28-yanvar -“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil topgan kun

28 Jan 2018

1992-yil respublika fuqaro aviatsiyasining rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi. 26 yil mobaynida “Uzbekistan airways” brеndi barqaror, xavfsiz va ishonchli aviatashuvchi sifatida dunyoga tanildi.

Havo kemalari aviaparki «Boeing», «Airbus» hamda  Dreamliner samolyotlari hisobiga yangilandi. 2019-2020 yillarda yana uchta «orzu layneri»ni  harid qilish va lizing asosida ikkita  Airbus A320Neo samolyotlarini olish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Hozirda O‘zbekistonning zamonaviy va  qulay avialaynerlari Yevropa va Osiyoning 40 dan ortiq shaharlariga parvoz qilmoqda hamda Alyaskadan tortib Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlarini bajarmoqda.

Respublika aeroportlarining yеr usti infratuzilmasi modеrnizatsiya qilindi. Yangi zamonaviy yo‘lovchi terminallari qurildi, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi yaxshilandi va uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilindi. Havodagi harakatni boshqarish (HHB) zamonaviy markazlari ekspluatatsiyaga topshirildi. O‘zbekiston havo kengligidan foydalanuvchilar soni va parvozlar xavfsizligini yanada oshirish imkonini beruvchi yangi aeronavigatsion tizimlar joriy etildi.

Respublikaning barcha aeroportlarida  bojxona  chegaralaridan  o‘tish joylarida yo‘lovchilar logistikasini yaxshilash imkonini bergan va bojxona rasmiyatchiligini soddalashtiruvchi  «ikki yo‘lakli» tizim ishga tushirildi. Islom Karimov nomidagi  «Toshkent»  xalqaro aeroporti o‘ta muhim va toifalangan ob’yektlar xavfsizligini ta’minlashni tashkil etilishini nazorat qilish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan xavfsizlik talablariga rioya qilgan “Eng ilg‘or o‘ta muhim ob’yekt” sifatida etirof e’tildi. Hozirda KOICA - Korea xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda soatiga 1,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi “Toshkent-4” yangi yo‘lovchi terminalini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Кadrlarni tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda. Bugungi kunda, nafaqat o‘z uchuv tarkibi, balki xorijiy aviakompaniyalar uchuvchilarining nazariy va amaliy tayyorgarligini ta’minlashga qodir professional o‘qituvchilar tarkibi hamda zamonaviy aviatsiya trenajyorlariga ega O‘quv-mashq markazida uchuvchilarni O‘zbekistonda tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Аviakompaniyada turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar olib borilmoqda, MAK xizmatlarini sotish tarmog‘ini kengaytirish va chet ellik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha xorijiy hamda mahalliy turoperatorlar bilan uzviy ish olib borilmoqda. Dushanbe shahriga  hamda Samarqanddan Istambulga yangi yo‘nalishlar ochildi, Lahorga parvozlar  tiklandi. MAK avialaynerlarida Issiqko‘l, Maldiv orollari, Sharm-el-Sheyx  hamda Bodrumga charter qatnovlari amalga oshirilmoqda. Yevropalik sayyohlarni jalb etish maqsadida Milan va Parijdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar bajarilmoqda.

Hozirda uzoq va yaqin xorij mamlakatlaridan O‘zbekistonning  turistik shaharlari – Urganch, Buxoro va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni ochish masalasi muhokama qilinmoqda. Toshkent-Barselona-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha Ispaniyaga yangi muntazam qatnovni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Mart oyining oxirida Milliy aviakompaniya Fransiyaning Il-de-Frans hududi turistlar uyushmasi vakillari uchun Parij-Samarqand to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovini bajarishni rejalashtirgan.

Milliy aviatashuvchi o‘z samolyotlarining uchishga yaroqliligini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniga ega. «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida turli modifikatsiyadagi, jumladan Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini bo‘yashdan tortib kapital ta’mirlashgacha bo‘lgan murakkab ta’mirlash ishlari bajariladi. Bu yerda, nafaqat aviakompaniyaning aviaparkidagi, balki xorijiy kompaniyalar samolyotlariga ham texnik xizmat ko‘rsatiladi.

28-yanvar - bu  aviakompaniyada bir necha o‘n yillardan buyon mehnat qilayotgan va o‘z kasbining sir-asrorlarini biladigan soha faxriylarining, yuqori malakali mutaxassislarning bayramidir. Ular tomonidan yillar davomida to‘plangan tajriba yosh aviatorlarga shunchaki o‘tmasdan, aksincha yanada yuqori darajada amalga tatbiq etilmoqda. Bugungi kunda MAK jamoasining ko‘pchiligi yosh mutaxassislardir. Havo kemalari komandir-uchuvchilari, havodagi harakatni boshqaruvchi dispetcher hamda muhandis-texnik yoshlar sohaning eng yetakchi, murakkab nuqtalarida faoliyat yuritmoqdalar.

Har bir aviator Respublika Prezidenti tomonidan aviatsiya sohasida qabul qilinayotgan qarorlar mazmun-mohiyati va rolini chuqur anglab yetmoqda. Shu bilan birga, MAK mutaxassislari bugun erishilgan yutuqlarda to‘xtab qolmasdan, yanada yuqori natijalarga erishish hamda yurt ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatlardan foydalanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xodimi degan faxriy nomni oqlagan holda  jahon miqyosida aviakompaniya nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida  birdamlikda, muvaffaqiyatli mehnat qilish, yangi loihalarni hayotga tatbiq etish va yutuqlarni oshirish MAK jamoasining ustuvor vazifalaridandir.

Yangiliklar arxivi

Pages