“Uzbekistan airways” AJ

Avgust oyining uchinchi yakshanbasi - O‘zbekiston Respublikasi Havo Floti kuni

16 Aug 2019

O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi: yangi tarix ko‘zgusida 

"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi 1992-yil 28-yanvarda tashkil etilgan. Shu yillar mobaynida aviakompaniya sharafli yo‘lni bosib o‘tdi va bugungi kunda xalqaro aviabozorda o‘z o‘rniga egadir. Mamlakatimiz o‘sha vaqtning o‘zidayoq o‘zbek fuqaro aviatsiyasi oldiga aniq vazifalarni belgilab qo‘ydi va mana 27 yildan ziyod vaqt mobaynida sohani modernizatsiyalash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan ushbu vazifalar aviatorlarimiz tomonidan amalga oshirilib kelmoqda.

Milliy aviatashuvchi faoliyati davomida fuqaro aviatsiyasiningqo‘llanish ko‘lami kengaytirildi hamda dunyoning barcha qit’alariga parvozlar amalga oshirilishi boshlandi. Bugun aviakompaniya laynerlari Yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga 60dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz qilmoqda hamda Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda. O‘tgan yilning oxirgi uch oyida uchta yangi yo‘nalish - Mumbay, Vladivostok va Jidda shaharlariga, joriy yilda esa, Jakarta va Tbilisiga muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Myunxenga parvozlarni amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Xalqaro parvozlar soni sezilarli darajada oshdi. Masalan, talab katta bo‘lgan yo‘nalishlardan biri Toshkent-Moskva qatnovi soni haftasiga 27 tagacha oshirildi, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Namangan va Farg‘onadan qatnovlarni hisobga olgan holda Rossiya poytaxtiga umumiy parvozlar soni 49 taga yetdi. Toshkentdan Seul, Nyu-York, Istanbul, Dubay, Dehli, Bangkok, Nur-Sulton, Almati, Dushanbe, Bishkek, Minsk, Sankt-Peterburg, Rostov-Don va Novosibirskka ham parvozlar soni ortdi. Eng ommabop yo‘nalishlardan biri - Istambulga - haftada poytaxtdan o‘n to‘rt va Samarqanddan uchta reys amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulaylik yaratish va yuk jo‘natuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aviakompaniya “Milliy logistika portalini joriy etish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etdi. "Logistika.uz" portali barcha transport kompaniyalari va tadbirkorlarga yuklar mavjudligi va ularni tashish imkoniyati haqida yagona ma’lumotlar bazasini taqdim etadi. Ushbu portal yordamida yuk egalari bo‘sh yoki muqobil transportni oson topish va tanlashi hamda tez buziladigan mahsulotlarni (oziq-ovqat yoki meva va sabzavotlar) tashish bilan bog‘liq masalalarni tezkor xal etishlari mumkin. 

Shu bilan birga MAK dunyoning 40ta aviatashuvchisi bilan yo‘lovchi elektron interlayn kelishuvlarini imzolagan. Ushbu kelishuvlar tufayli Milliy aviatashuvchining aviayo‘nalishlar tarmog‘i sezilarli darajada kengaydi, yo‘lovchilarga hamkorlarning tutashuv qatnovlarini hisobga olgan holda sayohat uchun yo‘nalishlarni tanlash borasida keng imkoniyatlar ochildi. 

Aviakompaniya bir qator innovatsion yechimlarni joriy etdi. Samolyot sahnida yo‘lovchilar uchun eng qulay joyni deraza yonidagi, sahnning oldi qismi yoki o‘tish joyiga yaqin o‘rindiqni oldindan bron qilish imkoniyatini beradigan yangi "joy tanlash" interfaol xizmati taklif etilmoqda. «Uzbekistan Airways» aviabiletlarini bron qilish va sotib olish uchun rasmiy mobil ilova ham joriy etdi. Shuningdek, aviakompaniyaning Tashuvlarni sotish boshqarmasi call-center faoliyatini avtomatlashtirish va optimallashtirish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishga tushirildi. Bundan tashqari, ilgari xizmatlar uchun onlayn to‘lovlar faqat "Viza" va "UzCard" bank kartalari yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, endi ular qatoriga “MasterCard” qo‘shildi, bu esa sotuv tizimini nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun ham qulayroq qildi. Joriy yilning fevral oyida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar evaziga to‘plangan ballar hisobiga aviakompaniya qatnovlarida bepul uchish imkonini beruvchi "NAK-NBU" yangi kobrend bank kartasi muomalaga kiritildi. 

2018-yilda aviakompaniya 21 mingdan ortiq qatnovni amalga oshirib,yo‘lovchi tashuvida uch millionlik marrani bosib o‘tdi. Uch millioninchi yo‘lovchi 2018-yil 17-dekabr kuni ro‘yxatdan o‘tdi. Xalqaro tajribani o‘rganmasdan va qabul qilmasdan, global havo transport tizimiga qo‘shilmasdan turib, dunyo bo‘ylab parvozlarni amalga oshirish mumkin emas. "Uzbekistan Airways"ning 2008-yilda IOSA operatorlarining rasmiy reyestriga kiritilishi ushbu yo‘nalishda mantiqiy qadam bo‘ldi. Shu bilan birga, aviakompaniya IATA, ICAOning alohida dasturlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Aviakompaniyaning mukofotlar ro‘yxati kengayib bormoqda. Milliy aviatashuvchi bir necha bor "Domodedovo", "Sochi", "Krasnodar", “Qozon”, “Kolsovo” xalqaro aeroportlari tomonidan eng punktual aviakompaniya hamda “Vnukovo” va “Pulkovo” aeroportlari tomonidan MDH davlatlari orasida “Eng jadal rivojlanayotgan xorijiy aviatashuvchi” deb e’tirof etildi. Aviakompaniya

Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “NETWORK 2018” forumida aviamarketing sohasidagi yutuqlari uchun Yevroosiyo mukofoti, shuningdek, O‘zbekiston aviakompaniyasi 2018-yilda Krasnoyarsk shahri aeroportining xalqaro yo‘lovchilar tashuvini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Yemelyanovo aeroporti”ning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalari sahnida servis va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish maqsadida o‘tkaziladigan "Sky Service" Xalqaro Forumida bir necha bor ishtirok etgan "Uzbekistan Airways" qator nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 2018-yilda aviakompaniyaning bortkuzatuvchilar jamoasi nufuzli tanlovda"Yil jamoasi" kubogiga sazovor bo‘lib, bortbuzatuvchi qizlarimizdan biri esa, "Yilning eng yaxshi bortkuzatuvchisi" deb tan olindi. Joriy yilda "Uzbekistan Airways" bortkuzatuvchilari jamoasi "Savdo - xizmat ko‘rsatish san’ati" nominatsiyasida birinchi o‘rinni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, aviakompaniyaning bortkuzatuvchisi esa, ilk marotaba o‘tkazilgan SkyLady 2019 tanlovida ikkinchi vitse-miss, deb e’tirof etildi.

Uchuvchilar, bortkuzatuvchilar, parvozlarning yerusti ta’minotimutaxassislarini o‘qitish va ularning malakasini doimiy ravishda oshirish - aviakompaniya faoliyatida parvozlar xavfsizligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlaridan hisblanadi. Bugungi kunda Boeing 757/767, A320 samolyotlarining zamonaviy aviatsiya trenajyorlariga ega bo‘lgan O‘quv-mashq markazida (O‘MM) aviakompaniya uchuv tarkibi real voqelikka maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoitlarda o‘qitilmoqda. Yil davomida “Airbus A320” va “Boeing 767” trenajyorlarining ishlash ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyo aviakompaniyalari bilan hamkorlikning kuchayishi natijasida o‘rtacha 30 foizga oshdi. Shuningdek, o‘tgan yilning sentyabr oyida Gollandiyada ishlab chiqarilgan samolyot sahnidagi yong‘inni o‘chirish ko‘nikmalarini va tutun holatidagi xatti-harakatlarni mashq qilish uchun yangi "V9000 Commander" simulyatori ishga tushirildi. O‘quv-mashq markazining bunday uskunalar bilan jihozlanganligi aviakompaniyaning yuqori talablariga javob beradigan malakali mutaxassislarni shakllantirishiga imkon beradi. Hozirgi kunda O‘MMda uchuvchilarni boshlang‘ich tayyorlovi bo‘yicha ishlar boshlangan.

27 yil davomida milliy aviatashuvchi havo kemalari parki bosqichma bosqich yangilanib bormoqda. Parvozlar xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchilarimizga yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2004 yildan beri barcha sovet davrida ishlab chiqarilgan Il-86, Il-62, Tu-154, An-24, Yak-40 samolyotlar rejali ravishda zamonaviy Boeing 757 va 767, Airbus A320 havo kemalariga almashtirildi. 2016-yilda birinchi ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyotlari keltirildi, uchinchi "orzu layneri" esa, 2018-yilda qabul qilindi. Joriy yilda Milliy aviakompaniya floti to‘rtinchi va beshinchi Drimlaynerlar bilan to‘ldirildi. 2020-yilga kelib ushbu turdagi oltinchi samolyotning keltirilishi kutilmoqda, mazkur layner olinishi bilan O‘zbekiston aviakompaniyasi MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi. Shuningdek, joriy yilda aviapark ikkita iqtisodiy jihatdan samarador Airbus A320neo samolyoti bilan to‘ldirildi. Bugungi kunda aviakompaniyada Wifi orqali Internet tarmog‘iga ulanish uskunalari bilan jihozlangan 4 ta samolyot (ikkita Boeing 787 Dreamliner va ikkita Airbus A320neo) mavjud.

Va, albatta, MAK tarixida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni eng asosiy va muhim voqea bo‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi «Uzbekistan Airways» AJ brendi ostida o‘z faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, qayta tashkil etish orqali MAK negizida «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati (AJ) tashkil etilyapti hamda MAK tarkibiga kiruvchi Davlat unitar korxonalari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga (MChJ) aylantirilyapti.

Shubhasiz, olib borilayotgan islohotlar "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi faoliyati samaradorligi va iqtisodiy o‘sishiga, uning raqobatbardoshligi oshishiga hamda parvozlar xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanishiga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlanishning yangi bosqichi kutmoqda. Aviakompaniya jamoasi o‘z faoliyatida aviatashuvchini xalqaro aviatsiya bozorida munosib o‘rin egallash va O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining tarix zarvaraqlarini yangi yutuqlar bilan bezashga imkon beruvchi ijobiy o‘zgarishlarni kutmoqda. Soha mutaxassislarining yuksak mahorati va yillar davomidagi dolzarb mehnati mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining jahon miqyosida yanada yuqori maqomga erishishini ta’minlashga qodir.