodimlari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yangi avialaynerni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Sietldan Toshkentgacha 12 soatga yaqin davom etgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz muvaffaqiyatli bajarildi. Yangi samolyotni Milliy aviakompaniya ekipaji: MAK Uchuvchilar majmuasining uchuvchi-inspektori Iosif Zak va Boeing 787 havo kemasi komandiri Malik Axmedov boshqardi. Toshkentga kelishdan avval samolyot "Boeing" kompaniyasining Everett shahridagi aerodromida parvoz va yer usti sinovlaridan o‘tdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK Bosh direktorining o‘rinbosari Gennadiy Xarlap, «Uzbekistan airways technics» aviakorxonasi direktorining o‘rinbosarlari Andrey Margachyov va Valeriy Kosov MAKning beshinchi Dreamlinerini ishlab chiqaruvchi zavodidan qabul qilib olishdi. Sinov parvozlari davomida avialaynerning barcha mexanizmlari tekshirildi va zaruriy tadbirlar amalga oshirildi.

UK-78705 registratsiya raqami berilgan ushbu yangi samolyotda ham yonilg‘i  sarflash samaradorligi oshirilgan va shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi GE Aviation kompaniyasining GEnx-1B turboparrakli reaktiv dvigatellari o‘rnatilgan. Mazkur yangi layner parvoz paytida keng miqyosda internetga ulanish uchun sun’iy yo‘ldosh stantsiyasiga ega bo‘lgan aviakompaniyaning to'rtinchi samolyotidir. U oldingi to‘rtta avialaynerlar kabi, MAK aviaparkini raqobatbardoshlik va xavfsizlikni ta‘minlash uchun zamonaviy samolyotlar bilan jihozlash va kengaytirish investitsion loyihasi doirasida sotib olingan.

Avialayner 246ta (biznesda – 24ta va ekonom klassda – 222ta) yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Unda yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolatsiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensor monitorlar, Internetga ulanish uchun Wi-Fi tarmog‘i  “O‘zbekiston havo yo‘llari” yo‘lovchilariga parvoz davomida maksimal qulaylik va yaxshi kayfiyatni ta’minlaydi. Panasonic Avionics Corporation kompaniyasi  Milliy aviakompaniyaning A320neo va oldingi Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlaridagi kabi  bortdagi aloqa provayderi va parvozlar ko‘ngilochar tizimi(Inflight Entertainmentand Connectivity)ning yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Mazkur yangi avialaynerda Frankfurt va Pekinga parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.                

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Boeing 787-8 Dreamlineriga birinchi bo‘lib buyurtma bergan aviatashuvchidir. MAK Dreamlinerlarning tijoriy ekspluatatsiyasini  2016-yil sentyabrda boshlagan. Bugungi kunda mazkur havo kemalarida Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha bo‘lgan masofalarda parvozlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning rivojlanish rejalariga muvofiq, milliy aviatashuvchi 2020-yilda oltita ushbu turdagi samolyotga ega bo‘ladi va MDH mamlakatlarida bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

Yangiliklar arxivi

Pages