O‘zbekiston «Dreamliner» larida to‘g‘ridan to‘g‘ri Nyu-Yorkka!

28 Jul 2017

 

O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi tarixida bugun 28 iyul kuni muhim voqea bo‘ldi. Boeing 787 Dreamliner samolyoti Toshkentdan Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni muvaffaqiyatli bajarib, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib іo‘ndi. Ekipaj a’zolari va 243 nafar yo‘lovchilarni karnay-surnay sadolari ostida MAK rahabariyati hamda OAV vakillari tantanali qarshi oldilar.

 

 

     

Ulug‘bek ISHMAHAMEDOV, Boeing 787 Dreamliner samolyoti ikkinchi uchuvchisi:

– Bugun biz uchuvchilar tarkibi uchun unutilmas va juda quvonarli kun bo‘ldi desam, adashmayman. Boisi, Nyu-York-Toshkent yo‘nalishidagi parvozni muvaffaqiyatli amalga orshirdik. Shuni alohida e’tirof etish joizki, mazkur havo layneri maxsus kompozitsion materiallardan tayyorlanganligi va qulayligini hisobga olganda bemalol 16 soatgacha bo‘lgan parvozlarni bajarish mumkin bo‘ladi va bu yo‘lovchilar uchun ham hech qanday noqulayliklar tug‘dirmaydi. Bugungi parvoz vaqti esa 11 soatni tashkil etdi. Butun parvoz davomida ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar o‘zlarini juda yaxshi his etdilar. Havoning ochiqligi va samolyotning har tomonlama qulayligi bizga juda qo‘l keldi. Parvoz davomida albatta hayajon bo‘ldi, lekin MAK rahbariyati tomonidan zimmamizga yuklatilgan vazifaning naqadar mas’uliyatli ekanligini unutmagan holda “orzu layneri”ni mohirlik bilan boshqardik. O‘ylaymanki, bizga bildirilgan ishonchni bugun munosib oqladik, zero bizing asosiy maqsadimiz ham shundan iborat edi.
 

Odil OSTONAQULOV, yo‘lovchi:

– Aviakompaniya xizmatlaridan avval ham ko‘p marotaba foydalanganman, va bugun Boeing 787 Dreamliner samolyotida Nyu-Yorkdan poytaxtimizga yo‘l olgan qatnovda qatnashganimdan behad mamnunman. Parvoz davomida uchuvchilar tarkibi va bortkuzatuvchilar xizmatining professional darajasiga yuqori baho berdik. Parvoz uzoq davom etishiga qaramay, havo layneri sahnida yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulaylik tufayli biz o‘zimizni xuddi uydagidek his qildik. Haqiqiy ma’noda “orzu layneri” deya e’tirof etiluvchi Dreamliner o‘rindiqlari judayam qulay, salon yorug‘ va keng, zamonaviy multimedia hamda texnika vositalari bilan jihozlanganligi bizga juda manzur bo‘ldi. Ayniqsa, har bir o‘rindiq oldida joylashgan ekran hamda katta monitorlar orqali istalgan film ko‘rish, maxsus quloqchinlar yordamida esa musiqa tinglash imkoniga ega bo‘ldik. Quvonarli jihati shuki, parvoz vaqtida samolyot bir maromda tekis uchdi va silkinmadi, shovqini ham eshitilmadi. Aviakompaniyaning doimiy mijozlaridan biri sifatida shuni aytishim mumkinki, bugungi yoqimli parvoz uchun barcha yo‘lovchilar nomidan ekipaj a’zolariga minnatdorchilik izhor etgan holda mazkur “orzu layneri”ning qulayliklaridan hali ko‘p marotaba bahramand bo‘lishga umid qilib qolaman.

Yangiliklar arxivi

Pages